90 mln dollarlik zarar: Janubiy Koreyaga ishga yuborishdagi firibgarlik bo‘yicha sud 29-iyulda boshlanadi

90 million dollarlik firibgarlik ishi: Janubiy Koreyaga ishga yuborishdagi qonunbuzarliklar bo‘yicha sud 29-iyulda boshlanadi
Janubiy Koreyaga ishga joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan va taxminan 90 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 29-iyul kuni start oladi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida, sudya Dadaxonova raisligida ko‘rib chiqila boshlanadi. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov Bosh prokuratura tomonidan olib borilgani qayd etildi.
Sudlanuvchilar sifatida G‘anchar Ummat o‘g‘li Uzoqov, Timur Badriddinovich Shariksiyev, Alijon G‘aniyevich Ashurov hamda Suxrob Sanjarovich Sayfutdinov ishtirok etmoqdalar.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari (pora olish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda 301-moddasi 1-qismi (hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan chetga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan ayblov e’lon qilingan.
Hozirda ayblanuvchilarning aybi sud tomonidan isbotlanmagan. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, shaxs sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aybdor deb topilmaguncha aybsiz hisoblanadi.
2026-yil may oyida Bosh prokuratura huzuridagi departament Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etilganini e’lon qilgandi. Tashqi mehnat migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklarining ayrim sobiq mansabdor shaxslari ishtirokidagi jinoiy guruh fuqarolardan rasmiy to‘lovlardan tashqari 7–12 ming dollardan noqonuniy pul yig‘gan. Tergov davomida ushbu sxema orqali qariyb 90 million dollar yig‘ilgani, shuningdek, alohida epizodlar bo‘yicha yana 45 million dollar noqonuniy olingani aniqlangani ma’lum qilingan.

