Siyosat

AQSH dunyo bo‘ylab beshta konsulligini yopadi

AQSH Davlat departamenti Osiyo, Afrika, Shimoliy Amerika va Karib dengizi mintaqalaridagi beshta xorijiy konsullik va missiyani yopishga qaror qildi. Bu harakat Qo‘shma Shtatlar diplomatik bo‘shliq qoldirib, uni Xitoy egallashi mumkinligi haqidagi tanqidlarga sabab bo‘ldi, deb xabar beradi The Guardian.

Kongressga yuborilgan bildirishnomada aytilishicha, bu qadam xarajatlarni qisqartirish bilan izohlanmoqda. Shuningdek, bu qaror Donald Trampning 2025-yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri AQSHning bir qator mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarini qayta baholashi ortidan qabul qilindi.

Yopiladigan missiyalar Sent-Jorjes (Grenada), Nagoya (Yaponiya), Medan (Indoneziya), Duala (Kamerun) va Vinnipegdagi (Kanada) konsulliklardir.

Bu yopilishlar Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligida AQSH Davlat departamenti faoliyatini qisqartirish jarayonining davomi hisoblanadi. 2025-yilda departament 1300 dan ortiq xodimni, jumladan 246 nafar tashqi xizmat xodimini va 1107 nafar davlat xizmatchisini ishdan bo‘shatgan edi.

Amerika tashqi xizmati assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning dunyo bo‘ylab 195 ta elchilik lavozimidan yarmidan ko‘pi, jumladan, Germaniya, Kuba, Misr, Saudiya Arabistoni va Pokiston kabi muhim hududlardagi o‘rinlar hamon bo‘sh qolmoqda.

Demokratlar rejalashtirilgan so‘nggi yopilishlarni tanqid qilib, bu holat Xitoyga imkoniyat qoldirish xavfini tug‘dirayotganini da’vo qilmoqda. Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasidagi yetakchi demokrat Jan Shahin shunday dedi: “Davlat departamenti o‘z faoliyatini tugatayotgan beshta joydan uchtasida Xitoy o‘z diplomatik ishtirokiga ega. Pekin Amerika manfaatlariga putur yetkazish uchun ushbu yangi bo‘shliqdan foydalanadi”.

U qo‘shimcha qildi: “Ushbu diplomatik obyektlarning yillik operatsion xarajatlari Davlat departamenti yillik byudjetining juda kichik qismini tashkil qiladi. Xitoy bor bo‘lgan bu joylardan chekinish shunga arziydimi?”

Vinnipegdagi konsullikni yopish qarori Kanadada ham tanqidlarga uchradi. Tramp yaqinda Kanadadan keltiriladigan bir qator tovarlarga 50 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qilgan edi.

2001-yilda ochilgan Vinnipeg konsulligi asosan Manitoba provinsiyasi bilan bog‘liq savdo va investitsiya masalalarini yengillashtirishga xizmat qilgan. Vinnipeg ushbu provinsiyaning poytaxti hisoblanadi.

Xitoyning Vinnipegda diplomatik missiyasi yo‘q. Biroq mamlakat Sent-Jorjes, Nagoya va Medanda o‘z vakilligiga ega. Karib dengizidagi Grenada oroli poytaxti Sent-Jorjesdagi AQSH missiyasi to‘liq elchixona maqomiga ega, Dualadagi obyekt esa “elchixona filiali” sifatida belgilangan.

Shu bilan birga, Oq uyning Boshqaruv va byudjet idorasi 30 tagacha xorijiy missiyani yopish bo‘yicha yanada kengroq dasturni ilgari surgan. Ularni milliy xavfsizlik va tashqi siyosat mutaxassislari qo‘llab-quvvatlayotgan demokratlar esa bunday qadamlar AQSHning diplomatik ishtiroki hamda global ta’sirini xavfli darajada kamaytirishini ta’kidlamoqda.