AQSh Maduro va uning rafiqasiga yangi ayblovlar qo‘ydi
AQSh Adliya vazirligi Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasiga qiynoqlar qo‘llash va muxolifat ovozini bostirish bo‘yicha yangi ayblovlarni e’lon qildi. Prokurorlarga ko‘ra, bu zo‘ravonliklar Maduroning topshirig‘i bilan qilingan. Ular Nyu Yorkdagi izolyatorda saqlanmoqda.

AQSh Maduro va uning rafiqasiga yangi ayblovlar qo‘ydi
AQSh Adliya vazirligi Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga qarshi yangi ayblovlarni ilgari surdi. Mamlakat rasmiylari ularni qiynoqlarni qo‘llash maqsadida til biriktirganlikda ayblamoqda, deb xabar berdi.
Yangi ayblovlar Manhetten federal sudiga topshirildi. 30 sahifalik hujjatga ko‘ra, Maduro, uning rafiqasi va Venesuelaning yuqori martabali mulozimlari 1999-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda o‘z hokimiyatini saqlab qolish va muxolifat ovozini o‘chirish uchun odamlarga “jismoniy hamda ma’naviy azob-uqubatlar yetkazib kelgan”.
Amerikalik prokurorlar ma’lumotiga ko‘ra, bevosita Maduroga bo‘ysungan Venesuelaning yuqori martabali ofitserlaridan biri qiynoq usullarini ishlab chiqqan va ularni davlat rahbari shaxsan tasdiqlagan. Yana bir mulozim esa Maduroning hokimiyatda qolishiga tahdid deb ko‘rilgan tinch aholi va harbiylarga (jumladan, AQSh fuqarolariga ham) nisbatan qiynoq qo‘llash haqida shaxsan buyruq bergan.
Hujjatda, shuningdek, 2013-yilda Maduro davlat to‘ntarishini tayyorlashda gumon qilingan venesuelalik harbiy xizmatchini hibsga olishga buyruq bergani qayd etiladi. Harbiy kontrrazvedka xodimlari so‘roq paytida qo‘lga olingan shaxsga salkam 20 marta elektr toki bilan zarba bergan, shuningdek, uni qo‘l va oyoqlaridan osib qo‘ygan.
Maduro va Floresning 2027-yil iyun oyida boshlanishi rejalashtirilgan sudi oldidan ularning advokatlari “suveren daxlsizlik” vajidan kelib chiqib, ishni bekor qilishni talab qilmoqda. Biroq sudya Elvin Hellershteyn bu iltimosnomalarni hali ko‘rib chiqmagan, shuningdek, Floresning sog‘lig‘i sababli garov evaziga ozodlikka chiqish bo‘yicha iltimosini ham rad etgan.
Shu bilan birga, Venesuelaning amaldagi muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges hukumatni Maduro tarafdorlaridan tozalab, uning asosiy safdoshi Aleks Saabni AQShga ekstraditsiya qildi, pul yuvish bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan Saab Maduroga qarshi asosiy guvohga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 3-yanvarda AQSh Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni Venesueladan olib chiqib ketib, Nyu Yorkka yetkazgandi.
AQSh rasmiylari Venesuela prezidentini mamlakatga giyohvand moddalarni kontrabanda qilish va qurol saqlashda, uning rafiqasini esa giyohvand moddalar kontrabandasi hamda pora olishda ayblamoqda.
Ular bu ayblovlarni rad etib keladi.
Maduro va Flores ayni paytda Nyu Yorkdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda.
Venesuela prezidentini qo‘lga olish operatsiyasi AQSh uchun so‘nggi yillardagi eng murakkab operatsiyalardan biri bo‘lgan.
Bir necha oy davomida MRB agentlari yashirincha Maduro haqida razvedka ma’lumotlarini to‘plagan, harbiylar esa hujumni ishlab chiqish uchun uning qarorgohining aniq nusxasini yasagan.

