Siyosat

AQSH sudi O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli viza cheklovini bekor qildi

AQSH sudi O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilgan viza cheklovini bekor qildi.

AQSH federal sudi O‘zbekiston va yana 74 ta davlat fuqarolariga immigratsion viza berishni to‘xtatish haqidagi qarorni bekor qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Manxettendagi federal sudya Jannet Vargas Davlat departamenti siyosatini "ochiqdan-ochiq noqonuniy" deb baholadi. Uning 61 sahifalik qarorida davlat kotibi Marko Rubio bunday cheklovni joriy etish orqali o‘z vakolatidan chetga chiqqani qayd etilgan.

AQSH Davlat departamenti 14-yanvar kuni 75 ta davlat fuqarolari uchun immigratsion vizalar berishni vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Cheklov 21-yanvardan kuchga kirgan edi. Joriy qilingan cheklov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Eron, Pokiston, Braziliya va yana o‘nlab davlatlar fuqarolariga taalluqli edi.

Tramp ma’muriyati ushbu mamlakatlardan keladigan ayrim immigrantlar AQSHga borgach, davlat yordami va ijtimoiy dasturlarga qaram bo‘lib qolishi mumkinligini vaj qilib ko‘rsatgan.

Biroq sudga ko‘ra, har bir arizachining holati alohida baholanishi kerak. Davlat departamentining ichki ko‘rsatmasida hatto o‘zini AQSH uchun "moliyaviy yuk" bo‘lmasligini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etgan arizachilarga ham viza bermaslik talab qilingan. Sud aynan shu yondashuvni qonunga zid deb topgan.

Qaror bilan faqat ushbu cheklovga asoslanib berilgan rad javoblari bekor qilinadi. Bu minglab eski viza arizalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini anglatadi.

Iyun oyida federal sud Trampning H-1B ishchi vizalari uchun 100 ming dollarlik yig‘im joriy etish qarorini bekor qilgan edi. Sud prezident Kongress vakolatiga kiruvchi immigratsiya to‘lovlarini bir tomonlama belgilay olmasligini qayd etgan.