Berlindagi maxfiy arxivdan O‘zbekiston tarixiga oid noyob hujjatlar topildi

Berlindagi maxfiy arxivdan O‘zbekiston tarixiga oid noyob hujjatlar topildi.
Berlin shahridagi Prussiya madaniy merosi maxfiy davlat arxivida (GStA PK) Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning XIX–XX asrlarga oid noyob tarixiy hujjatlari saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston axborot agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, 1598-yilda tashkil etilgan ushbu yirik arxivda qariyb 35 ming pogon metr hajmdagi (taxminan 1,5 milliondan 2 milliongacha yig‘ma jild yoki 300-350 million varaq) tarixiy hujjatlar saqlanadi. Hujjatlarning asosiy tili nemis tili bo‘lsa-da, ular orasida usmonli turkcha, rus va fors tillaridagi arab alifbosidagi manbalar ham mavjud.
Olib borilgan izlanishlar natijasida Prussiya qirolligi Tashqi ishlar vazirligining davlat kotibi, diplomat Karl Herman fon Tilening 1865-yilda Turkistonda yuz bergan siyosiy jarayonlar va diplomatik munosabatlar bilan bog‘liq muhim yozishmalari hamda rasmiy hisobotlari topilgan.
Shuningdek, arxivda Veymar Respublikasining maxfiy maslahatchisi Georg Kleynovning 1928–1929-yillarda O‘zbekistonga qilgan sayohati davomida yozgan maxsus hisobotlari ham saqlanmoqda. Unda Turksib temiryo‘li qurilishining geosiyosiy ahamiyati, chorvador aholini o‘troqlashtirish, milliy-hududiy chegaralanish hamda yer-suv islohotlari chuqur tahlil qilingan.
Arxivdagi yana bir qimmatli manba — 1922-yilda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan toshkentlik talaba Vali Qayumxon taqdiriga oid maktublardir. Veymar Respublikasi madaniyat vaziri Karl Genrix Bekkerning shaxsiy fondida saqlanayotgan hujjatlarda, xususan, doktor Valter Bekkerning 1933-yilda yozgan maktubida natsistlar hokimiyatga kelgach Vali Qayumxonning og‘ir moliyaviy ahvolda qolgani bayon etilgan hamda unga yordam so‘ralgan.
Bu maktub Germaniya akademik doiralarining turkistonlik talabalar taqdiriga befarq bo‘lmaganini ko‘rsatuvchi muhim birlamchi manba ekani ta’kidlangan.
Avvalroq Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida 2 million yil avvalgi g‘or hamda devoriy rasmlar va bitiklar topilgandi. Yana bir vaziyatda Samarqandda VIII asrga oid hukmdorlar saroyi qoldiqlari aniqlangandi.

