Bolgariyada o‘q-dori zavodi portlab ketdi (video)

**Bolgariyadagi o‘q-dori zavodida portlash va yong‘in sodir bo‘ldi (video)**
10-avgust kuni Bolgariyadagi harbiy zavodning o‘q-dori omborida kuchli portlash yuz berib, ortidan yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda “RBK Ukraine” xabar berdi.
Hodisa Tryavna munitsipalitetining Belitsa qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Mer Dencho Minevning so‘zlariga ko‘ra, portlash va yong‘in oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Uning ta'kidlashicha, yong‘in nazoratga olingan va ob'ektning barcha xodimlari avtobuslarda evakuatsiya qilingan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, hududdan 300 ga yaqin odam olib chiqilgan.
Voqea joyida barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida tezkor shtab tashkil etilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hodisaga yuk mashinasining yonib ketishi sabab bo‘lgan, shundan so‘ng ombordagi o‘q-dorilar portlashni boshlagan.
Qutqaruvchilar atrofdagi o‘rmon hududlariga tarqalgan yong‘inga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Yong‘in sababi o‘rganilmoqda. Hudud o‘rab olingan va begona shaxslarning kirishi taqiqlangan. Armyankovtsi qishlog‘i yaqinidagi chorrahada yo‘l yopilgan va nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilgan.
Tutun va havo ifloslanishi sababli hokimiyat organlari aholini derazalarni ochmaslikka, himoya niqoblaridan foydalanishga va zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi.
Yong‘in munosabati bilan Gabrovo viloyati gubernatori ogohlantirish tizimini ishga tushirdi. Aholiga Ichki ishlar vazirligi tavsiyalariga amal qilish va hodisa joyidan uzoqroqda bo‘lish uqtirildi. Ichki ishlar vaziri Ivan Demerjiyev yaqin atrofdagi aholi punktlari evakuatsiya qilinishini aytdi.
Avvalroq Moskvada yuqori martabali general ishtirokidagi ziyofatda portlash yuz bergani haqida xabar berilgandi. Restoranda yuz bergan portlash oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, yana 21 kishi jarohat olgan. Rossiya rasmiylari hodisani terrorchilik harakati deb baholagan.

