Mahalliy

Boy mahalladagi lavandazor: chimyonlik Ilyosbek hikoyasi

Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘ining Boy mahallasida yashovchi Ilyosbek No‘monov xonadonidagi 3 sotix tomorqasida lavanda o‘simligi yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bir yilda ikki marotaba olinadigan hosildan xushbo‘y yostiqlar tikilib ichki bozorlarga sotilyapti. Oilada 100 dan ortiq zotdor tovuq hamda to‘tiqushlar ham parvarish qilinadi.

Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘idagi Boy mahallasida istiqomat qiluvchi Ilyosbek No‘monov o‘zining 3 sotixlik tomorqasida lavanda yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bir yilda ikki marta hosil beradigan bu o‘simlikdan xushbo‘y yostiqlar tayyorlanib, ichki bozorlarga sotilmoqda. Shuningdek, uning xonadonida 100 dan ortiq zotdor tovuqlar va to‘tiqushlar ham parvarish qilinadi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari uning uyiga tashrif buyurib, lavanda yetishtirish va undan mahsulot ishlab chiqarish faoliyatiga qiziqish bildirishgan.

“3 sotixlik tomorqamizda mevali daraxtlar va pomidor ekib ko‘rganimizda, kutilgan natijaga erisha olmadik. Onamni pomidorni bozordan sotib olib berishimga, uning o‘rniga xushbo‘y lavanda degan o‘simlikni ekishimizga ko‘ndirdim”, – deydi Ilyosbek.

U 2023-yilda 200 tup lavanda ko‘chatini olib kelib, 3 sotix yerga ekkan. Keyinchalik lavanda gulidan yostiqchalar va shifobaxsh damlamalar tayyorlash mumkinligini bilgan. O‘tgan yildan boshlab hosil bera boshlagan lavandadan yiliga ikki marta hosil olinmoqda.

Ilyosbekning ta’kidlashicha, bu o‘simlik qishda ham ko‘karib turadi, bu esa hovlini yil davomida yashil holda saqlaydi. “Ertalab uyg‘onib tashqariga chiqqaningizda tog‘ning havosi ufurib turadi. Asablar ham dam oladi. Hozirda lavanda gulidan yostiq va damlamalar tayyorlab sotyapmiz”, – deydi u.

Tadbirkor lavanda hosilini chetga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Yaqinda JICA tashkiloti delegatsiyasi Yaponiyadan kelib, ularning faoliyatiga qiziqish bildirgan. Ular samolyot o‘rindiqlari uchun yostiqchalar tayyorlashni taklif qilishgan. “Daromad keltiradigan gulni topib oldik. Maqsadimiz lavandazorni kengaytirish”, – deydi Ilyosbek.

Bundan tashqari, uning xonadonida to‘ti turidagi qushlar va yuzdan ortiq “Qora shahzoda” tovuqlari bor, ular doimiy ravishda tuxum beradi. “Nima demoqchiman? Shu kichikkina hovlimizdan yiliga 150-200 million so‘m daromadimiz bor bugungi kunda”, – deya so‘zini yakunladi Ilyosbek No‘monov.