Siyosat

Braziliya prezidentga haqorat sabab Argentinadagi elchisini ortga chaqirib oldi

**Braziliya Argentina elchisini chaqirib oldi: Prezidentga qilingan haqorat sabab bo‘ldi**

Braziliya Argentina prezidenti Xaver Mileyning Braziliya prezidenti Luis Inasio Lula da Silvani haqorat qilishi ortidan Argentinadagi elchisini ortga chaqirib oldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Braziliya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida shunday deyiladi: "Xorijiy mamlakat prezidentining o‘zga davlat hududida uning rahbarini, sud tizimi bilan birga barcha demokratik institutlarini hamda xalqini haqorat qilgani tarixda kuzatilmagan".

AFP agentligi manbasiga ko‘ra, Braziliya ushbu haqoratlar yuzasidan tushuntirish berishi uchun Argentinaning mamlakatdagi elchisini ham chaqirtirgan.

**Mileyning so‘zlari**

Argentina rahbari 25-iyul kuni Braziliyaning San-Paulu shahriga tashrif buyurdi va sobiq prezident Jair Bolsonaroning o‘g‘li Flavio Bolsonaro tashkillashtirgan siyosiy tadbirda qatnashdi. Kichik Bolsonaro bo‘lajak saylovda Lula da Silvaga qarshi nomzodini qo‘ymoqchi.

Miley tadbirdagi nutqida Braziliyaning amaldagi chap qanot prezidentini nomini oshkor qilmagan holda "sudlangan", "jinoyatchi" va "o‘g‘ri" deb atadi. Bundan tashqari, u Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleksandr de Moraesni ham ismini aytmasdan "kal chiqindi" deya haqorat qildi.

Braziliya Oliy federal sudi prezidenti, vazir Edson Fachin Mileyning bu gaplarini mamlakat Oliy sudi sudyasiga nisbatan Braziliya tuprog‘ida qilingan hurmatsizlik deb baholadi.

**Argentina siyosatchilarining munosabati**

Argentinaning sobiq prezidenti Alberto Fernandes X tarmog‘ida Mileyning haqoratlari aks etgan videoni joyladi. U shunday yozdi: "Miley Braziliyaga borib, aqli raso bo‘lmagan odamday baqirdi. U qamoqdagi davlat to‘ntarishi tashkilotchisi bilan uchrashishni talab qildi. Qardosh va asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakat prezidentini haqorat qilish kechirilmas holatdir".

Buenos-Ayres provinsiyasi gubernatori hamda bo‘lajak prezidentlik saylovlarining ehtimoliy nomzodi Aksel Kisillof ham tarmoqda o‘z munosabatini bildirdi. U 26-iyul kuni Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra bilan bog‘langanini va Miley Argentina xalqining qarashlarini aks ettirmasligini yetkazganini aytdi.

Kisillof taʼkidladi: "Prezident Mileyning Braziliya hukumati, uning prezidenti va butun xalqini haqorat qilganini chuqur uyat hissi bilan kuzatdim. Buenos-Ayres provinsiyasi nomidan shuni aytamanki, Argentina qardosh xalqlarni hurmat qiladi va mintaqaviy integratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi".

Avvalroq Lula da Silvaga erta bosqichdagi teri saratoni tashxisi qo‘yilgani, siyosatchi profilaktik nurlanish muolajalarini boshlagani haqida xabar berilgandi.