Buyuk Britaniyaning robototexnika markazlari yangi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantiradi
Hukumatning maʼlum qilishicha, ushbu markazlar butun mamlakat boʻylab biznes va davlat xizmatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Buyuk Britaniya boʻylab sakkizta yangi Robototexnikani joriy etish markazi (Robotics Adoption Hubs) ishga tushiriladi, deb maʼlum qildi hukumat.
Markazlar eng soʻnggi texnologiyalarni joriy etish va avtomatlashtirishga oʻtishni istovchi korxonalar hamda davlat xizmatlariga maslahat va yordam koʻrsatish uchun 40 million funt sterling mablagʻ oladi.
Nyukasldagi markazlardan biri sogʻliqni saqlash muassasalariga robotlashtirilgan jarrohlikni oʻzlashtirishda yordam bersa, Linkolndagi boshqa bir markaz qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatini meva teruvchi avtomatlashtirilgan mashinalar kabi innovatsiyalar bilan qoʻllab-quvvatlaydi.
Sunʼiy intellekt va robototexnika vaziri Kanishka Narayanning taʼkidlashicha, robototexnikadan "iqtisodiyotimizning har bir tarmogʻida" foydalanish "Buyuk Britaniyani qayta industriallashtirish surʼatlarini tezlashtirishi" mumkin.
Linkoln agrooziq-ovqat texnologiyalari institutiga yangi 6,3 million funt sterlinglik HARVEST markazini taqdim etish uchun tashrifi chogʻida Narayan, agar "texnologiyalar kelajagini qoʻllab-quvvatlashda davom etsak", Britaniya innovatsiyalari "xalqaro miqyosda raqobatga bardosh bera olishiga ishonchi komil" ekanini aytdi.
Unga qulupnayzorlar oralab harakatlanayotgan avtomatlashtirilgan robotlar, haydalgan dala boʻylab ketayotgan boshqa bir robot va begona oʻtlar hujayralarini kuydirish va yoʻq qilish uchun tuproqqa kuchli yoʻnaltirilgan yorugʻlik impulslarini yuborayotgan uchinchi robot namoyish etildi.
"Fermerlar kerak paytda meva terish uchun ishchi topishga juda qiynalmoqdalar va baʼzi hollarda bu xarajatlarning sezilarli oʻzgarishini anglatadi, shuning uchun qishloq xoʻjaligining bu jihati oʻzgargani aniq va masala fermerlarimizni faoliyatini davom ettirishlari uchun qanday qoʻllab-quvvatlashimizdadir", dedi u.
"Men hatto kombaynlar va sutchilik xoʻjaligidagi robototexnika misolida ham ushbu texnologiya Britaniya qishloq xoʻjaligida qanchalik katta oʻzgarish yaratganiga bevosita guvoh boʻldim va bugungi eʼlon bunga katta hissa qoʻshishiga umid qilaman".
Linkoln universiteti tarkibiga kiruvchi Linkoln agrooziq-ovqat texnologiyalari instituti professori Saymon Pirson (MBE) ushbu markaz qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmoqlariga yangi texnologiyalarni olib kirishini aytdi.
"Xoh fermalarda, xoh oziq-ovqat fabrikalarida boʻlsin, mahsuldorlikni oshirish uchun sanoatga robotlar kerak, shuning uchun markaz oziq-ovqat va robot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni birlashtiradi", dedi u.
"Qishloq xoʻjaligi hayratlanarli darajada tez oʻzgarmoqda va rentabellik, ishchi kuchidan foydalanish imkoniyati hamda iqlim muammolari bilan bogʻliq vaziyat juda murakkab. Bu texnologiyalar ushbu muammolarni butunlay hal qilmasa-da, lekin yordam beradi.
Markazimizda jahon darajasidagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi kompaniyalari, jumladan Dyson Farming bor. Jahon darajasida boʻlish uchun xalqaro miqyosda raqobatbardosh boʻlish kerak va agar biz buni Linkolnshirda qilmasak, boshqa davlatlar qiladi".
Sakkizta markaz bilan bir qatorda, dastur doirasida robototexnika boʻyicha amaliy taʼlim va shogirdlik tizimini rijvojlantirishga qaratilgan 12 ta loyihani, jumladan Xalldagi Port va logistika robototexnikasini joriy etish dasturini qoʻllab-quvvatlash uchun 2,5 million funt sterling ajratiladi.

