Mahalliy

Chinozda ko‘p qavatli uyning tom qismi yonib ketdi

Chinozda ko‘p qavatli uyning tomida yong‘in chiqdi

Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining tom qismida yong‘in sodir bo‘lgani haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 22-avgust kuni ertalab soat 08:17 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Chinoz tumani “Bunyodkor” MFY, Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning tomida yong‘in boshlangani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Ushbu xabar asosida yong‘in-qutqaruv guruhlari tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni o‘chirish ishlariga kirishgan.

Aytilgan manzildagi ko‘p qavatli uyda yashovchi barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan. Yong‘in soat 09:10 da to‘liq qurshab olingan va 25 daqiqadan so‘ng, ya’ni soat 09:35 da butunlay o‘chirilgan.

“Hodisa natijasida hech kim tan jarohati olmagani haqida ma’lumot yo‘q. Hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostida. Yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanidagi qurilish bozorida yong‘in sodir bo‘lgani, shuningdek, Zangiota tumanidagi “Izza” bozori yaqinida do‘konlar yonib ketgani haqida xabarlar berilgan edi.