Iqtisodiyot

DABA “O‘zekspomarkaz” va Xalqaro hamkorlik markazi nima uchun alohida shartlar asosida xususiylashtirilishiga izoh berdi

'O‘zekspomarkaz' hamda Xalqaro hamkorlik markazidagi davlat ulushlari Toshkentning 'yashil hududida'ligi uchun alohida shartlar asosida xususiylashtiriladi, deya ma’lum qildi DABA direktori Sohibjon Murodov. Investorlar uchun shahar bosh rejasi talablarini bajarish qat’iy majburiyat sifatida belgilanadi.

DABA “O‘zekspomarkaz” va Xalqaro hamkorlik markazi nega alohida shartlar asosida xususiylashtirilishini tushuntirdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” hamda Xalqaro hamkorlik markazidagi davlat ulushlari nima sababdan Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan holda xususiylashtirilayotganiga izoh berdi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Prezidentning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish haqidagi farmoni bilan bir qator yirik kompaniyalardagi davlat aksiyalari va ulushlari sotilmoqda. Jumladan, “O‘zekspomarkaz”dagi 91,83 foiz hamda Xalqaro hamkorlik markazi (“Bodomzor” metro bekati yaqinidagi Xalqaro biznes markazi)dagi 79,27 foiz davlat ulushi savdoga chiqariladi.

Idora rahbari 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu obyektlar uchun alohida konsepsiya va sotuv shartlari belgilanishining asosiy sababi sifatida ularning shaharning yashil hududida joylashganini ko‘rsatdi.

“Boshqa aktivlardan farqi — lokatsiyasida. Ko‘pchilik biladi, ular Toshkent shahrining yashil hududida joylashgan. Parallel ravishda, biz „Yashil hudud“ davlat dasturini amalga oshirishimizda ham ushbu loyihalar inobatga olingan. Fevral oyida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, ushbu korxonalardagi ulushlarimiz sotilayotganda ana shu shartlar qat’iy belgilanadi va bosh reja bilan mustahkamlab qo‘yiladi”, — dedi DABA rahbari.

Sohibjon Murodovning qo‘shimcha qilishicha, hududda “Yashil hudud” davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etayotgani sababli investorlar uchun ushbu talab majburiy shart sifatida kiritiladi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi farmon bilan, shuningdek, “Turonbank”ning 98,9% aksiyasini ochiq savdolarga chiqarish rejalashtirilgan.

Bankning xususiylashtirishga tayyorlik darajasini hisobga olgan holda va xalqaro konsultantlarning xulosalari asosida bankni xususiylashtirishga tayyorlash Iqtisodiyot va moliya vazirligiga topshirildi.

Ular orasida KO-UNG CYLINDER`ning 54,76%, Kor-UNG Investment`ning 50%, V-GEN BIOPHARMA`ning 50%, Inno Texnopark`ning 100%, Ustudy`ning 50%, “O‘ZBEK-TURK TEST MARKAZI”ning 51% ulushi ham bor.