Iqtisodiyot

Dunyoda eng ko‘p neft iste’mol qiladigan davlatlar ma’lum bo‘ldi

AQSh 2025 yilda kuniga 20 million barreldan ortiq neft iste’mol qilib, dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Xitoy va Hindiston qayd etilgan. Eng yirik o‘nta iste’molchi davlat hissasiga jahondagi neft iste’molining qariyb 61 foizi to‘g‘ri keladi.

**Dunyoda eng ko‘p neft iste’mol qiluvchi davlatlar ro‘yxati e’lon qilindi**

Neft jahon iqtisodiyotining muhim strategik resursi bo‘lib qolmoqda. Dunyo bo‘ylab neftga bo‘lgan talabning katta qismi bir nechta davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jagran Josh tomonidan AQSh Energetika axboroti boshqarmasi (EIA) statistikasi asosida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda AQSh dunyoda eng ko‘p neft iste’mol qilgan davlat bo‘lgan. Mamlakatda kunlik neft iste’moli 20,01 million barrelni tashkil etgan, bu yillik hisobda qariyb 7,3 milliard barrelga teng.

Ikkinchi o‘rinni Xitoy egallagan bo‘lib, u kuniga 15,15 million barrel yoki yiliga taxminan 5,53 milliard barrel neft iste’mol qilgan. Reytingda uchinchi o‘rinda Hindiston qayd etilgan, uning kunlik neft iste’moli 5,05 million barrelni tashkil qilgan.

**Eng ko‘p neft iste’mol qiluvchi davlatlar (kunlik iste’mol, million barrel):**

* AQSh – 20,01

* Xitoy – 15,15

* Hindiston – 5,05

* Rossiya – 3,68

* Saudiya Arabistoni – 3,65

* Yaponiya – 3,38

* Braziliya – 3,03

* Janubiy Koreya – 2,55

* Kanada – 2,41

* Germaniya – 2,18

Ushbu o‘nta mamlakat birgalikda kuniga qariyb 61 million barrel neft iste’mol qiladi, bu jahondagi umumiy neft iste’molining taxminan 61 foizini tashkil etadi.

**Xitoyda neft iste’moli keskin oshgan**

Dunyoda xom neftning eng yirik importchisi bo‘lgan Xitoyda so‘nggi o‘n yilliklarda neft iste’moli bir necha barobar ko‘paygan. 1990-yilda mamlakat kuniga qariyb 2,3 million barrel neft iste’mol qilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich taxminan 16,2 million barrelga yetgan. Bunday o‘sish Xitoy iqtisodiyotining jadal rivojlanishi, sanoat ishlab chiqarishining kengayishi, transport sohasidagi talab va mamlakatning umumiy energetika ehtiyojlari ortishi bilan bog‘liq.

**Hindiston neft importiga yuqori darajada bog‘liq**

Uchinchi o‘rindagi Hindistonda ham neftga talab so‘nggi o‘n yilliklarda sezilarli darajada oshgan. 1990-yilda mamlakat kuniga atigi 1,2 million barrel neft iste’mol qilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 5,05 million barrelga yetgan. Hindiston iqtisodiyotining tez sur’atlarda o‘sishi energiya resurslariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu bilan birga, mamlakat neft importiga yuqori darajada qaram bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xom neftning 85 foizdan ortig‘i xorijdan import qilinadi. Bu esa mamlakatni geosiyosiy inqirozlar va jahon bozorida neft narxlarining keskin o‘zgarishiga nisbatan sezgir qiladi.

**Osiyo davlatlarining ulushi ortib bormoqda**

AQSh hozircha neft iste’moli bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, Osiyo mamlakatlarida energiyaga bo‘lgan talab tez sur’atlarda o‘smoqda. Ayniqsa, Xitoy va Hindistonning iqtisodiy o‘sishi kelgusida jahon neft bozoridagi talab tarkibiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. G‘arb mamlakatlarida esa qayta tiklanuvchi va nisbatan ekologik toza energiya manbalariga o‘tish jarayoni davom etmoqda. Shu sababli kelajakda jahon neft bozoridagi vaziyat yirik iste’molchilarning iqtisodiy o‘sishni energetik transformatsiya bilan qay darajada uyg‘unlashtira olishiga ham bog‘liq bo‘ladi. AQSh, Xitoy va Hindistonning energetika sohasida qabul qiladigan qarorlari jahon neft narxlari, xalqaro savdo va global iqlim maqsadlariga ham ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.