Etihad Airways Abu Dabidan Toshkentga parvozlarni boshladi

Etihad Airways aviakompaniyasi Abu Dabidan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Uzbekistan Airports matbuot xizmatining xabar berishicha, aviakompaniyaning ilk reysi 10-avgust kuni Toshkent aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Parvozlar har kuni Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Dastlabki reys Toshkent aeroportiga soat 01:35 da qo‘ndi va aviatsiya an’analariga ko‘ra, suv arkasi bilan kutib olindi.
Uzbekistan Airports vakilining ta’kidlashicha, Abu Dabi bilan yo‘lga qo‘yilgan har kunlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va turizm aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u yo‘lovchilarga mintaqaning eng yirik aviatsiya xablaridan biri orqali dunyoning ko‘plab yo‘nalishlariga qulay tranzit imkoniyatlarini taqdim etadi.
Etihad Airways aviakompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkinligi haqida ilk bor 2022-yilda ma’lum qilingan edi. 2025-yil iyul oyida aviakompaniya Abu Dabidan Toshkentga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani xabar berilgan. O‘sha yilning oktyabr oyida O‘zaviatsiya agentligi Etihad Airways aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergan.
2003-yilda tashkil etilgan Etihad Airways Birlashgan Arab Amirliklarining milliy aviakompaniyasi bo‘lib, Abu Dabi xalqaro aeroportida joylashgan. Keng yo‘nalishlar tarmog‘iga ega bo‘lgan ushbu aviakompaniya dunyoning yetakchi aviatashuvchilaridan biri sifatida tan olingan. Etihad Airways parvozlar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan servis darajasi bo‘yicha xalqaro reytinglarda muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egallab keladi. Shuningdek, u dunyoning eng yaxshi aviatashuvchilari qatoridan joy olgan va mustaqil Britaniya Skytrax agentligining 4 yulduzli sifat sertifikatiga ega.

