Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini qayta xususiylashtirish hozircha rejalashtirilmayapti — Davaktiv
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini qayta xususiylashtirish hozircha rejalashtirilmagan. Investor to‘lovlarni kechiktirgani sababli davlat ulushini sotish shartnomasi bekor qilingan. Zavodni moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilib, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish 40%dan qariyb 100%ga yetkazildi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini qayta xususiylashtirish hozircha ko‘zda tutilmagan — Davaktiv
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini qayta xususiylashtirish masalasi hozircha kun tartibida emasligini bildirdi. Korxonaning qarzlari xalqaro audit doirasida o‘rganilmoqda.
Uning aytishicha, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ilgari “O‘zbekneftgaz” tarkibida bo‘lgan. Zavod sotilishidan oldin uning davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan va bu jarayonda “O‘zbekneftgaz” bilan o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Shu tariqa korxona “O‘zbekneftgaz” tarkibidan ajratilgan.
Hozir zavodning yagona aksiyadori Davaktiv hisoblanadi. Agentlik direktori korxonani qayta xususiylashtirish masalasi hozircha kun tartibiga chiqmaganini ta’kidladi.
“Kelgusi rejalarga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda xususiylashtirish masalasi kun tartibiga chiqmagan hali”, — dedi u.
Agentlik direktori zavodning qisqa muddatli strategiyasi ishlab chiqilgani va uni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 40 foizdan qariyb 100 foizga yetkazilgan.
Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish hajmi 30 foizga, yo‘l qurilishida ishlatiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish esa 60 foizga oshgan. Aviatsiya kerosini ishlab chiqarish hajmi ham bir necha barobar ko‘paygan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar korxonaning qarzlari va ularni qoplash bo‘yicha qanday ishlar olib borilayotgani haqida ham so‘radi.
Davaktiv rahbarining aytishicha, hozir zavodda xalqaro audit o‘tkazilmoqda. Uning doirasida qarzlar qaysi maqsadlarda jalb qilingani va korxonaning haqiqiy qarz majburiyatlari o‘rganiladi.
“Qaysi qarzlar, qaysi maqsadda jalb qilingani va korxonada haqiqatan mavjud bo‘lgan qarzlar o‘rganilyapti. Ular moliyaviy faoliyat davomida belgilangan shartlar saqlangan holda to‘lanadimi yoki to‘lov muddatlari kechiktiriladimi — bu shartnomalarga bog‘liq”, — dedi u.
Davaktiv rahbari FNQIZ ustav fondidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha shartnoma investor to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani sababli bekor qilinganini ham tushuntirdi.
Uning aytishicha, to‘lovlar investorning boshqa loyihalaridagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli kechiktirilgan. Oldi-sotdi shartnomasida to‘lovlar uch oy davomida kechiktirilgan taqdirda sotuvchi shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega ekani belgilangan.
“Biz bunga xalqaro yuristlarni ham jalb qilib, ularning xulosalari asosida bir tomonlama bekor qildik. Albatta, ikkinchi tarafni ogohlantirgan holda va davlat aktivi bugungi kunda qaytarildi”, — dedi agentlik rahbari.
2022-yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg‘ona NQIZ ustav fondidagi 100 foizlik davlat ulushini Saneg kompaniyasiga 100 mln dollarga sotganini e’lon qilgan edi. Bungacha korxona “O‘zbekneftgaz”ga qarashli bo‘lgan.
2024-yil avgust holatiga ko‘ra, davlat nomidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 58,5 foiz, Saneg esa 41,5 foiz ulushga egalik qilayotgan edi.
2026-yil iyun oyida Gazeta korxona va tashkilotlarning davlat reyestri ma’lumotlariga tayanib, zavod yana davlat nazoratiga o‘tgani haqida xabar bergandi. Reyestrda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi MCHJning yagona ta’sischisi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ko‘rsatilgan.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi — Markaziy Osiyodagi eng yirik yonilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqaruvchilaridan biri. Korxona yuqori oktanli benzin, aviakerosin, dizel yonilg‘isi, motor va sanoat moylari, bitum, parafin, neft koksi va boshqa neft mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Zavod saytida, shuningdek, FNQIZ O‘zbekistondagi yagona moylash materiallari ishlab chiqaruvchisi hamda Markaziy Osiyoda baza moylarini ishlab chiqaruvchi yirik korxona ekani ta’kidlangan.

