Sport

Futboldan ekran sari: Krishtianu Ronaldu yangi serialda rol o‘ynaydi

Futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu yangi serialda suratga tushadi va ijrochi prodyuserlik qiladi. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.

41 yoshli portugaliyalik futbolchi "Kingsman: Maxfiy xizmat" filmi rejissyori Metyu Von bilan hamkorlikda britaniyalik futbol agenti haqidagi "Day 1s" nomli dramatik shou ustida ishlamoqda. Serialda bosh rollardan birini Demian Lyuis ijro etadi.

Suratga olish ishlari Londonda boshlangan. Serial futbol agenti Darren Deynning asl g‘oyasiga asoslangan.

Ronaldu serialda rol o‘ynashdan tashqari, uning ijrochi prodyuseri sifatida ham ishtirok etishi kutilmoqda. "Day 1s"da sport va shou-biznesning boshqa taniqli vakillari, jumladan, sobiq fransuz futbolchisi Tyerri Anri va britaniyalik reper Deyv ham ko‘rinish berishi aytilmoqda.

"Day 1s" Ronaldu va Von birgalikda asos solgan UR•Marv studiyasining ilk seriali bo‘ladi. Ushbu qo‘shma korxona 2025-yilda tashkil etilgan bo‘lib, rejissyorga tegishli Marv Studios kompaniyasining sho‘ba korxonasiga aylangan. Korxona ishga tushirilgan vaqtda hamkorlar allaqachon ikkita jangari film ishlab chiqarishni yakunlagani va kelajakdagi loyihalarda innovatsion texnologiyalarni an’anaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish niyatida ekani xabar qilingan edi.

Ayni paytda Ronaldu Saudiya Arabistonining "Al-Nassr" klubida to‘p surmoqda. Portugaliya terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini 1/8 final bosqichida yakunlab, turnirning bo‘lajak g‘olibi Ispaniyaga imkoniyatni boy bergan. Bu uchrashuv futbolchining jahon chempionatlaridagi so‘nggi o‘yini bo‘ldi.