Mahalliy

Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi ishi yopildi: Lombard Odier banki jarimaga tortildi

Shveysariya sudi 27-iyul kuni Lombard Odier xususiy bankiga pul yuvishning oldini olmagani uchun 3 million Shveysariya franki (3,68 million dollar) miqdorida jarima soldi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan ish tugatildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Prokurorlar Karimovaga pora olish va 2005—2013-yillar oralig‘ida Shveysariya bank hisoblariga yuzlab million dollarni o‘tkazgan "Ofis" nomli jinoiy tashkilotni boshqarish ayblovini qo‘ygan edi. Jenevada joylashgan Lombard Odier banki va uning sobiq xodimi Karimovaning jinoiy faoliyatdan topilgan deb hisoblanayotgan daromadlarni yashirishga yordam berganlikda ayblangan. Sud jarayoni aprel oyida boshlangan edi.

Sud bayonotida aytilishicha, Lombard Odier banki pullarni yuvishning oldini olish uchun "barcha zarur va maqbul tashkiliy choralarni ko‘rmagani" uchun jarimaga tortildi, shuningdek, 400 million frankdan ortiq aktivlarni musodara qilish haqida qaror chiqardi. Lombard Odier bankining sobiq hisob-menejeriga 24 oylik shartli qamoq jazosi berildi.

Lombard Odier ushbu ish 2012-yilda bank Shveysariya rasmiylariga shubhali holatlar haqida tashkilotning o‘zi xabar berganidan keyin boshlanganini bildirdi. Bank o‘sha paytda ichki nazorat va pullarni yuvishga qarshi mustahkam tizimga ega bo‘lganini taʼkidladi va sud qarori ustidan shikoyat qilishini aytdi.

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning 54 yoshli qizi Gulnora o‘ziga qo‘yilgan har qanday qonunbuzarlik haqidagi ayblovni rad etib keladi. U O‘zbekistonda talon-toroj va tovlamachilik ayblovlari bo‘yicha sudlangan. Karimova 2019-yilda uy qamog‘i shartlarini buzgani uchun qamoqqa olingan.

Sudda bildirilishicha, Karimovaga nisbatan ish tugatilgan. Bunga javobgarlikka tortish muddati tugagunga qadar u ozod qilinishi yoki Shveysariyaga topshirilishi ehtimoli yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Rossiyada yashovchi B. deb ko‘rsatilgan boshqa bir ayblanuvchiga nisbatan ham ish to‘xtatildi, chunki u o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Shveysariyaga kela olmagan.

Sud Lombard Odier banki va uning sobiq xodimiga berilgan jazolar jinoyat sodir etilganidan beri ko‘p vaqt o‘tgani sababli kamaytirilganini bildirdi. 2011-yil iyul oyidan oldingi voqealarga oid ayblovlar javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli bekor qilindi.

Avvalroq Karimovaning Shveysariyadan qaytarilgan aktivlaridan 43,5 mln dollar tibbiyotga yo‘naltirilishi haqida xabar berilgandi.