Hokkey shaybasiga o‘xshash - OpenAI ilk qurilmasini tayyorlamoqda
Ushbu qurilma ChatGPT’ning jismoniy mujassamlanishi sifatida yaratilmoqda. U mikrofon va dinamiklar orqali ovozli muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi, ilg‘or sun’iy intellekt modellari esa muloqotning maksimal darajada tabiiy bo‘lishini ta’minlaydi.

OpenAI kompaniyasi o‘zining ilk qurilmasini yaratmoqda, u xokkey shaybasiga o‘xshash ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Apple kompaniyasining sobiq bosh dizayneri Jony Ive bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan OpenAI’ning birinchi qurilmasi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bloomberg nashrining xabar berishicha, bu taxminan xokkey shaybasi kattaligidagi, displeysiz ixcham aqlli dinamik bo‘ladi. Yangi mahsulot "ponchik"ni eslatuvchi g‘ayrioddiy shaklga ega bo‘lib, uning narxi 300-400 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu qurilma ChatGPT’ning jismoniy ko‘rinishi sifatida yaratilmoqda. U mikrofon va dinamiklar orqali ovozli muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi, ilg‘or sun’iy intellekt modellari esa muloqotning maksimal darajada tabiiy bo‘lishini ta’minlaydi. Vaqt o‘tishi bilan tizim o‘z egasini yaxshiroq tanib, uning odatlariga moslashib boradi.
Gadjetning asosiy xususiyatlaridan biri korpusining harakatlanuvchi elementlari bo‘ladi. Ular o‘z holatini o‘zgartirib, qurilmaning foydalanuvchiga javob berayotganini yoki biror amalni bajarayotganini ko‘rsatib turadi. Buni dinamikning buyruqlarni tinglayotganini bildiruvchi yorug‘lik indikatorlari to‘ldiradi.
Manbalarga ko‘ra, yangi qurilma atrof-muhitni idrok etishi uchun kamera va datchiklar to‘plami bilan ham jihozlanadi. O‘rnatilgan akkumulyator tufayli uni xonadan xonaga bemalol olib yurish mumkin bo‘ladi, korpusi esa premium pardozli metalldan yasaladi.
Qurilmaning tashqi ko‘rinishi uchun Jony Ive va uning LoveFrom dizayn-studiyasi mas’ul. OpenAI "io" startapini sotib olgach, loyihaga Apple’ning bir nechta sobiq dizaynerini jalb qildi.
Yangi tafsilotlar Apple va OpenAI o‘rtasidagi sud jarayoni fonida paydo bo‘ldi. Kupertinoliklar kompaniyani apparat mahsulotlarini ishlab chiqishda tijorat sirlaridan foydalanganlikda ayblamoqda, biroq OpenAI bu ayblovlarni rad etyapti. Kompaniya vakillari "Apple’da mavjud bo‘lgan har qanday mahsulotdan mutlaqo yangi va farqli" narsa yaratayotganini ta’kidladi.
Raqobatchilar bilan taqqoslaganda, bu qurilma ancha qimmat bo‘ladi. Taqqoslash uchun, Amazon aqlli dinamiklarining aksariyati 40 dollardan 240 dollargacha turadi. Shu bilan birga, mutaxassislar bunday qurilmalar bozori ancha vaqtdan beri murakkab hisoblanishini va ishlab chiqaruvchilarga har doim ham foyda keltiravermasligini ta’kidlamoqda.
Gadjetning rasmiy taqdimoti shu yil kutilmoqda, sotuvlar esa so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilda boshlanishi kerak. Bu OpenAI apparat mahsulotlari oilasining birinchi qurilmasi bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

