Ilya Sibirtsev Toshkentda suzish boʻyicha Jahon kubogida Oʻzbekistonga ilk medalni taqdim etdi

Ilya Sibirtsev Oʻzbekistonga Toshkentdagi suzish boʻyicha Jahon kubogining ilk medalini keltirdi
Oʻzbekistonlik suzuvchi Ilya Sibirtsev Toshkentda oʻtayotgan suzish boʻyicha Jahon kubogi bosqichida bronza medalini qoʻlga kiritdi. U 800 metrga erkin usulda suzish masofasida uchinchi boʻlib marraga yetib keldi va Oʻzbekiston terma jamoasiga turnirdagi ilk medalni taqdim etdi.
Sibirtsev 7 daqiqayu 40,77 soniya natija koʻrsatdi. Belgiyalik Lukas Xenvo 7 daqiqayu 37,83 soniya natija bilan gʻolib boʻldi. Ikkinchi oʻrinni masofani 7 daqiqayu 40,38 soniyada bosib oʻtgan amerikalik Karson Foster egalladi.
Jahon kubogi bosqichi ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazilmoqda. Unda 40 ta davlatdan 230 nafar suzuvchi ishtirok etmoqda.
Toshkentdagi musobaqalar 10 oktyabr kuni yakuniga yetadi.
Bundan avval Sibirtsev AQShning Indianapolis shahrida oʻtkazilgan Indy May Cup turnirida oltin medalni qoʻlga kiritgan edi.

