Iqtisodchilar sun’iy intellektning iqtisodga ta’siri va mehnat bozorini o‘zgartirishidan xavotirda
Dunyoning 200 dan ortiq yetakchi iqtisodchisi va sun’iy intellekt sohasi tadqiqotchilari texnologiyalarning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha ochiq murojaat bilan chiqdi. Hujjatda sun’iy intellekt kelasi o‘n yil ichida iqtisodiyotni sanoat inqilobidan ham kattaroq darajada o‘zgartirishi mumkinligi ta’kidlangan. «Stenford» universitetining raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi tashabbusi bilan tayyorlangan murojaatga iqtisodchilar,...

Iqtisodchilar sun’iy intellektning iqtisodiyotga ta’siri va mehnat bozorini o‘zgartirishidan xavotirda
Dunyoning 200 dan ortiq yetakchi iqtisodchisi va sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotchilar texnologiyalarning iqtisodiyotga ta’siri haqida ochiq murojaat bilan chiqdi. Hujjatda sun’iy intellekt kelasi o‘n yil ichida iqtisodiyotni sanoat inqilobidan ham kattaroq darajada o‘zgartirishi mumkinligi ta’kidlangan.
«Stenford» universitetining raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi tashabbusi bilan tayyorlangan murojaatga iqtisodchilar, kompyuter olimlari va «Anthropic», «Google» hamda «OpenAI» kabi texnologiya kompaniyalari vakillari imzo chekkan. Hozirga qadar uni 16 nafar Nobel mukofoti sovrindori ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ularning fikricha, sun’iy intellekt mehnat unumdorligi va aholi turmush darajasini sezilarli oshirish imkonini berishi mumkin. Biroq, texnologiyalarning tez rivojlanishi mehnat bozorida keng ko‘lamli ish o‘rinlari qisqarishi xavfini ham keltirib chiqaradi.
Ochiq murojaat atigi to‘rt jumladan iborat bo‘lsa-da, unda asosiy urg‘u davlatlar va institutlarning mas’uliyatiga qaratilgan.
Ushbu iqtisodchilar sun’iy intellekt inson mehnatini to‘ldiruvchi va jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi yo‘nalishda rivojlanishi uchun zarur rag‘batlantirish mexanizmlari, huquqiy cheklovlar va institutlarni hozirdan shakllantirish lozimligini ta’kidlagan.
Ta’kidlanishicha, texnologiyalar taraqqiyoti tezligi an’anaviy iqtisodiy o‘zgarishlarga nisbatan bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin. Shu bois mehnat bozori, ta’lim tizimi va ijtimoiy himoya mexanizmlarini oldindan moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sun’iy intellekt sohasining yetakchi olimlaridan biri Yoshua Benjio ham murojaatni imzolaganlar qatorida. Uning ta’kidlashicha, texnologiyalar rivojlanishining hozirgi sur’ati saqlanib qolsa, sun’iy intellekt jahon iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirishi ehtimoli juda yuqori.
O‘zbekistonlik iqtisodchi Botir Qobilov ushbu ochiq xatga munosabat bildirarkan, hayratlanganini yozgan: «To‘g‘risi, men biroz hayratlandim. Shunchalik ko‘p iqtisodchilar bunga qo‘l qo‘yganiga. Mazmuniga e’tiroz bor menda, ayniqsa oxirgi qismiga – AI’ni to‘g‘ri yo‘nalishga yetaklashimiz kerak deyishmoqda. Avvalambor, xatda biror bir aniq «nima qilish kerak» degan savolga javob yo‘q, mavhum, bo‘lishi mumkin degan taxminlar keltirilgan, xolos.
Yangi narsani tasavvur qilinadigan muammo bo‘lishi bilanoq tartibga solish kerak deb o‘ylay boshlaganimiz yaxshilikka emas deb o‘ylayman. Regulyatorlar hali nima bo‘lishini bilmagan texnologiyani boshqarishga harakat qilishi kerak demoqda bu iqtisodchilar va fikr yetakchilari. Noaniq kelajak uchun qonun yozish – bu taxminlar ustiga qonun qurishdir».
Botir Qobilovga ko‘ra, bozor ko‘pincha hech kim xohlamagan zararlarni o‘zi bartaraf etadi. Preyemptiv regulyasiya esa odatda innovatsiyani o‘ldiradi va katta kompaniyalarga raqobatchilardan himoya qalqoni bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, «Microsoft» bir tadqiqotida sun’iy intellekt eng ko‘p ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan 40 ta kasb ro‘yxatini e’lon qilgandi.

