Dunyo

Irkutsk viloyatida oʻlatga qarshi kurash instituti xodimasining oʻlimidan soʻng tekshiruv yakunlandi

Irkutsk viloyatida oʻlatga qarshi kurash institutining 28 yoshli xodimasi Darya Shipilovaning oʻlimidan soʻng tekshiruv va profilaktika tadbirlari majmuasi yakunlandi. Rasmiylar xavfli mikroorganizmlar bilan ishlashda hech qanday qoidabuzarlik aniqlanmaganini, marhuma bilan muloqotda boʻlgan odamlarda esa sogʻliq bilan bogʻliq muammolar topilmaganini maʼlum qildi. 28 yoshli Darya Shipilovaning oʻlimiga shifoxonadan tashqari pnevmoniya sabab boʻlgani aytildi.

Mintaqa gubernatori Igor Kobzev, shuningdek, Shipilova emlangani va oʻzi ishlagan xavfli infektsiyalarga qarshi immunitetga ega boʻlganini aniqlashtirdi. U Irkutsk va Shelexovdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlib qolayotganini qoʻshimcha qildi.

Yakun yasar ekan, Kobzev sodir boʻlgan voqeani mintaqa uchun sinov deb atadi va mutaxassislar vaziyatni munosib yengib oʻtganini taʼkidladi.

Rospotrebnadzor ham mintaqa aholisi sogʻligʻi uchun hech qanday xavf yoʻqligini maʼlum qildi.

Eslatib oʻtamiz, Shipilova 2 oktyabrga oʻtar kechasi Irkutskning yoʻldosh shahri boʻlgan Shelexovda vafot etgan edi. Uning oʻlimidan soʻng rasmiylar u bilan muloqotda boʻlgan boʻlishi mumkin boʻlgan 200 ga yaqin kishini izolyatsiya qildi. OAV Irkutskdagi bir nechta shifoxonalarda karantin joriy etilgani haqida ham xabar berdi.

Yuz bergan voqea fonida ijtimoiy tarmoqlar va OAVda ayol ish joyida yuqtirib olib, oʻpka oʻlatidan vafot etgan boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar tarqaldi.

Bundan avval Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Rossiya rasmiylaridan oʻlim sabablari va mintaqada koʻrilgan choralar toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar soʻragan edi.