Texnologiya

Janubiy Koreyada jazirama issiqdan saqlovchi ilova ommalashmoqda

Janubiy Koreyada jazirama issiqdan himoyalanishga yordam beruvchi mobil ilova tobora ommalashib bormoqda. Bu ilova piyodalarga ko‘chalarning soyali qismlari orqali eng qulay yo‘nalishlarni topishda yordam beradi.

"Geuneullo: Summer Routes for Walkers" deb nomlangan ushbu ilova quyoshning belgilangan vaqtdagi holatini, shuningdek, binolar va daraxtlardan tushadigan soyani hisobga olgan holda eng "salqin" yo‘lni tavsiya qiladi. Foydalanuvchilar, shuningdek, manzilga yetib borishning taxminiy vaqti va yo‘nalishdagi soyali hududlarning foizi kabi qo‘shimcha ma’lumotlarni ham olishlari mumkin.

Bundan tashqari, ilova harakat yo‘nalishiga qarab, avtobusdagi qaysi o‘rindiqlarga quyosh nuri kamroq tushishini va metro vagonining qaysi tomoni quyoshga teskari joylashganini ko‘rsatib bera oladi. Ilova nafaqat piyodalar, balki yugurish ixlosmandlari uchun ham soya, masofa va yo‘lning ma’lum bir qismidagi nishablik darajasi kabi omillarni hisobga olgan holda yo‘nalishlar taklif qilishi mumkin.

18-iyulda taqdim etilgan "Geuneullo: Summer Routes for Walkers" hozirda Apple qurilmalari uchun App Store do‘konida mavjud, uning Android uchun mo‘ljallangan versiyasi esa hali sinov bosqichida. 5-avgust, chorshanba holatiga ko‘ra, u Google Maps, Kakao Map va Naver Map kabi ilovalarni ortda qoldirib, Apple’ning bepul navigatsiya ilovalari reytingida birinchi o‘rinni egalladi.

Ushbu ilovani Seul Milliy universitetining matematika va venchur biznesi yo‘nalishida tahsil oluvchi 23 yoshli Yu ismli talaba ishlab chiqqan. U quyosh harakati, foydalanuvchining joylashuvi va kun vaqtini hisobga olgan holda soyali joylarni aniqlash uchun OpenStreetMap ochiq xaritalash platformasi ma’lumotlaridan, shuningdek, binolar, yo‘l bo‘yidagi daraxtlar va jamoat transporti haqidagi shahar ma’lumotlaridan foydalangan.

Yuning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyiha g‘oyasi u yozning jazirama issig‘ida ishga va o‘qishga qatnashdagi kundalik qiyinchiliklarga o‘zi duch kelganidan so‘ng paydo bo‘lgan.

Janubiy Koreya aholisi bir necha kundan buyon anomal jaziramadan aziyat chekmoqda. Mahalliy OAV suv bo‘yida, savdo markazlarida va konditsionerlar bilan jihozlangan boshqa jamoat joylarida salqin izlayotgan odamlar gavjum bo‘lgan videolarni tarqatmoqda. Favqulodda issiq ob-havo 20 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgani xabar qilinmoqda.