Kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorlariga menejerlik sertifikati talabi joriy etiladi

**Kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorlari uchun menejerlik sertifikati majburiy bo‘ladi**
Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi qaroriga muvofiq, kasbiy ta’lim muassasalari direktorlari va ularning o‘rinbosarlarini menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi tasdiqlandi.
Ushbu hujjatga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorligiga nomzodlarni tayinlashda menejerlik sertifikatining mavjudligi shart qilib qo‘yiladi. Shuningdek, amaldagi direktorlar va ularning o‘rinbosarlari ham menejerlik o‘quv kurslarida ta’lim oladilar.
**Kurslar qanday tashkil etiladi?**
Menejerlik o‘quv kurslariga direktorlar va direktor o‘rinbosarlari maxsus portal orqali ro‘yxatdan o‘tadilar. Arizalar kalendar yil davomida elektron shaklda qabul qilinadi. Kursga qabul qilingan tinglovchilarga kurs boshlanishidan avval uning davomiyligi va o‘tkazilish tartibi haqida batafsil ma’lumot beriladi.
O‘quv kursi 144 soatlik bo‘lib, bir haftalik auditoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ta’limni o‘z ichiga oladi. Mashg‘ulotlar an’anaviy, masofaviy, mustaqil yoki aralash shakllarda tashkil etilishi mumkin.
Kurs yakunida tinglovchilar yakuniy sinov topshiradilar. Sinov test va amaliy topshiriqlardan iborat bo‘lib, test qismida 50 ta savol beriladi. Testdan kamida 70 ball to‘plash talab etiladi. Amaliy topshiriqlarni bajarish uchun esa 30 daqiqa vaqt ajratiladi.
Yakuniy sinov natijasida 70 va undan yuqori ball to‘plagan tinglovchilar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va ularga menejerlik sertifikati beriladi. Sinovdan o‘ta olmagan tinglovchilar qayta topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
**Sertifikatning amal qilish muddati va yangilash tartibi**
Menejerlik sertifikati uning egasiga maxsus portal orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Sertifikatning amal qilish muddati 5 yil etib belgilangan. Sertifikatlar reyestri ham maxsus portal orqali yuritiladi.
Sertifikat muddati tugagach, direktorlar va direktor o‘rinbosarlari uni qayta olish uchun o‘quv kursida qayta o‘qishi hamda yakuniy sinovdan o‘tishi shart.
**Kimlar kursga qatnashmasdan sinov topshirishi mumkin?**
Qarorda ayrim direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun alohida tartib ham belgilangan. Jumladan, so‘nggi uch yil davomida kasbiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan hamda tegishli mezonlarga javob beradigan shaxslar o‘quv kursida qatnashmasdan yakuniy sinovda ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, ayrim hollarda tinglovchilar yakuniy sinovdan ozod etilishi mumkin. Bunday holatlar nizomda belgilangan talablar asosida ko‘rib chiqiladi.
**Sertifikatni berish tartibi**
Yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikat agentlik tomonidan tasdiqlangan yakuniy sinov natijalariga asosan beriladi. Sertifikat maxsus portal orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Unda sertifikat raqami, berilgan sana va tartib raqami, amal qilish muddati hamda boshqa tegishli ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Qarorda, shuningdek, direktor va direktor o‘rinbosarlarining menejerlik o‘quv kurslari uchun 2026-yilda xarajatlar respublika byudjetidan qoplanishi, 2027-yildan esa o‘qish xarajatlari tegishli shartnoma asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu yangi tartib kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlarining boshqaruv va pedagogik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning malakasini muntazam oshirib borish hamda direktorlik lavozimiga tayinlashda menejerlik kompetensiyalarini hisobga olishni nazarda tutadi.

