Litva ikkita davlat san’atkorlariga urushga qarshi deklaratsiya imzolatadi

Litva Rossiya va Belarus san’atkorlaridan urushga qarshi deklaratsiya imzolashni talab qiladi.
Litva Tashqi ishlar vazirligi milliy sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni kuchaytirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, mamlakatga ommaviy tadbirlar uchun keladigan Rossiya va Belarus madaniyat arboblaridan urushga qarshi deklaratsiyani imzolash talab etiladi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Tashqi ishlar vazirligi BNS agentligiga bergan bayonotida, oxirgi muhokamalar aniqroq tartib-qoidalar zarurligini ko‘rsatganini bildirdi. Agressiyani qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning ta’lim, fan, madaniyat, sport, san’at va ko‘ngilochar sohalardagi ishtiroki bo‘yicha aniq tartib o‘rnatiladi. Vazirlik ushbu muassasalarga aniq huquqiy asos yaratib bermoqchi.
**Kimlarga Litvaga kirish taqiqlanadi?**
Qonunga kiritiladigan tuzatishlarga ko‘ra, quyidagi shaxslarga Litvaga kirishga ruxsat berilmaydi:
* Rossiya tomonidan egallab olingan Ukraina hududlarida ommaviy faoliyat olib borganlar;
* urushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlaganlar yoki unda qatnashganlar;
* Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi siyosat yurituvchilar;
* Rossiya va Belarusda inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishini, fuqarolik jamiyati hamda demokratik kuchlarga nisbatan tazyiqlarni qo‘llab-quvvatlaydiganlar.
**Deklaratsiya shartlari va boshqa cheklovlar**
Tashqi ishlar vazirligi Litvaga keladigan madaniyat arboblarini maxsus deklaratsiyani imzolashga taklif qiladi. Ushbu hujjatda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini qoralash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, BMT nizomini hamda Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralaridagi mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash lozim bo‘ladi.
Ushbu deklaratsiya jamoatchilik uchun ochiq holda chop etiladi. Hujjatni imzolashdan bosh tortganlarga mamlakatga kirish taqiqlanadi. Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi Litvada yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan Rossiya va Belarus fuqarolariga milliy xavfsizlik uchun muhim bo‘lgan obyektlar hamda harbiy poligonlar yaqinidan ko‘chmas mulk sotib olishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Ushbu tuzatishlar 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi mumkin.
Avvalroq Litva konstitutsiyasidan yadro quroliga qo‘yilgan taqiq olib tashlanishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

