Markaziy Osiyo kompaniyalari sun’iy intellektni boshqalardan ikki baravar tezroq joriy qilmoqda

Markaziy Osiyo kompaniyalari sun’iy intellektni (SI) joriy etishda dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravar tezroq harakat qilmoqda. Bu haqda Euronews KPMG’ning 2026-yilgi texnologiyalar hisobotiga tayanib xabar berdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mintaqadagi kompaniyalarning 53 foizi SI’ni ishlab chiqarish darajasida joriy etib, undan o‘lchanadigan natijalar olmoqda. Dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich 24 foizni tashkil etadi.
KPMG hisobotini tayyorlash uchun 27 davlatdagi 2,5 mingdan ortiq texnologiya rahbari so‘rovdan o‘tkazilgan. Ulardan 32 nafari Markaziy Osiyo, 40 nafari Kavkaz kompaniyalari vakillari bo‘lgan.
Shu bilan birga, KPMG mintaqadagi ayrim respondentlar “sun’iy intellektni ishlab chiqarishga joriy qilish” tushunchasiga matnli yoki ovozli botlar kabi alohida yechimlarni ham kiritgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan.
**Nega mintaqada SI tezroq joriy qilinmoqda?**
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi kompaniyalarning 44 foizi yangi texnologiyalarni kutib o‘tirmasdan, ularni faol sinovdan o‘tkazishni ma’qul ko‘radi. Dunyoda bu ko‘rsatkich 21 foizni tashkil etadi.
Yana 43 foiz kompaniya yangi texnologiyalarni “tez, ammo tanlab” joriy etish yo‘lidan bormoqda. Jahonda bunday yondashuvni tanlagan kompaniyalar ulushi 36 foizga yetgan.
KPMG mintaqaning nisbatan yuqori raqamlashtirilganini ham asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatgan. Ko‘plab kompaniyalarda ma’lumotlar bazasi va tashqi tizimlarni ulash uchun zarur infratuzilma avvaldan mavjud bo‘lgani SI yechimlarini tezroq joriy qilish imkonini bermoqda.
Masalan, Qozog‘istonning Kazakhtelecom kompaniyasi sun’iy intellektdan mijozlarga xizmat ko‘rsatish, xaridlar, kadrlar, moliya, hujjatlar va xodimlarni yollashda foydalanmoqda. Kompaniya xodimlari dasturlashni bilmasdan ham o‘z vazifasiga mos SI-agent yaratishi mumkin.
Eurasian Resources Group tarkibidagi BTS kompaniyasi esa konlardagi uskunalarni kompyuter ko‘rishi orqali nazorat qilish va geologik hisobotlarni tahlil qilishda sun’iy intellektdan foydalanmoqda.
**O‘zbekistonda vaziyat qanday?**
KPMG hisobotida O‘zbekiston alohida ajralib turgan yo‘nalishlardan biri — “raqamli egizaklar” (digital twin) va ilg‘or simulyatsiya texnologiyalari hisoblanadi.
So‘rovda qatnashgan O‘zbekistondagi kompaniyalarning 100 foizi bu yo‘nalishga ajratiladigan mablag‘ni oshirishni rejalashtirgan. Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha ko‘rsatkich 87 foiz, dunyoda esa 72 foizni tashkil qiladi.
Kompaniya buni mintaqa iqtisodiyotida energetika, tog‘-kon sanoati, ishlab chiqarish, logistika va boshqa yirik infratuzilma obyektlarining katta ulushga egaligi bilan izohlagan. Bunday sohalarda “raqamli egizaklar” uskunalarning nosozligini oldindan aniqlash, ish rejimini optimallashtirish va to‘xtab qolishlarni kamaytirishda qo‘l keladi.
O‘zbekistonda SI ekotizimini kengaytirish ham davlat darajasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Avgust oyida mamlakat sun’iy intellektga tayyorlik xalqaro reytingida 25 pog‘ona ko‘tarilib, 62-o‘ringa chiqqani ma’lum qilingandi. 2030-yilgacha O‘zbekistonni top-50 talikka kiritish, AI asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish hamda 200 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
**Tezlik bor, lekin strategiya yetishmaydi**
Tadqiqotda mintaqadagi tez o‘sish fonida muammoli jihat ham qayd etilgan.
Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalarining atigi 34 foizida butun tashkilotni qamrab oluvchi aniq SI strategiyasi mavjud. Jahon bo‘yicha bu ko‘rsatkich 76 foizga teng.
Sun’iy intellektdan foydalanishni turli bo‘limlar kesimida nazorat qiluvchi boshqaruv tizimi esa mintaqadagi kompaniyalarning 25 foizidagina mavjud. Dunyoda bunday tizimga ega kompaniyalar ulushi 69 foizni tashkil qiladi.
Ekspertlarga ko‘ra, mintaqa uchun keyingi vazifa sun’iy intellekt bo‘yicha ko‘plab tajribalarni boshlash emas, balki yaxshi natija bergan loyihalarni butun kompaniya miqyosida ishlaydigan tizimga aylantirish bo‘ladi.

