Metroda yoʻqotilgan 10 ming dollarni IIB xodimi emas, balki yoʻlovchi topib olgan
Metro bekatida Toshkentga mashina sotib olish uchun kelgan Qozogʻiston fuqarosi 10 ming dollar tushirib qoldirdi. Ichki ishlar vazirligi pullarni metropolitenda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimi topib olgani haqida xabar bergan edi. Biroq, pullarni xodima emas, balki yoʻlovchi ayol topib olgani maʼlum boʻldi.

Metroda yoʻqotilgan 10 ming dollarni IIB xodimasi emas, balki yoʻlovchi ayol topgan
Toshkent metrosida tushib qolgan 10 ming dollar miqdoridagi pullarni yoʻlovchi ayol topib olgan. «Toshkent metropoliteni» matbuot xizmati hodisa videosini eʼlon qildi.
Videoyozuvda yoʻlovchilar oqimida ketayotgan erkakning yon sumkasidan pullar tushib qolganini koʻrish mumkin. Erkak buni sezmay, yoʻlida davom etgan. Bir muddat pullar yerda yotgan va hech kim ularga eʼtibor qaratmagan.
Biroq birozdan soʻng bir yoʻlovchi ayol yaqinlashib, pullarni yerdan olgan va ularni bekatda xizmat olib borayotgan Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlariga topshirgan.
«„Toshkent metropoliteni“ AJ halollik, vijdonlilik va yuksak fuqarolik masʼuliyatini namoyon etgan fuqaroga, shuningdek, ushbu jarayonda faol ishtirok etib, oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajargan MXTB xodimlariga samimiy minnatdorchilik bildiradi», — deyiladi xabarda.
Unda pullarni yoʻlovchi emas, balki ichki ishlar organlari xodimi topgani aytilgan edi.
Vazirlik materialida koʻrsatilishicha, Sergeli tumaniga avtomobil sotib olish uchun kelgan Qozogʻiston fuqarosi 10 ming dollar yoʻqotib qoʻygan. Ularni Toshkent metropolitenida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari topishgan.
Zarur tekshiruv va qidiruv tadbirlari oʻtkazilgandan soʻng, pul mablagʻlarining qonuniy egasi aniqlangan va 10 ming AQSh dollari belgilangan tartibda egasiga toʻliq qaytarilgan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosovning Kun.uz'ga maʼlum qilishicha, materialdagi «topdi» iborasi koʻchma maʼnoda qoʻllangan.
«Bu yerda „topdi“ iborasi koʻchma maʼnoda qoʻllangan. Transport obʼyektlaridagi topilmalar xonasiga kelib tushgan har qanday buyum egasiga qaytariladi», — deydi u.
Shohrux Gʻiyosovning soʻzlariga koʻra, yil boshidan bugungi kunga qadar 580 dan ortiq holatda fuqarolar metro, poyezd va samolyotda moddiy boyliklarini yoʻqotgani boʻyicha murojaat qilgan. Ularning barchasi topilib, egalariga qaytarilgan.

