Mintaqaviy brendlar qanday targʻib qilinadi

Ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda milliy brendlarni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surishga qaratilgan geografik koʻrsatkichlar tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Mintaqaviy brendlarni qanday rivojlantirish rejalashtirilmoqda

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 iyuldagi "Geografik koʻrsatkichlarni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi 375-sonli qarori qabul qilindi.

2025 yil 27 noyabrdagi PQ-358-sonli qarorga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti, Savdo-sanoat palatasi va "Hunarmand" uyushmasi tomonidan "oriGIn Uzbekistan" nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etilishi rejalashtirilgan.

"oriGIn Uzbekistan" NNT uchun quyidagi asosiy vazifalar belgilangan:

• хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga geografik koʻrsatkichlarni aniqlashda bepul yuridik va uslubiy yordam ko‘rsatish;

• milliy geografik koʻrsatkichlarni xorijda targʻib qilish;

• korxonalarga geografik koʻrsatkichlarni tijoratlashtirishda yordam berish.

Hujjat bilan 2026 yilda Geografik koʻrsatkichlar festivallarini oʻtkazish reja-jadvali tasdiqlandi. "Xorazm qovuni", "Margʻilon atlasi va adrasi", "Andijon doʻppisi", "Qoʻqon pichoqlari" koʻrgazmalari, "Gʻuzor tandir goʻshti", "Chiyal yaхna goʻshti", "Baliq karma", "Xorazm baraklari" gastronomik festivallari, shuningdek, "oriGIn UZ" geografik koʻrsatkichlar festivali oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, tovarning sifati, obroʻsi yoki boshqa хususiyatlari sezilarli darajada uning geografik kelib chiqishiga bogʻliq boʻlgan muayyan geografik ob’yekt hududidan kelib chiqqanligini aniqlovchi belgi geografik koʻrsatkich deb ataladi (2022 yil 3 martda qabul qilingan "Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida"gi OʻRQ-757-sonli qonun).

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2026 yil 13 iyuldan kuchga kirdi.