NASA rahbari Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga tashrif buyurdi
NASA rahbari Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga tashrif buyurdi
NASA rahbari Jared Ayzekman Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga keldi. Bu haqda “Roskosmos” matbuot xizmati “RBK” nashriga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, NASA rahbarining ushbu tashrifi so‘nggi sakkiz yil ichida birinchi marta amalga oshirilmoqda. Jared Ayzekman Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) yo‘l oladigan “Soyuz MS-29” kosmik kemasini uchirish marosimida ishtirok etadi. U shuningdek, xalqaro ekipajni kuzatish tadbirlarida ham qatnashadi va “Roskosmos” davlat korporatsiyasi bosh direktori Dmitriy Bakanov bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Kelajakdagi hamkorlik
Ayzekman fevral oyida Rossiyaning “Soyuz” kosmik kemasini uchirish niyatida ekanligini bildirgan edi. “Kosmik stansiya hali uzoq vaqt xizmat qiladi. Kelgusi yillarda birgalikda bajaradigan ishlarimiz juda ko‘p. Yaxshi suhbatlar qurish uchun imkoniyatlar, albatta, ko‘p bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edi u.
Shuningdek, NASA rahbari “Roskosmos” bosh direktori bilan har qanday masalada muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi. Avvalroq NASA Oy va Marsdagi hayot simulyatsiyasida bir yil yashash uchun to‘rt nafar ko‘ngilli qidirayotganini ma’lum qilgandi.

