Iqtisodiyot

OIIB Ozarbayjonga Oʻzbekiston ishtirokidagi «yashil» energetika yoʻlagini tayyorlash uchun 1 million dollar grant ajratdi

Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi «yashil» energiya yoʻlagi texnik-iqtisodiy asoslanishining (TIA) birinchi bosqichini tayyorlashga 1 million dollar grant yoʻnaltiriladi. Loyiha Kaspiy dengizi orqali 400 kilometrlik kabel yotqizishni nazarda tutadi va istiqbolda Yevropaga elektr energiyasi yetkazib berish imkonini beradi.

OIIB Oʻzbekiston ishtirokidagi «yashil» energetika yoʻlagini tayyorlash uchun Ozarbayjonga 1 mln dollar grant ajratdi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon energotizimlarini birlashtirishi kerak boʻlgan «Kaspiy yashil energetika yoʻlagi» loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining birinchi bosqichi uchun 1 mln dollar miqdorida grant jalb qildi.

Loyiha Kaspiy dengizi orqali Qozogʻiston va Ozarbayjon oʻrtasida uzunligi 400 km boʻlgan suvosti elektr kabelini yotqizishni nazarda tutadi. Oʻzbekiston yoʻlakka quruqlikdagi elektr tarmoqlari orqali ulanadi. Istiqbolda ushbu yoʻnalish qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan elektr energiyasini Yevropaga yetkazib berish imkonini beradi.

Mablagʻlar Rivojlanishni moliyalashtirish sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlik markazining (MCDF) Moliyaviy mexanizmi tomonidan taqdim etildi. OIIB va Ozarbayjon hukumati tegishli grant bitimini imzoladi. Hujjatlar imzolangani haqida 9 oktyabr kuni Ozarbayjon Energetika vazirligi ham xabar berdi.

Grant texnik-iqtisodiy asoslashning (TIA) birinchi bosqichiga yoʻnaltiriladi. Tadqiqot doirasida mutaxassislar loyihaning texnik, iqtisodiy, moliyaviy, ekologik va ijtimoiy nuqtai nazardan qanchalik amalga oshirilishi mumkinligini baholaydilar. Bundan tashqari, elektr energiyasini uzatish variantlari va transchegaraviy savdo imkoniyatlari oʻrganiladi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) texnik yordam uchun qoʻshimcha ravishda 1 mln dollar ajratadi. Shu tariqa, tadqiqotni qoʻllab-quvvatlashning umumiy hajmi 2 mln dollarni tashkil etadi. Loyihani tayyorlash bilan ikki bank birgalikda shugʻullanadi.

Ikkinchi bitim Ozarbayjondagi dengiz shamol elektr stantsiyalari uchun qirgʻoq infratuzilmasi, jumladan, port inshootlari, ixtisoslashtirilgan kemalar, podstantsiyalar va energotizimga ulanish kontseptsiyasini ishlab chiqish uchun 100 ming dollar miqdorida grant ajratilishini nazarda tutadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon prezidentlari 2024 yil 13 noyabrda Bokuda boʻlib oʻtgan COP29 iqlim sammitida «yashil» energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan edilar.

2025 yil iyul oyida «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari», Qozogʻistonning KEGOC va Ozarbayjonning «Azerenerji» kompaniyalari loyihani amalga oshirish uchun Bokuda Green Corridor Alliance qoʻshma korxonasini tashkil etdi. 2030 yildan boshlab Oʻzbekiston mamlakatda ishlab chiqariladigan ortiqcha «yashil» elektr energiyasini Qozogʻiston va Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda.