Iqtisodiyot

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonda yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda

Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi (SOCAR) O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i quyish bo‘yicha zamonaviy shoxobchalar tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda. Toshkentda bu bo‘yicha 'O‘zbekneftgaz' bilan bitim imzolandi.

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda.

"O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati va Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi (SOCAR) O‘zbekistonda zamonaviy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. Hujjat 22-avgust kuni Toshkentda ikki mamlakatning IV Hududlararo forumi doirasida imzolandi. Tadbir Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning Toshkentga tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi.

"O‘zbekneftgaz" matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar AYOQSHlar tarmog‘ini rivojlantirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish va baholash, shoxobchalarni ochish mumkin bo‘lgan joylarni aniqlash, shuningdek, loyihani amalga oshirishning maqbul biznes modellari va mexanizmlarini ko‘rib chiqish niyatida.

2023-yil avgust oyida "O‘zbekneftgaz" va SOCAR O‘zbekiston hamda Ozarbayjonning neft-gaz sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolagan edi. 2025-yil iyul oyida ular mahsulot taqsimotiga oid bitimni imzolagan. Mazkur hujjat Ustyurt neft-gazli hududining investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni ko‘zda tutadi. O‘tgan yilning dekabr oyida ushbu loyihaga start berilgan.

SOCAR (State Oil Company of Azerbaijan Republic) neft va gazni qidirish, qazib olish, qayta ishlash hamda tashish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 1992-yilda "Azerineft" va "Azerneftximiya" korxonalari negizida tashkil etilgan. Uning yagona aksiyadori davlat hisoblanadi. Ichki bozorda kompaniya Ozarbayjon hududi bo‘yicha neft qazib olishning 80 foizigacha va gazni tashishning 100 foizini ta’minlaydi. Eng yirik aktivlari: Haydar Aliyev nomidagi neftni qayta ishlash zavodi (SOCAR Downstream), Sumqayitdagi polietilen va polipropilen ishlab chiqarish majmuasi (SOCAR Polymer). Shu’ba korxonalari va qo‘shma korxonalar orqali mamlakat hududidagi yirik xalqaro infratuzilma loyihalarida ishtirok etadi.