Mahalliy

O‘zbekiston 2027-yilda MDHga raislik qiladi: Mirziyoyev ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston raisligi davrida aniq va sezilarli natija beradigan masalalarga e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Bular

**O‘zbekiston 2027-yilda MDHga raislik qiladi: Mirziyoyev ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi**

O‘zbekiston 2027-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH davlat rahbarlari sammitida mamlakat raisligi davrida ustuvor bo‘ladigan yo‘nalishlarni bayon etdi.

Kengaytirilgan tarkibda o‘tgan yig‘ilishda sammitning faxriy mehmoni — Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston raisligi davrida aniq va sezilarli natija beradigan masalalarga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Bu yo‘nalishlar iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishni qamrab oladi.

O‘zbekistonning MDHga raisligi «MDH — ishonch va umumiy taraqqiyot makoni» shiori ostida o‘tadi. Hozir raislik konsepsiyasi va tadbirlar rejasi tayyorlanmoqda. Unda 100 dan ortiq aniq tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Prezident Hamdo‘stlik doirasida siyosiy muloqotni saqlash va mustahkamlash muhimligini qayd etdi. Uning aytishicha, dunyodagi vaziyat tobora murakkablashib borayotgan bir paytda davlatlar o‘rtasida har qanday masalani xotirjam muhokama qilish, bir-birini tinglash va barcha uchun maqbul yechimlarni izlash imkoniyatini saqlab qolish zarur.

Iqtisodiy hamkorlikda asosiy e’tiborni sanoat kooperatsiyasiga qaratish taklif qilindi. MDH davlatlarining ishlab chiqarish salohiyati, resurslari, texnologiyalari va bozorlarini birlashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda barqaror yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish barcha ishtirokchilar uchun yanada katta iqtisodiy samara berishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoga to‘sqinlik qilayotgan g‘ovlarni bartaraf etish zarurligi aytildi.

Raqamli va ilg‘or texnologiyalar ham O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari sohalarida MDH davlatlari birgalikda o‘z kompetensiyalarini rivojlantirishi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi kerakligini ta’kidladi.

Transport sohasi ham alohida e’tiborda bo‘ladi. Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib borayotgani qayd etilar ekan, tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish, qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan foydali yo‘nalishlarni shakllantirish zarurligi bildirildi.

Xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash ham O‘zbekiston raisligining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Prezident terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilik kabi tahdidlar allaqachon alohida davlatlar chegarasidan chiqib ketganini ta’kidladi. Ayniqsa, oddiy fuqarolar, biznes, banklar va davlat tizimlariga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan kiberjinoyatchilikka qarshi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev insonlar o‘rtasidagi aloqalarni ham eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatdi. Talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodiy kasb egalarining muloqot qilishi, bir-biridan o‘rganishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

«Butun faoliyatimiz markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish turishi kerak. Faqat ana shundagina MDH ta’lim olish, mehnat qilish, yangi loyihalar yaratish, sheriklar topish va o‘z kelajagini qurish mumkin bo‘lgan makon sifatida qabul qilinadi», dedi Prezident.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid bitim va qarorlar to‘plami imzolandi. O‘zbekiston esa 2027-yilgi raislik davrida Hamdo‘stlikda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan mexanizmlarni saqlab qolish va yangi yechimlar talab etilayotgan yo‘nalishlarga qo‘shimcha sur’at berishni maqsad qilgan.