Sport

O‘zbekiston Kubogi. Chorakfinalning barcha ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi

**O‘zbekiston Kubogi. Chorakfinalning barcha ishtirokchilari aniq bo‘ldi**

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kubogining 1/8 final bosqichidagi so‘nggi ikki uchrashuv ham yakunlandi.

### “G‘azalkent” — “Qo‘qon-1912”

Kutilmagan natijalarga boy kechgan bahsda “G‘azalkent” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qildi. Uchrashuvning 7-daqiqasidayoq Suhrob Sadirjonov hisobni ochib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi — 1:0. Ikkinchi bo‘limning 75-daqiqasida Diyor Tojiyev farqni ikkitaga yetkazib, “G‘azalkent” ustunligini mustahkamladi — 2:0. Mehmonlar 81-daqiqada Silvanus Nimeli urgan gol orqali farqni qisqartirishga erishgan bo‘lsa-da, qolgan daqiqalarda muvozanatni tiklay olmadi.

Shu tariqa, “G‘azalkent” O‘zbekiston Kubogining chorakfinaliga yo‘l oldi. “Qo‘qon-1912” esa turnirni nimchorakfinalda yakunladi.

**O‘zbekiston Kubogi, 1/8 final**

“G‘azalkent” — “Qo‘qon-1912” 2:1

Gollar: 1:0 — Sadirjonov (7), 2:0 — Tojiyev (75), 2:1 — Nimeli (81).

### “OKMK” — “Xorazm”

Olmaliqda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “OKMK” va “Xorazm” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Dramatik kechgan bahsning 60-daqiqasida bosh hakam mehmonlar darvozasi tomon penalti belgiladi va undan Siavash Haqnazari unumli foydalanib, hisobni ochdi — 1:0. Asosiy vaqt tugashiga oz qolganida, ya’ni 86-daqiqada Umidbek Sultonov hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+10-daqiqada olmaliqliklar yana bir penalti ishlashdi. Nuqtaga yaqinlashgan Siavash Haqnazari ikkinchi golini urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi — 2:1.

**O‘zbekiston Kubogi, 1/8 final**

“OKMK” — “Xorazm” 2:1

Gollar: 1:0 — Haqnazari (60, penalti), 1:1 — Sultonov (86), 2:1 — Haqnazari (90+10, penalti).

Shu bilan O‘zbekiston Kubogining 1/8 final uchrashuvlari to‘liq yakunlandi. Chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 8 ta jamoa nomi ma’lum:

“Guliston”

“Neftchi”

“So‘gdiyona”

“Navbahor”

“Lokomotiv”

“Andijon”

“OKMK”

“G‘azalkent”

Musobaqaning 1/4 final bosqichiga qur’a tashlash marosimi ertaga, 16-sentyabr kuni soat 11:00 da o‘tkaziladi.