O‘zbekiston xavfli zonada: BMT zilzila ehtimoliga tayyor turishga chaqirdi

O‘zbekiston xavfli zonada: BMT zilzila ehtimoliga tayyor turishga chaqirdi

BMT zilzilalar tabiiy ofatlar orasida eng halokatlisi ekanligini ta’kidlab, Markaziy Osiyo davlatlarini tayyorgarlik ko‘rishga undadi. 2000-yildan 2023-yilgacha yer silkinishlari dunyodagi barcha tabiiy ofatlar sabab bo‘lgan o‘lim holatlarining yarmidan ko‘piga sabab bo‘lgan. Hozirda 15 milliondan ortiq aholi yashaydigan Istanbul shahri eng ko‘p xavotir uyg‘otmoqda, chunki u dunyodagi eng faol tektonik yoriqlardan biri — Shimoliy Anadolu yorig‘i yaqinida joylashgan.

2025-yilgi tadqiqotga ko‘ra, Turkiyaning Marmara dengizi ostidan o‘tgan yoriq qismi taxminan 7 balli zilzilani keltirib chiqarishi mumkin. Yaqin o‘n yilliklarda Istanbul hududida bunday hodisaning sodir bo‘lish ehtimoli 40–60 foizni tashkil etadi.

Markaziy Osiyo davlatlari xavf zonasida joylashgan

Xavf hududi faqat Turkiya bilan cheklanmaydi. Qirg‘iziston va Tojikistonning deyarli butun hududi, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim hududlari, Janubiy Kavkaz mamlakatlari seysmik xavfi yuqori bo‘lgan zonalarga kiradi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysi o‘ta zaif hudud sanaladi, bu yerda bir vaqtning o‘zida uchta davlat — Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari kesishgan hududda 11 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.

2023-yilda Turkiya va Suriyadagi vayronkor zilzilalar kasalxonalar ishlashda davom etishi naqadar muhimligini ko‘rsatdi. Tabiiy ofatdan keyingi dastlabki daqiqalarda tibbiyot muassasalari ishdan chiqsa, minglab jabrlanganlar hayotiy zarur yordamsiz qolishi mumkin.

Zilzilaga tayyor turish choralari

JSST ekspertlarining ta’kidlashicha, zilzilaga oldindan tayyorgarlik ko‘rish uning oqibatlarini bartaraf etishga qaraganda ancha arzonga tushadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yangi shifoxonani seysmik bardoshlilik talablari asosida qurish loyiha narxini 4 foizgacha oshirmaydi. Mavjud binolarni modernizatsiya qilish esa ularning qiymatidan qariyb 1 foiz atrofida mablag‘ talab etadi. Bu inshootlarning ehtimoliy tabiiy ofatdan keyin ham o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirish imkoniyatini keskin oshiradi.

Tibbiy infratuzilmani mustahkamlashdan tashqari, shoshilinch tibbiy brigadalarni doimiy shay holatda saqlash, muntazam o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, keksalar va nogironligi bor shaxslar kabi zaif qatlamlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi.