Texnologiya

O‘zbekistonda g‘o‘zapoyadan asfalt ishlab chiqarilishi mumkin

O‘zbekistonda g‘o‘zapoyadan asfalt ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Fakt 24” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Samarqand davlat texnika universiteti olimlari turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda g‘o‘zapoyadan yangi turdagi asfalt xomashyosini yaratish bo‘yicha xalqaro ilmiy loyihani boshladi. Umumiy qiymati 2 milliard 824 million so‘m bo‘lgan ushbu innovatsion loyiha doirasida paxta g‘o‘zapoyasi asfalt formulasi uchun asosiy xomashyo sifatida ishlatiladi.

Ilmiy jamoa g‘o‘zapoyani piroliz usuli bilan qayta ishlaydi, natijada bioyog‘ va bioko‘mir kabi ikki foydali mahsulot olinadi. Bu mahsulotlar an’anaviy neft bitumini bosqichma-bosqich almashtirib boradi: dastlab 15%, keyin 30%, so‘ngra esa 45% nisbatda.

Axborotda ta’kidlanishicha, bu yo‘l qurilishida neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va dala-dashtlarda yoqib yuboriladigan chiqindilarni foydali xomashyoga aylantiradi.

Samarqand davlat texnika universiteti rektori Chidem Turkyilmazning so‘zlariga ko‘ra, loyiha paxta poyasi chiqindilaridan bioyog‘ va bioko‘mir olish hamda ularni asfalt-beton tarkibida qo‘llash orqali ekologik toza, uzoq muddat xizmat qiladigan va o‘z-o‘zidan tiklanish xususiyatiga ega yo‘l qoplamalarini yaratishni maqsad qilgan. Uning ta’kidlashicha, bu loyiha qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan samarali foydalanish va zamonaviy yo‘l qurilishiga innovatsion texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Ushbu tadqiqotlar bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Turkiyada olib borilmoqda. Loyiha Samarqand davlat texnika universiteti va Turkiyaning Adana shahridagi nufuzli oliy ta’lim muassasasi – Chukurova universiteti o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshirilmoqda.

Loyiha rahbari, turkiyalik Burat Yigit Katanalpning aytishicha, asfalt yo‘llar kundalik hayotning ajralmas qismi bo‘lsa-da, uning asosiy tarkibi bo‘lmish bitum neftdan olinadi. Neft esa millionlab yillar davomida hosil bo‘ladigan, zaxirasi cheklangan va qayta tiklanmaydigan resursdir. Shu sababli, neftga qaramlikni kamaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish juda muhim.

Bundan tashqari, transport yuklamalari, harorat o‘zgarishlari va atrof-muhit ta’siri tufayli asfalt qoplamalarida vaqt o‘tishi bilan mikroyoriqlar paydo bo‘ladi, bu esa yo‘llarning buzilishiga va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishiga olib keladi. Katanalpning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha doirasida ikki asosiy muammoga yechim bo‘ladigan asfalt texnologiyalarini ishlab chiqish maqsad qilingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu loyiha natijalari nafaqat ilm-fan, balki kundalik hayot uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Yangi texnologiya yo‘llarning xizmat muddatini uzaytiradi, ta’mirlash xarajatlarini kamaytiradi va atrof-muhitni asrashga yordam beradi.

Avvalroq O‘zbekistonda polimer asosidagi asfalt qoplamalaridan foydalanish boshlangani haqida xabar berilgan edi. Iyul oyida Misr kompaniyasi bilan asfalt qoplamasini quyosh nurlarining tik tushishidan himoya qiluvchi maxsus vositalarni o‘rnatish bo‘yicha innovatsion yechimlar muhokama qilingan edi.