O‘zbekistonda o‘qish uchun eng ko‘p Turkmaniston fuqarolari kelgan
2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga ta’lim olish maqsadida 21 mingdan ortiq xorij fuqarosi kelgan. Ular orasida Turkmaniston fuqarolari eng katta ulushni tashkil etib, 9,2 ming nafardan oshgan.

O‘zbekistonga o‘qishga kelgan xorijliklar soni bo‘yicha Turkmaniston fuqarolari yetakchilik qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining xabar berishicha, joriy yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonga ta’lim olish uchun jami 21 042 nafar chet el fuqarosi kelgan. Bu raqam o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,5 ming nafarga yoki 2,2 baravarga ko‘proqdir.
O‘zbekistonda o‘qishni tanlagan xorijliklar orasida Turkmaniston fuqarolari eng ko‘p bo‘lib, ularning soni 9 207 nafarni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinlarda Hindiston (3 723 nafar), Tojikiston (1 915 nafar), Xitoy (951 nafar), Qirg‘iziston (834 nafar) va Pokiston (689 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Misrdan 603 nafar, Janubiy Koreyadan 526 nafar, Filippindan 367 nafar va AQShdan 302 nafar fuqaro O‘zbekistonga o‘qish maqsadida tashrif buyurgan. Qolgan 1 925 nafar xorijlik boshqa mamlakatlardan kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga ta’lim olish uchun kelayotgan xorijliklar soni bir yil ichida ikki baravardan ziyodga oshgan.

