Mahalliy

O‘zbekistonda yarim yilda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ildi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 373,4 mingga yaqin tirik tug‘ilish holati qayd etildi. Dunyoga kelgan chaqaloqlarning 192,9 ming nafari o‘g‘il, 180,5 ming nafari esa qiz bolalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarmida o‘g‘il bolalar tug‘ilishi qizlarnikidan ko‘proq bo‘ldi.

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki olti oyida mamlakatda jami 373 389 nafar chaqaloq tirik tug‘ilgan. Ularning 192,9 ming nafari (51,7 foizi) o‘g‘il bolalar bo‘lsa, 180,5 ming nafari (48,3 foizi) qiz bolalarni tashkil etgan.

Demak, hisobot davrida O‘zbekistonda qizlarga nisbatan qariyb 12,4 ming nafarga ko‘proq o‘g‘il bola dunyoga kelgan.

Tug‘ilishlarning 49 foizi shaharlarda, 51 foizi esa qishloq joylarida qayd etilgan.

Yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha har 1 000 nafar aholiga 19,6 ta tug‘ilish to‘g‘ri kelgan.