Mahalliy

O‘zbekistonda yoshlarning uchdan biri o‘qimaydi va ishlamaydi — tadqiqot

O‘zbekistonda 14−30 yoshli aholining uchdan bir qismi o‘qimaydi, ishlamaydi va kasb-hunar o‘rganmaydi. Ayollar orasida bu ko‘rsatkich 48,4%, erkaklar orasida esa 19,4%ga teng. Tadqiqot mualliflari muammoni tizimli deb baholab, uni nikoh, kambag‘allik va mehnat bozori imkoniyatlari bilan bog‘lagan.

O‘zbekistonda yoshlarning uchdan biri o‘qimaydi va ishlamaydi — tadqiqot

O‘zbekistonda 14−30 yoshdagi yoshlarning qariyb uchdan bir qismi NEET toifasiga kiradi, ya’ni ular o‘qimaydi, ishlamaydi va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmaydi. Yosh ayollar orasida bu ko‘rsatkich 48,4 foizga yetadi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi hisobotida ma’lum qilingan.

Hisobot 2025-yilda Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari budjeti so‘rovi ma’lumotlari asosida tayyorlangan. Mualliflar 14−30 yoshli yoshlarning bandligi va rasmiy ta’limda ishtirokini o‘rgangan.

Laboratoriya hisob-kitoblariga ko‘ra, yoshlarning 33,2 foizi NEET toifasiga kiradi. Yana 36,1 foizi ishlaydi, 30,7 foizi esa ta’lim yoki kasb-hunar o‘rganish bilan band.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, NEET ko‘rsatkichining yuqoriligi iqtisodiyot va ta’lim tizimi o‘sib borayotgan yoshlar sonini to‘liq qamrab ola olmayotganini ko‘rsatadi.

“Milliy iqtisodiyot hozirgi holatida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni to‘liq o‘ziga singdira olmayotganini, yaratilayotgan ish o‘rinlari va ta’lim imkoniyatlari soni aholi o‘sishi sur’atlaridan ortda qolayotganini ko‘rsatadi,” — deyiladi tadqiqotda.

NEET ulushi o‘smirlik yoshidan keyin sezilarli darajada ortadi. 14−19 yoshlilar orasida bu ko‘rsatkich 25,2 foizni, 20−24 va 25−30 yosh guruhlarida esa 38,2 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, 25−30 yoshlilar orasida atigi 1,9 foiz o‘qish yoki kasbiy tayyorgarlikni davom ettirmoqda, 59,9 foizi esa band. Tadqiqotchilarning fikricha, bu yoshda NEET ulushining yuqoriligini faqat o‘qishni tugatish bilan ish topish o‘rtasidagi vaqtinchalik o‘tish davri bilan izohlab bo‘lmaydi.

Ularning fikricha, mazkur holat yoshlarning ko‘nikmalari bilan mehnat bozori ehtiyojlari o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatuvchi tizimli to‘siqdir: ta’lim tizimini tugatgan bitiruvchilarning katta qismi munosib ish topa olmayapti.

Eng katta tafovut erkaklar va ayollar o‘rtasida aniqlangan. Yosh ayollar orasida NEET ulushi 48,4 foizni tashkil etsa, erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 19,4 foizni tashkil etgan, ya’ni 2,5 barobar kam.

Shu bilan birga, qizlar va yigitlarning ta’limda ishtirok etish darajasi deyarli bir xil: ayollarda 32,3 foiz, erkaklarda 29,4 foiz. Asosiy farq mehnat bozoriga chiqishda kuzatiladi. Yosh ayollarning atigi 19,3 foizi ishlasa, erkaklarda bu ko‘rsatkich 51,3 foizni tashkil etadi.

“Muammo o‘qishga kirishda emas, balki o‘qishni tugatgach boshlanadi,” — deyiladi tadqiqotda.

Tadqiqotchilar asosiy omillardan biri sifatida nikoh va oilaviy majburiyatlarning an’anaviy taqsimlanishini ko‘rsatgan.

Nikohda bo‘lmagan yoshlar orasida NEET ulushi 12,5 foizni tashkil etsa, nikohda bo‘lgan yoki birga yashaydiganlar orasida bu ko‘rsatkich 49,4 foizga yetadi.

Shu bilan birga, nikohning erkaklar va ayollarga ta’siri keskin farq qiladi. Tadqiqotdagi grafikka ko‘ra, turmushga chiqqan yosh ayollarning 70,8 foizi NEET toifasiga kiradi, atigi 24,