Dunyo

Oʻylab koʻrish uchun mavzu

Bitta millat, ikkita davlatmi? Turkiya va Ozarbayjon oʻrtasidagi kelishmovchiliklar yangi bosqichga chiqmoqda

Mulohaza uchun syujet

Sentyabr oxirida Ozarbayjon Milliy Majlisining (parlamentining) tegishli komissiyasi ijtimoiy tarmoqlarda puxta tayyorlangan hujumni aniqlagani keng maʼlum boʻldi, bu hujumning maqsadi davlat institutlariga boʻlgan ishonchga putur yetkazish va Boku hamda Anqara ittifoqini parchalash deb ataldi. Bu syujet «yagona millat»ning (Haydar Aliyevning metaforik iborasiga koʻra) unchalik bulutsiz boʻlmagan munosabatlariga oydinlik kiritadi va navbatdagi boʻlinishlarning yangi ufqlarini (istiqbollarini) belgilab beradi.

Shunday qilib, ijroiya hokimiyatiga apriori qaram boʻlgan qonun chiqaruvchi hokimiyatning butun bir tarmogʻi Turkiya hududidan va ushbu mamlakat ijtimoiy tarmoqlaridan foydalangan holda muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasi olib borilayotganini daʼvo qilmoqda. Har holda, Milliy Majlisning Xorijiy aralashuv va gibrid tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha muvaqqat komissiyasi yuqorida qayd etilgan taʼriflar ishlatilgan bayonotni tarqatdi.

Komissiyaning taʼkidlashicha, kampaniya «muayyan markazlar» tomonidan tashkil etilgan va uchta maqsadni koʻzlaydi: Ozarbayjon-Turkiya munosabatlariga zarar yetkazish, fuqarolarning davlat institutlariga boʻlgan ishonchiga putur yetkazish va jamiyat ichidagi boʻlinishni chuqurlashtirish. Boku talqiniga koʻra, hujum maqsadli reklamadan foydalangan holda haqiqiy va soxta akkauntlar orqali amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, qoʻshni doʻstona (hech boʻlmaganda soʻzda va deklaratsiyalarda) davlat uchun, har qancha xohlaganda ham, ozarbayjonliklarning oʻz davlat institutlariga boʻlgan ishonchi kabi oʻlchash qiyin boʻlgan narsaga «putur yetkazish» ancha mushkul boʻlar edi. Bu xuddi qorongʻi xonada qora mushukni qidirish kabi qiyin. Shunga qaramay, hamma oʻz rolini oʻynamoqda.

«Yagona millat – ikki davlat» tamoyiliga hamisha sodiq boʻlgan Ozarbayjon va Turkiya jamiyatlarida ushbu gʻarazli kampaniyani yaxshi niyatda harakat qilayotgan bir qator insonlar ham qoʻllab-quvvatlayotganini afsus bilan qayd etishimiz kerak. Shu bilan birga, bunday xatti-harakatlar Turkiya Respublikasi qonunchiligiga muvofiq huquqiy javobgarlikka sabab boʻlishiga qaramay, kampaniya hali ham davom etmoqda», – deyiladi tegishli bayonotda.

Kampaniya ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlar Ozarbayjonning tegishli davlat organlariga topshiriladi. Komissiya ikkala davlat fuqarolarini «bunday nozik davrda eʼtiborli boʻlishga, yolgʻon maʼlumotlarga ishonmaslikka» chaqirdi.

Eʼtiborli va xarakterli jihati shundaki, parlament komissiyasining bayonoti Ozarbayjon tomonining axborot tahdidlari mavzusiga qilgan birinchi murojaati emas. Prezident Ilhom Aliyev 17 sentyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar xavfsizlik xizmatlari rahbarlarini qabul qilar ekan, turkiy davlatlar chegaralaridan ancha uzoqda joylashgan, biroq yot narrativ va qadriyatlarni singdirish uchun «maʼlum markazlardan» moliyalashtiriladigan xorijiy media tuzilmalarning faolligi oshib borayotganiga eʼtibor qaratdi. U TDT mamlakatlarini bunday mafkuraviy diversiyalarga birgalikda qarshi turishga chaqirdi.

Aniq ishora mavjud. Koʻrinishidan, gap Bokuning Anqaraga qarata taxminan quyidagi mazmundagi ogohlantirishi haqida ketmoqda: «Bizning ishlarimizga burningizni va qoʻlingizni suqmang». Aytish kerakki, keyingi paytlarda Ozarbayjonning yaqin va ayrim uzoq qoʻshnilariga bu kabi xabarlar koʻplab yoʻllanmoqda. Bu yerda qiziq jihati shundaki, Ozarbayjon ushbu vaziyatda aynan Turkiyaga nima bilan tahdid qilishi mumkin? Ehtimol, Anqaraning geosiyosiy loyihalarida ishtirok etmaslik va «Oʻrta yoʻlak»dan chiqish, energetika sektoriga investitsiyalarni qisqartirish bilanmi? Ammo bunday istiqbol faqatgina oʻz resurs salohiyati va geografik jihatdan qulay tranzit mavqei tufayli yutishi mumkin boʻlgan Ozarbayjonning oʻzi uchun ham oʻta ogʻriqli boʻlar edi.

Biroq, har qanday xulosalarga berilishdan oldin, aslida nima sodir boʻlayotganini tushunib olish kerak. Agar bu shunchaki «er-xotinning urishi – doka roʻmolning qurishi» qabilidagi «janjal» boʻlsa, unda manzara boshqacha. Bunday holatlar ilgari ham boʻlgan. Masalan, 2015 yilda Turkiyaning Turksat sunʼiy yoʻldosh operatori Ozarbayjonning Azerspace sunʼiy yoʻldoshidan birgalikda foydalanish taklifini rad etgan Bokudan aniq xafa boʻlgan edi. «Turkiya Ozarbayjonni hamisha qoʻllab-quvvatlab kelgan, biroq qardosh davlatdan xuddi shunday munosabatni koʻrmayapti», – deb bayonot bergan edi oʻshanda Anqara xafa boʻlib.

Besh yil oʻtgach, turk diplomatlari barcha xalqaro maydonlarda Boku pozitsiyasini toʻliq himoya qilganlaridan tashqari, turklar Togʻli Qorabogʻ atrofidagi 44 kunlik urush paytida Ozarbayjonga beqiyos harbiy va tashkiliy yordam koʻrsatdilar. «Urush avjiga chiqqan paytda Ozarbayjonning qurol-yarogʻ va oʻq-dori zaxiralari tugay boshladi. Turkiya yuk samolyotlari bilan ham oʻz omborlaridan, ham ayrim ittifoqchi davlatlardan oʻq-dorilarni tashib keltirdi va ularga topshirdi. Biz hamma narsani qurbon qildik, oʻz uchuvchisiz uchish apparatlarimizdan elektronikani yechib olib, Ozarbayjonga berdik, chunki ular ortiq jang qila olmas edilar» – turk harbiy mutaxassislari oʻsha voqealarni aynan shunday tasvirlaydilar.

«Qorabogʻga qanday kirgan boʻlsak, Liviyaga qanday kirgan boʻlsak, ular (Isroil) bilan ham shunday yoʻl tutamiz. Biz qila olmaydigan hech narsa yoʻq» – Rajab Toyyib Erdoʻgʻanning oʻzi tugʻilib oʻsgan Qora dengiz boʻyidagi Rize viloyatida hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi boʻlimi yigʻilishida qilgan ushbu shov-shuvli bayonoti Bokuda ham turlicha munosabatga sabab boʻldi. Taqdir hazili shundaki, aynan Qorabogʻ ikki tomonlama munosabatlarda muammolar tugʻilishiga sabab boʻlgan mashʼum «nizo olmasi»ga aylandi. Ekspertlar va media hamjamiyati vakillaridan biri taʼkidlaganidek: «Sheriklar, hatto qarindoshlar oʻrtasida ham bu tez-tez sodir boʻlib turadi. Ishni birgalikda qilishdi, lekin keyin manfaatdor shaxs unga yordam bergan odam bilan muloqot qilishdan malollana boshlaydi. Har bir soʻzda taʼna, har bir harakatda noshukurlikka ishora koʻrinadi».

Printsipial jihatdan, voqealarning bunday rivojlanishi tarixning oʻz oqimi bilan dasturlashtirilgan edi, bu mutlaqo qonuniy edi. Ozarbayjonni qoʻllab-quvvatlab, Turkiya Bokuni shunday xalqaro darajaga olib chiqdiki, bu mavqeni egallagan ozarbayjonliklar endi Turkiya manfaatlarini «surib qoʻya» boshladilar. Janubiy Kavkaz, xuddi ertaklardagi Bolivar kabi, «ikki kishini koʻtara olmaydi». Omma oldida qardoshlik haqida qanday qasamlar ichilmasin, mojaro salohiyati ham Turkiya, ham Ozarbayjonning mintaqaviy ambitsiyalari bilan belgilab qoʻyilgan. Koʻrinishidan, Turkiyadagi Rossiyaning gʻanimlari 2025 yil yozida Moskva va Boku oʻrtasidagi kelishmovchilikdan chin dildan xursand boʻlganlarida «bevaqt shoshilishgan» ekan.

Ekspertlar Turkiya va Ozarbayjon oʻrtasidagi inqiroz soʻnggi uch yil ichida, hech boʻlmaganda media sohasida, deyarli kaskadli qulash tusini olganiga bejiz eʼtibor qaratishmayapti. Bu Boku televideniyesi efirida turk tomoniga nisbatan qoʻpol taʼnalar bilan tez-tez sodir boʻlayotgan dahanaki janglarda ham sezilib turibdi. Bokuning Isroil bilan yaqin aloqalari va Ozarbayjonning BMTda Netanyaxu rejimini boykot qilishni qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun unga nisbatan javob taʼnalari ham mavjud.

Ayrim ekspertlar «buzilmas qardoshlik» haqida bong urishda davom etayotgan bir paytda, media makonidagi dahanaki janglar va bahslar ozarbayjonlik qonun chiqaruvchilarning Kaspiy qirgʻoqlariga turk «markazlaridan» muvofiqlashtirilgan axborot hujumi uyushtirilayotgani haqidagi yuqorida tilga olingan bayonoti fonida xiralashib qolmoqda. Bu mojaroni axborot sohasini kuzatish va zarur hollarda tegishli choralarni koʻrishga masʼul boʻlgan ikki respublika kuch tuzilmalarini jalb qilgan holda sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqdi. Gap munosabatlarning «professional mutlaq ishonchsizlik darajasiga» tushishi haqida ketmoqda, deb juda toʻgʻri taʼkidlagan internet-pabliklardan birining muallifi. Faqat bir narsa ahamiyatga ega – ishonchsizlik «ekildi», xuddi shamol kabi, u esa, maʼlumki, haqiqiy boʻronni keltirib chiqarishga qodir.

Eʼtiborli jihati shundaki, bularning barchasi 29-30 oktyabr kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi arafasida sodir boʻlmoqda. Shunday qilib, manfaatdor tomonlarda, agar masalaga oqilona va vazminlik bilan yondashilsa, panturkistik ritorikani biroz yumshatish uchun kichik boʻlsa-da, imkoniyat paydo boʻldi.