Parlamentlararo ittifoq Samarqanddagi yoshlar forumi yakunlarini qayd etdi

Parlamentlararo ittifoq Samarqanddagi yoshlar forumi yakunlarini eʼtirof etdi
Parlamentlararo ittifoq Boshqaruv kengashi yigʻilishida Samarqandda boʻlib oʻtgan Yosh parlamentchilarning XII Global konferentsiyasi natijalari eʼtirof etildi. Tadbir yakunlari tashkilotning Tanzaniyadagi 153-Assambleyasi doirasida koʻrib chiqildi.
Assambleya 5–9 oktyabr kunlari Arusha shahrida boʻlib oʻtdi. Yigʻilishlar davomida turli mamlakatlar parlamentlari vakillari Oʻzbekistonda sentyabr oyida inson huquqlarini himoya qilish, adolat va inson qadr-qimmatiga bagʻishlab oʻtkazilgan konferentsiya natijalariga eʼtibor qaratdilar.
Samarqand forumi 58 ta mamlakatdan 250 ga yaqin delegatni va 11 ta xalqaro tashkilot vakillarini birlashtirdi. Yosh parlamentchilar qurolli nizolar sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, raqamli xavfsizlik, ishsizlik va iqlim oʻzgarishi masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunlari boʻyicha ishtirokchilar ushbu muammolarni hal etish va yoshlarning siyosiy hayotdagi rolini mustahkamlashga doir umumiy yondoshuvlar aks etgan hujjatni qabul qildilar.
Parlamentlararo ittifoq, shuningdek, Oʻzbekistonning yirik xalqaro parlament tadbirlarini oʻtkazishga qoʻshgan hissasini eʼtirof etdi. Avvalroq Toshkent tashkilotning 150-yubiley Assambleyasiga mezbonlik qilgan boʻlsa, Samarqand global yoshlar tashabbuslarini muhokama qilish maydoniga aylandi.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston yoshlar siyosati sohasida tajriba almashish boʻyicha xalqaro maydon yaratishga tayyorligini bildirgan edi. Ushbu tashabbus Samarqanddagi konferentsiya ishtirokchilariga yoʻllangan murojaatda ilgari surilgan.

