Sport

Pol Pogba inqirozi: Iste’dodli yarim himoyachi qanday qilib o‘z faoliyatini barbod qilgani haqida

**Pol Pogba inqirozi: Iste’dodli yarim himoyachi o‘z faoliyatini qanday barbod qildi?**

Fransiyalik yarim himoyachi Pol Pogba futbolchilik faoliyatini yakunlash arafasida. "Monako" klubi u bilan shartnomani bekor qildi.

"Natija kutganimizdek bo‘lmadi", — deya "Monako" bosh direktori Tiagu Skuru Pogbaning Lazur qirg‘og‘idagi faoliyatiga yakun yasadi. Pol bilan shartnoma muddatidan oldin bekor qilindi. Jarohatlar seriyasi va deyarli o‘yin amaliyotisiz o‘tgan davrdan so‘ng 33 yoshli futbolchining biror tuzukroq klubdan taklif olishi juda katta so‘roq ostida.

Bu vaziyat Pogbaning faoliyatiga yakuniy xulosa yasashi mumkin. Bir paytlar u buyuk futbolchi bo‘lishi va "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishi taxmin qilingan edi. To‘g‘ri, Pogba Jahon chempioni bo‘ldi, Italiya chempionligiga erishdi, Golden Boy sovrinini qo‘lga kiritdi... Ammo taxmin qilinganidek buyuk futbolchiga aylana olmadi.

**Pozitsiyani boy berish**

Yosh va muvaffaqiyatga chanqoq Pogba Manchesterni tark etib Turinga kelganida, uning maydondagi aniq rolini tushunish qiyin edi. Italiya maydonlarida bu yigit o‘z jarima maydonchasi yonida to‘pni olib qo‘yib, bir necha soniyadan so‘ng raqib darvozasiga uzoqdan zarba berayotganiga ko‘p guvoh bo‘lish mumkin edi. Yoki aksincha — maydon markazida sustroq harakat qilib, to‘pni qabul qiladi-da, qanotga aniq diagonal uzatmani amalga oshiradi. Bu Polning unikalligini ko‘rsatardi — u hamma pozitsiyada o‘ynay olardi.

Bo‘yi 191 sm bo‘lishiga qaramay, Pogba ko‘pchilik vingerlardan ko‘ra nafisroq harakat qilar, "birga-bir" vaziyatda raqibni osongina aldab o‘tar va tezkor futbolchi edi. Bundan tashqari, yakkakurashlarda o‘zini erkin his qilar va ikkinchi tempda hujumga juda yaxshi qo‘shilardi. 2014-yilgi Jahon chempionatidayoq uni complete midfielder — mukammal yarim himoyachi deb atashgan.

Ammo nega aynan o‘sha Turin davridagi Pogba uning faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘lib qoldi? Gap faqat motivatsiya va mustahkam sog‘liqda emas. Pol maydon markazida Pirlo, Vidal va Markizio kabi o‘z ishining ustalari bilan o‘ynagan. Bu tor doiradagi mutaxassislar vazifalarni o‘zaro to‘g‘ri taqsimlab, yosh iqtidorni o‘zi xohlaganicha ijod qilishga imkon berishardi. Qolaversa, qanotlarda har doim pasni qabul qilishga tayyor bo‘lgan dinamik laterallar mehnat qilardi. O‘yinga qarab Konte, so‘ngra Allegri taktikani o‘zgartirardi, ammo fransiyalik yosh yigit atrofida shunchalik ko‘p futbol intellekti va funksionallik jamlangan ediki, u faqat o‘ziga yoqqan narsa — futboldan zavq olish bilan shug‘ullanardi.

O‘sha Pogbani 30 metrlardan yo‘llagan zarbalari, raqiblarni kutilmaganda chaqqonlik bilan ortda qoldiradigan uzun oyoqlari va trivela usulida bergan effektli uzatmalari orqali eslab qolishgan. Ammo "Yuventus"da u hujumning har bir fazasi uchun javob berishi talab etilmasdi. Pirlo pleymeykerlikni o‘z zimmasiga olar, Vidal qora ishlarni bajarar, Markizio esa balansni ushlab turardi. Shu bilan birga, o‘shandayoq bir jihat bor edi: Pogba deyarli hamma narsani qila olardi, lekin 90 daqiqa davomida o‘yinni boshqara olmasdi — u birinchi navbatda "haylaytlar" (yorqin lahzalar) o‘yinchisi edi. Bu haqda Allegri ham ochiq aytib, Pol butun 90 daqiqa davomida o‘yindan uzilib qolmaslikni o‘rganishi kerakligini ta’kidlagan.

Bu kamchilik 2016-yildan keyin, u o‘sha davr uchun APLning rekord summasi evaziga "Manchester Yunayted"ga qaytganida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Avvalroq taktik tahlilchilar Joze Mourinyuning odatiy 4-2-3-1 sxemasi u uchun noqulay bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishgan edi. "Yuventus"da Pogba uchlikning chap markaziy yarim himoyachisi rolida eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatgan bo‘lsa, juftlikda undan mutlaqo boshqacha tartib-intizom talab etilardi. Ochiqroq aytganda, uning ortini yopadigan hech kim yo‘q edi.

Mourinyu hamma usulni sinab ko‘rdi: Pogba tayanch hududida o‘ynadi, "o‘nlik" pozitsiyasiga ko‘tarildi, 4-3-3 da chapda erkinlik oldi, lekin har bir rol uning muhim ustunliklaridan birini tortib olardi. Tayanchda himoyalanishda konsentratsiya yetishmasdi, hujumga yaqinlashganda dribling va uzoqqa uzatmalar uchun joy yo‘qolardi, markaziy yarim himoyachilar uchligida esa unga balans yetishmasdi — haddan tashqari hujumga og‘ib ketardi. Bularning barchasiga o‘sha davrdagi "MYU"ning fundamental muammolari ham qo‘shildi. "Old Trafford"da Pogba kelib, o‘z iqtidori evaziga hamma muammoni hal qiladi deb kutishgandi, ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi.

**Motivatsiyaning yo‘qolishi**

2016-yil 9-oktabr kuni, Niderlandiyaga qarshi Jahon chempionati saralash o‘yinidan bir kun oldin Didye Deshamning yordamchisi Gi Stefan Polni bir chetga tortib, ochiqchasiga tushuntirdi: shtab uning terma jamoada ba’zida go‘yo ko‘cha futbolida o‘ynayotgandek harakat qilishidan charchagan. Ortiqcha fintlar, to‘pni oyoq ostida to‘xtatish, oddiy pas berish mumkin bo‘lgan joyda aldab o‘tishga urinish va shunchaki texnik jihatdan uddalay olgani uchungina oddiy epizodga ortiqcha harakat qo‘shish... Pogbadan o‘yinini ortiqcha narsalardan tozalash va o‘zining ajoyib uzoqdan beradigan zarbalaridan tez-tez foydalanish so‘raldi. Ertasiga kechqurun u Niderlandiyaga deyarli 30 metrdan zarba yo‘llab, yagona va g‘alaba to‘pini kiritdi.

Ammo bir martalik suhbat yetarli bo‘lmadi: keyingi yig‘inlarda Pol yana eski odatlariga qaytdi. Desham va Stefan oylab uni oddiy bir haqiqatga ishontirishiga to‘g‘ri keldi: har bir epizodni o‘z superqobiliyatini namoyish qilishga aylantirish shart emas.

Pogbaning yana bir muammosi aynan shunda edi va bu Mourinyu, jamoadoshlari yoki "MYU" tuzilmasidan ko‘ra ko‘proq uning o‘ziga bog‘liq edi. Pol to‘p bilan mo‘jiza yarata olishini juda erta anglab yetdi va bu holat ba’zida maydonda eng oqilona qarorni qabul qilishiga xalaqit berardi. Pol o‘zida mavjud bo‘lgan sifatlarga haddan tashqari ishonib yubordi va aynan shu sababli uning to‘pni yo‘qotishlari alohida g‘azab uyg‘otardi — tomoshabin hozirgina Pogba bir harakat bilan ikki raqibni ortda qoldirganini ko‘rgan bo‘lsa, bir daqiqadan so‘ng uning o‘z jarima maydonchasi yonida eng oddiy vaziyatda to‘pni boy berganiga guvoh bo‘lardi. Pogba maydonda ruhiy jihatdan beqaror o‘yin ko‘rsatardi.

Bu ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ba’zida tanqidlar xolislikdan uzoqlashib, uning soch turmaklari, raqslari va ijtimoiy tarmoqdagi gap-so‘zlariga yo‘naltirilar edi, ammo kiborlik va maydonda bor kuchini bermaslik bo‘yicha e’tirozlar bejiz paydo bo‘lmagandi. Mourinyuning o‘rnini egallagan Sulsher Polning eng yaxshi versiyasi u samarali harakat qilganida paydo bo‘lishini takrorlardi. Murabbiy individuallikdan voz kechishni so‘ramadi va tavakkal qilishni taqiqlamadi, lekin chegaralarni aniq belgilab berdi — o‘zingni jamoa tuzilmasi ichida ko‘rsatishing kerak.

2018-yilgi Jahon chempionati oldidan Pol Mourinyu bilan munosabatlari yomonlasha boshlagan murakkab mavsumdan so‘ng terma jamoaga keldi. Musobaqaga oz qolganda u Italiyaga qarshi o‘yinda ishonchsiz harakat qildi, ammo Desham baribir unga ishonishda davom etdi. Mart oyida, Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida murabbiylar shtabi kutgan o‘sha Pogbani ko‘rish mumkin edi: 4-3-3 da o‘ng markaziy yarim himoyachi sifatida o‘ynab, u to‘pga 72 marta tegindi va 56 ta uzatmani amalga oshirdi (maydondagi eng yaxshi ko‘rsatkich). Aldab o‘tishga kamroq intildi va o‘yinni gol hamda golli uzatma bilan yakunladi. Bir oydan so‘ng esa biz buyuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘sha Pogbani ko‘rdik. Pol haqiqatan ham yaxshi edi, jumladan mental yetakchi edi, ammo yana o‘sha gap — u atrof-muhit tufayli ochildi: Kante imkoni bor hamma narsani tozalar, yonida ko‘p qirrali Matyuidi mehnat qilar, Grizmann esa "o‘nlik" vazifasini o‘z zimmasiga olardi.

Muammo shundaki, bu faqat bir martalik chaqnash edi, shundan so‘ng Pogbada APLdagi sarson-sargardonlik davom etdi. Pogbaning miyasini uzoq muddatga qayta dasturlashni hech kim uddalay olmadi. Yoshligidanoq Pol favqulodda jismoniy va texnik imkoniyatlari har qanday nomukammal qarorni to‘g‘rilashga imkon berishiga ko‘nikib qolgan edi, shu sababli oqilonalik u uchun rivojlanishning keyingi bosqichi emas, balki cheklanish sifatida qabul qilindi. Eng yaxshi yarim himoyachilar vaqt o‘tishi bilan maydonda kamroq ko‘zga tashlanadigan ishlarni qila boshlaydilar, chunki ular vaziyatni vaqtliroq tushunishadi va qarorni tezroq qabul qilishadi. Pogba bu mantiqni oxirigacha o‘zlashtirmaganday edi. Ijodkor insonlarda shunday bo‘ladi — nimadir o‘xshamasa, motivatsiyani yo‘qotishadi.

**Ishonchni boy berish**

Keyin esa sog‘liq bilan bog‘liq muammolar boshlandi. Avvaliga to‘piq jarohati sabab Pol 2019/20-yilgi mavsumning katta qismini o‘tkazib yubordi va yakunda operatsiya qilindi. Keyin 2021-yilda sonning orqa mushagidagi jiddiy jarohat uni deyarli uch oyga safdan chiqardi, shundan so‘ng "MYU"dagi oxirgi mavsumi tugashiga yaqin yana bir jarohat oldi. Bu vaqtga kelib Pogba o‘z faoliyatini deyarli barbod qilgan va dunyoning eng yaxshilaridan biri bo‘lish umidlarini ko‘mib bo‘lgan edi. U Yevro-2020 dagidek vaziyatga qarab chaqnab turishi mumkin edi, ammo hamma bu shunchaki qisqa muddatli chaqnashlar ekanini tushunardi.

2022-yil yozida "Yuventus"ga qaytish tanish muhitda faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish uchun oxirgi imkoniyat edi, ammo hammasi juda achinarli yakun topdi. Mavsum oldidan o‘tkazilgan birinchi turnedayoq Pogba jarohat oldi: avvaliga Jahon chempionatida o‘ynash imkoniyatini saqlab qolish uchun operatsiyasiz davolanishga urindi, keyin baribir jarrohlik stoliga yotdi va yakunda musobaqani o‘tkazib yubordi. Keyin son mushaklari jarohatlandi va yana futbolsiz uzoq muddat o‘tdi. 2023-yil may oyida Allegri mavsumda ilk bor Polni A Seriya o‘yinida asosiy tarkibga kiritdi, ammo 23-daqiqadayoq u sonining orqa qismini ushlab, maydonga o‘tirib oldi. Jarohat yana qaytallagandi.

Surunkali jarohatlar Pogbaning ishonchini asta-sekin sindirdi. "Yuventus"ga ikkinchi qaytishidan so‘ng u A Seriyada bor-yo‘g‘i 160 daqiqa o‘ynadi. Doping iste’mol qilgani uchun berilgan diskvalifikatsiya esa oxirgi nuqta bo‘ldi. 2023-yil avgust oyida "Udineze"ga qarshi o‘yindan so‘ng steroidlar uchun musbat chiqqan test avvaliga uni 4 yilga futboldan chetlashtirishga olib keldi, keyinroq CAS modda ozuqaviy qo‘shimcha orqali bexosdan iste’mol qilingani haqidagi talqinni qabul qilib, muddatni 18 oyga qisqartirdi. Ammo muhimi shundaki, bu vaqtga kelib Pogba shundoq ham bir yildan ortiq vaqt davomida deyarli o‘ynamagandi.

"Monako"dagi davrni muhokama qilishdan ma’no yo‘q — jarohatlar sabab bu davr asli bo‘lmadi desa ham bo‘ladi. Axir Pogba bir necha yil davomida haqiqatan ham dunyoning eng yaxshilaridan biri edi, ammo buni har kuni isbotlashga tayyor bo‘lib chiqmadi, 30 yoshiga kelib esa o‘z organizmi unga pand berdi. Ha, Pogbaga buyuklikka erishishga oddiy o‘ziga bo‘lgan haddan tashqari ishonch xalaqit berdi deyish jo‘n tuyulishi mumkin. Ammo bu haqiqat — xuddi Polda bu ishonch uchun asoslar bo‘lgani kabi. XXI asrning eng mukammal yarim himoyachilaridan biri bo‘lgan Pol Pogbaning faoliyatidagi yorqin davr juda qisqa vaqt davom etgani afsuslanarlidir.