Siyosat

Prezident lord Anas Sarvarni qabul qildi

O‘zaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi

**Prezident lord Anas Sarvarni qabul qildi**

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni O‘zbekiston – Britaniya iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishida qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri, lord Anas Sarvarni qabul qildi.

Suhbat boshida lord Sarvar davlatimiz rahbariga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Byornemning samimiy salomi va maxsus maktubini yetkazdi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy yo‘nalishda yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Siyosiy muloqotning jadal rivojlanayotgani, barcha darajalardagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda 260 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining ilk IPOsi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Moliya sohasida Standard Chartered banki, neft-gaz tarmog‘ida esa British Petroleum kompaniyasi faoliyat olib bormoqda.

Uchta qo‘shma oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi, Kembrij universiteti bilan hamkorlikda Prezident maktablari ishga tushirildi. Britaniyalik sayyohlar soni ham ko‘paymoqda.

Infratuzilmani rivojlantirish, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalarni ilgari surish, jumladan, buni Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Buyuk Britaniya tomoni Toshkent shahrida «ingliz huquqi» tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan Xalqaro moliya markazini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.