Iqtisodiyot

Qirg‘iziston O‘zbekistondan oyiga 20 ming tonnaga yaqin neft mahsuloti olmoqchi

Qirg‘iziston O‘zbekistondan har oyda 20 ming tonnaga yaqin neft mahsulotlari sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 24.kg nashri Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Kasimaliyevning so‘zlariga tayanib xabar berdi.

Kasimaliyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston import qilingan neftni o‘z zavodlarida qayta ishlagandan so‘ng Qirg‘izistonga oyiga taxminan 20 ming tonna neft mahsulotlari yetkazib berishga tayyor.

Qirg‘izistonda benzin va dizel yonilg‘isi narxlari bosqichma-bosqich oshiriladi. Kasimaliyevning ta’kidlashicha, mamlakat yonilg‘i-moylash materiallarining 90 foizdan ortig‘ini import qiladi. Shu sababli ichki bozor tashqi narxlar, geosiyosiy vaziyat va tashish xarajatlariga bevosita bog‘liq. "Hozircha narxlarni ushlab turibmiz, lekin ular baribir asta-sekin ko‘tariladi", dedi Adilbek Kasimaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan yetkazib berish avvalgiga nisbatan murakkablashgan. Hukumat bir nechta davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda va muqobil yo‘llarni izlamoqda. Hozirda Belarusdan yonilg‘i keltirilmoqda. Xitoydan ham birinchi partiya – beshta avtosisterna olib kelingan. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi yonilg‘ini temir yo‘l orqali tashish imkoniyatini muhokama qilmoqda, chunki avtomobilda yetkazib berish qimmatga tushadi.

Turkiya va Yevropa davlatlari bilan ham yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Biroq bu yo‘nalishlar Kaspiy dengizi va bir nechta davlatlar hududi orqali tashishni talab etib, yonilg‘i narxiga ta’sir qiladi.

Vazirlar Mahkamasi rahbari davlat dizel yonilg‘isi, suyultirilgan gaz va Ai-92 benzini narxlarini subsidiyalashini ma’lum qildi. Shu tufayli ular O‘zbekiston va Tojikistonga qaraganda taxminan 20-25 somga (0,23-0,29 dollar) arzonroq. Biroq narxlarning o‘sishini byudjetdan doimiy ravishda qoplab bo‘lmaydi, buning uchun milliardlab som mablag‘ talab etiladi.

Iyul oyida Qirg‘iziston hukumati mamlakatdan neft va neft mahsulotlarini olib chiqib ketishni butunlay taqiqladi. Shu bilan birga, yonilg‘i importini soddalashtirdi. Ilgari yonilg‘i eksportiga qo‘yilgan taqiq faqat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) bojxona hududidan tashqariga tegishli edi. Endi esa bu cheklov barcha yo‘nalishlarga amal qiladi.