Dunyo

Qozog‘iston o‘zbekistonlik blogerni xalqaro qidiruvga berdi

Qozog‘iston o‘zbekistonlik bloger Mahmud Hikmatovni, internetda Maxa.dxb nomi bilan tanilgan shaxsni xalqaro qidiruvga berdi. Bu haqda hukumatning rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

2000-yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan Hikmatov noqonuniy onlayn-kazino reklamasi bilan bog‘liq gumonlar ostida. Sud unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini belgilagan. U haqidagi ma’lumot uchun mukofot va ma’lumot beruvchining shaxsi sir saqlanishi va’da qilinmoqda.

Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatda qimor o‘yinlari interfeysini yaratish, to‘lovlarni ekvayring, mobil o‘tkazmalar va kriptovalyuta orqali qayta ishlash hamda foydalanuvchilarni jalb qilishga qaratilgan reklama sxemasi faoliyat yuritgan.

Hikmatov kazinolarni targ‘ib qilish uchun qozog‘istonlik blogerlarni jalb qilishga mas’ul bo‘lgan. U ulardan reklama narxini belgilash maqsadida ijtimoiy tarmoq statistikasi – demografiya, obunachilar geografiyasi va auditoriya qamrovini so‘ragan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u jami 35 dan ortiq blogerni noqonuniy faoliyatga jalb qilgan.

Ushbu sxema ishtirokchilaridan biri bloger Qamza Q. bo‘lib, u o‘zining mashhurligidan foydalanib, kazinolarga referal havolalarni joylashtirgan va foydalanuvchilarning o‘tishlari uchun mukofot olgan. U 6-avgust kuni Vyetnamdan ekstraditsiya qilingan edi.