Mahalliy

“Real Sanjik” ishi: Sanjar Karimov yangi dalil keltirdi, sud tergovi yangidan boshlanadi

“Real Sanjik” ishi: Sanjar Karimov yangi dalil taqdim etdi, sud tergovi qayta boshlanadi

Bloger “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tkazilayotgan apellyatsiya sudi noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Sud muzokaralaridan so‘ng navbatdagi sud majlisida sudlanuvchining so‘nggi so‘zi eshitildi. Sud majlisida Sanjar Karimov va uning advokati bilan jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayeva hamda uning turmush o‘rtog‘i ishtirokidagi suhbatning audioyozuvi sudlov hay’atiga dalil sifatida taqdim etildi. Mazkur audioyozuv hamda ayblanuvchining advokatlari tomonidan sudga taqdim etilgan dalillarni o‘rganish, ularga huquqiy baho berish zarurati tug‘ilgani uchun sudlov hay’ati aynan shu qism bo‘yicha sud tergovini tiklash haqida ajrim chiqardi va sud majlisini noma’lum muddatga qoldirdi.

Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Tursunali Akbarovning tushuntirishicha, sud tergovi jarayonida keltirilgan dalillarning ishga aloqadorligiga aniqlik kiritiladi.

“Sud tergovi yakunlanib, muzokaralar ham tugagan, oxirida sudlanuvchining so‘nggi so‘zi qolgan edi. Mana shu jarayonda sudlanuvchi va uning advokatlari, ularning nuqtayi nazaridan, ish bo‘yicha ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan vajlarni keltirib, ma’lum bir dalillarni taqdim etdi. Demak, advokatlar va sudlanuvchi tomonidan taqdim etilgan dalilning ishga qanchalik aloqadorligi, muhimligi va uning huquqiy quvvati nechog‘li ekani sud tergovi jarayonida ko‘rib chiqiladi va yakunda huquqiy baho beriladi”, — dedi poytaxt sudi matbuot xizmati rahbari.

Jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayeva tergov jarayonlari qaytadan o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

“Sanjar Karimovning sudida Jinoyat kodeksining 112-moddasi (oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish) bo‘yicha jabrlanuvchi bo‘lib qatnashyapman. Hozir bular audioyozuv olib kelib berdi. Nega buni oxirida olib kelib berdi? U o‘zining ofisiga bizni olib borib, “shunaqa deysizlar”, deb suhbatni yozib olgan. Lekin undan oldingi yozuv menda bor. Men ham uni sudga taqdim qilaman. Umuman, hamma narsani qaytadan tergov qilishlarini, odilona bo‘lishini istab qolardim”, — dedi jabrlanuvchi.

Sanjar Karimovning advokati Oybek Ashurov so‘nggi dalil — audioyozuv nega so‘nggi so‘z vaqtiga kelib sudga taqdim etilganiga javob berdi.

“Sanjar Karimovning uyali aloqa vositasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lgani, uni bu yerga olib kelish jarayonida ozgina qiyinchiliklar yuzaga kelgani sababli ushbu audioyozuvlarni biz sudga kech taqdim qildik va sud buni qaytadan o‘rganib chiqish lozim deb topdi. Sababi men o‘tgan safar aytib o‘tganimdek, sud majlisiga taqdim etilgan har qanday dalil sud tergovida muhokama qilinishi kerak. U muhokama qilinmasdan turib jinoyat ishiga qo‘shilishi mumkin emas”, — dedi himoyachi.

Ayblanuvchi Sanjar Karimov “audioyozuvda qanday mazmundagi ma’lumot bor?”, degan savolga: “Men tomonimdan hech qanday tahdid qilinmagani haqida. Rostdan ham Rahmatullayeva aldayotgani haqida. Hamma narsa adolatli ko‘rib chiqiladi degan umiddaman”, deya javob berdi.

Keyingi sud majlisi qachon bo‘lishi haqida taraflarga qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 8-may kuni Sanjar Karimovni firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish hamda 410 BHM miqdorida jarima jazosi tayinlagan. Sanjar Karimov hukmdan norozi ekanini bildirib, yuqori instansiyaga shikoyat qilgan.