Rossiyada harbiylar qabrini suratga olganlar qo‘lga olinmoqda

Rossiyada harbiy qabrlarni suratga olgan shaxslarning hibsga olinishi tobora ommaviy tus olmoqda. Bu haqda “Meduza” nashri “Mediazona” muharriri Dmitriy Treshchaninga tayanib xabar berdi.
Xavfsizlik kuchlari hibsga olingan bir qator viloyatlar aholisini kamera qarshisida uzr so‘rashga majbur qilgan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda “Mediazona” urushda halok bo‘lgan rossiyaliklarning qabri suratlari uchun pul taklif qila boshlagan.
Treshchanin bu ma’lumotlar firibgarlarning e’tiborini tortayotganini ta’kidladi. Ular bir necha bor nashrdan hali e’lon qilinmagan ma’lumotlar bazasini sotib olishga uringan. Qabr suratlari, jumladan, qarindoshlarni aldash uchun ham ishlatiladi. Jurnalist bu sxemaning tafsilotlarini oshkor qilmadi, biroq muhim ogohlantirish berdi: agar odamning telefonida suratlar va buyurtmachi bilan yozishmalar topilsa, FXX uni davlatga xiyonatda ayblashi mumkin.
Ish go‘yoki topshiriq Ukraina maxsus xizmatlaridan kelgandek rasmiylashtiriladi. Qolaversa, bunday takliflarni jinoyatchilikni ochish ko‘rsatkichini oshirish uchun xavfsizlik xodimlarining o‘zlari ham yuborishi mumkin.
O‘tgan hafta oxirida Yaroslavlda yashovchi bir kishiga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Ayblovga ko‘ra, u 2024-yilning oktyabr oyidan boshlab rossiyalik harbiylarning qabrlarini muntazam ravishda suratga va videoga olib, bu materiallarni Ukraina maxsus xizmatlariga yuborgan.
Nashrning qayd etishicha, so‘nggi bir oy ichida Yaroslavl viloyat sudi saytida davlatga xiyonat bo‘yicha kamida ikkita jinoiy ish paydo bo‘lgan. Iyun oyi oxirida esa Tomsk viloyatining bir nechta rezidenti xuddi shunday ish bo‘yicha hibsga olingan. Ularning aniq soni ochiqlanmagan.
“Mediazona” BBC rus xizmati bilan birgalikda urushda halok bo‘lgan rossiyaliklar sonini hisoblab bormoqda. Nashr ilgari ko‘ngillilardan Rossiya qabristonlaridagi yangi qabrlar suratini yuborishni so‘raganini ta’kidladi. Endilikda esa nashr bunday qilmaslikni qat’iy tavsiya etmoqda.

