Sud apparati xodimlari yangi maxsus xizmat kiyimi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Sud apparati xodimlarining yangi maxsus xizmat kiyimi qanday ko‘rinishda bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga sud-huquq tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti o‘tkazilganida, sud apparati xodimlari uchun mo‘ljallangan maxsus xizmat kiyimi namunalari ham ko‘rib chiqilgan edi. “O‘zbekiston 24” telekanali lavhasida ushbu kiyimning qanday ko‘rinishda ekanligi namoyish etildi.
Taqdim etilgan namunalarga ko‘ra, xizmat kiyimi to‘q ko‘k rangdagi kostyum-shim (ayollar uchun yubka), och rangli ko‘ylak va ko‘k galstukdan iborat bo‘ladi. Unda pogonlar va chap yengda sud tizimi emblemasi ham aks etadi. Yozgi mavsum uchun esa kostyumsiz, kalta yengli ko‘ylakli variant taklif qilingan.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi fuqarolarga sud xodimlarini oson tanib olish imkonini beradi va ularning kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Mansab darajasiga ega bo‘lgan sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimi namunalari va uni kiyish tartibi bo‘yicha idoraviy hujjat loyihasini 2027-yil iyun oyigacha ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bu prezidentning 14-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasida belgilangan.
“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 95-moddasida sudya odil sudlovni maxsus kiyimda amalga oshirishi belgilangan. Kiyim tavsifi va namunalari Senat tomonidan tasdiqlanadi. Hozirda sudyalar mantiyada ish olib boradi. Konstitutsiyaviy sud sudyalari uchun to‘q to‘q-qizil rang, qolgan sudyalar uchun esa to‘q ko‘k rang tanlangan.

