Sukerberg sun’iy intellektning asosiy tahdidini aytdi
Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt rivojlanishining jamiyat uchun asosiy xavfi - bu texnologiya ustidan bir tashkilot yoki mamlakatning haddan tashqari katta nazoratni qo‘lga kiritishidir.

**Sukerberg sun’iy intellektning asosiy xavfini oshkor qildi**
Meta korporatsiyasi asoschisi Mark Sukerberg sun’iy intellekt (SI) taraqqiyoti borasidagi o‘z qarashlarini bayon etgan manifestni e’lon qildi. Bu haqda Axios xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt rivojlanishining jamiyat uchun eng katta xavfi – bu texnologiya ustidan bir tashkilot yoki mamlakatning haddan tashqari katta nazoratni qo‘lga kiritishidir.
Sukerberg o‘z manifestida, xususan, SI bilan bog‘liq tahdidlarning aksariyati bo‘rttirilganini va bu texnologiyaning ijobiy imkoniyatlari yetarlicha baholanmayotganini qayd etadi. Shuningdek, u so‘nggi paytlarda dasturchilar tez-tez duch kelayotgan modellarni chiqarishdan oldingi tartibga solishdan farqli o‘laroq, modellarni rivojlantirishning dastlabki bosqichlarida kompaniyalarning davlatlar bilan hamkorlik qilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Sukerberg o‘z manifestini Meta o‘zining ochiq kodli Muse Glimmer nomli SI-modelini taqdim etgan kunning o‘zida e’lon qildi. Bunday modellarda turli parametrlar va ma’lumotlar hamma uchun ochiq bo‘lib, foydalanuvchilar ularni yuklab olishi mumkin. Muse Glimmer so‘nggi davrdagi eng ilg‘or modellardan ancha kuchsizroq bo‘lsa-da, u SI tizimlarini bevosita foydalanuvchi qurilmalarida ishga tushirish imkonini beradi.
Sukerberg yana bir bor ochiq kodli modellarni, shuningdek, «distillayatsiya» deb ataluvchi imkoniyatni – ya’ni SI-modellarini boshqa, kuchliroq modellar asosida maqsadli o‘qitish va maxsus so‘rovlar yordamida ularning asosiy xususiyatlarini «ajratib olish»ni yoqlab chiqdi. Uning fikricha, texnologiyadan hamma foydalana olishiga sharoit yaratish muhim. Sukerberg, shuningdek, sun’iy intellekt rivojlanishi tufayli qurilishi jadallashgan yirik ma’lumotlar markazlari yaqinida joylashgan hududlardagi jamoalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard dollar hajmidagi jamg‘arma tashkil etish rejasi borligini ham ma’lum qildi.

