Siyosat

“Suvaraklar bilan to‘la”: Saakashvili qamoqxonadagi sharoitdan nolidi

**"Suvaraklar bilan to‘la": Saakashvili qamoqxona sharoitidan shikoyat qildi**

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qamoqxonadagi og‘ir sharoitlar haqida yozib, o‘zining ahvolidan noroziligini bildirdi.

Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, u "kichik, qorong‘i, suvaraklarga to‘la va havo yomon aylanadigan" bir kishilik kamerada saqlanmoqda. U boshqa siyosiy mahbuslar uchun ham sharoit xuddi shunday ekanligini ta’kidladi.

"1-oktyabrda qamalganimga besh yil to‘ladi. Xalqaro me’yorlarga ko‘ra, bir kishilik kamerada bunday uzoq vaqt saqlash qiynoq va g‘ayriinsoniy muomalaga tenglashtiriladi", deb yozdi Saakashvili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxona sement zavodi yaqinida joylashgani sababli mahbuslar doimiy ravishda sement changidan nafas olishga majbur bo‘lmoqdalar. Sobiq prezident, shuningdek, rafiqasi bilan haftasiga bir necha daqiqalik muloqotdan tashqari barcha telefon qo‘ng‘iroqlari taqiqlanganini ma’lum qildi. U Ukraina konsuli bilan uchrashish, Ukraina bosma nashrlari hamda videomateriallarini olish taqiqlangani, advokatlariga esa oilaviy fotosuratlarni olib kirishga ijozat berilmayotganini tanqid qildi.

Siyosatchi ko‘plab xalqaro va parlament delegatsiyalarining u bilan uchrashishi rad etilganini ta’kidladi. Saakashvili saqlash sharoitini unga bosim o‘tkazish va irodasini sindirishga urinish deb atadi.

Mixail Saakashvili 2004-yildan 2013-yilgacha Gruziya prezidenti lavozimida ishlagan. U 2021-yil oktyabr oyidan beri qamoqda. Saakashvili Gruziyaga qaytganidan keyin deyarli darhol hibsga olingan. Qamoqxonada uning sog‘lig‘i sezilarli darajada yomonlashgan.

2022-yil may oyidan beri siyosatchi Tbilisidagi Vivamed klinikasida davolangan, u 12-noyabr kuni kasalxonadan qamoqqa qaytarilgan. Saakashviliga nisbatan chiqarilgan barcha hukmlar 12 yarim yillik jazoni nazarda tutadi. Siyosatchi 2034-yil 1-aprelgacha qamoqda o‘tirishi kerak.

Saakashvili deputat Valeri Gelashvilini kaltaklash va bank xodimi Sandro Girgvlianining qotillarini afv etish (6 yil), byudjetdan 9 million lari (3 million yevro)ni o‘zlashtirish (9 yil), davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish (4,5 yil) da aybdor deb topilgan. Jazolarni qisman qo‘shish natijasida siyosatchining umumiy qamoq muddati 12 yil-u 6 oyga yetdi.