Siyosat

Tarixiy nutq. “Tarix qonunlari o‘tkinchi hukmdorlar irodasidan kuchliroq” — Lev Shlosberg

Gazeta insoniyat tarixida muhim ahamiyat kasb etgan chiqishlarni o‘zbek tilida berib boruvchi 'Tarixiy nutq' ruknini davom ettiradi. Navbatdagi sonda 17-avgust kuni Rossiyaning Pskov shahar sudi 11 yilga ozodlikdan mahrum qilgan rossiyalik siyosatchi Lev Shlosbergning sud majlisidagi nutqini keltirib o‘tamiz.

**Tarixiy nutq: “Tarix qonunlari o‘tkinchi hukmdorlar irodasidan kuchliroq” — Lev Shlosberg**

17-avgust kuni Pskov shahar sudi “Yabloko” partiyasi raisi o‘rinbosari Lev Shlosbergni Rossiya armiyasini takroran “obro‘sizlantirish” va u haqida “feyk xabarlar” tarqatishda ayblab, 11 yilu bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Siyosatchi Lev Shlosberg 2023-yil iyunidan beri Rossiyada “inoagent” (“xorijiy agent”) maqomida edi. Unga nisbatan jinoiy ishlar 2025-yil iyun va dekabr oylarida ochilgan bo‘lib, Shlosberg 2025-yil 5-dekabridan beri qamoqda saqlanayotgan edi.

Lev Shlosberg ishini Pskov shahar sudi 14-avgust kuni ko‘rib chiqdi. Meduza xabariga ko‘ra, sud majlisida muzokaralar siyosatchining har uchala advokati ishtirokisiz o‘tdi (ikkitasi boshqa sud jarayonlarida band edi, biri esa shifoxonada yotgandi). Sud majlisni boshqa kunga qoldirmadi va Shlosbergning e’tirozlariga qaramay, unga davlat tomonidan advokat tayinlandi. Natijada siyosatchi jarayonda ishtirok etmadi.

So‘nggi so‘z berilganda, Lev Shlosberg suddan rahm-shafqat so‘ramadi. Aksincha, u Konstitutsiyada kafolatlangan fundamental yashash huquqi, munosib hayot kechirish huquqidan mahrum qilinayotgan insonlar, urushda nom-nishonsiz ketgan va ketayotgan umrlar, tinchlik tarafdori bo‘lgan odamlarni ta’qib qiladigan davlat haqida gapirdi. Sudya Shlosbergning so‘zini qayta-qayta bo‘lib, undan “ishning mohiyati bo‘yicha” gapirishni talab qildi. Bunga javoban siyosatchi so‘nggi so‘zi oxirigacha urushga qarshi pozitsiyasida hamda o‘t ochishni to‘xtatib, siyosiy muzokaralarni boshlash, insonlarning o‘ldirilishi va qon to‘kilishiga chek qo‘yish talabida qat’iy turdi.

Gazeta avvalroq Lev Shlosbergning 2017-yil 6-iyun kuni Pskov viloyati deputatlar yig‘ilishida “vatanparvarlik darslari” haqida o‘qigan nutqini e’tiboringizga havola qilgandi. “Tarixiy nutq”ning ushbu sonida esa uning suddagi nutqi tarjimasini keltiramiz (nutq “Novaya gazeta” va “Meduza” nashrlari e’lon qilgan materiallarga asoslanib, Shlosbergning so‘zini bo‘lib turgan sudyaning so‘zlari va ayrim qisqartirishlar bilan tarjima qilindi).

**Lev Shlosbergning suddagi so‘nggi so‘zi:**

Ayblanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur emas. Ayblov ham, sud ham mening aybsizligimni yaxshi biladi. Shunga qaramay, ushbu jinoyat ishining boshidan oxirigacha — qo‘zg‘atilgan paytidan boshlab, dastlabki tergov va sud tergovi davomida — himoyachilarim bilan birga aybsizligimni isbotlash bilan band bo‘ldik.

Nega ayblovchi tomon nohaq ayblovda qat’iy turibdi, sud esa himoya tarafining deyarli barcha iltimosnomalarini rad etib, ishda aybsizligimga doir yangi dalillar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor imkoniyatini ishga solyapti? Chunki bu — siyosiy jinoyat ishi. Siyosiy jinoyat ishining mohiyati va vazifasi nimadan iborat?

Siyosiy jinoyat ishida haqiqatni qaror toptirish vazifasi mavjud emas. Unda faqat insonni siyosiy, ijtimoiy va fuqarolik pozitsiyasi uchun jazolash vazifasi hal qilinadi — aksariyat hollarda shunchaki insonning fikri hukumatniki bilan bir joydan chiqmagani uchun. Siyosiy jinoyat ishida haqiqiy jinoiy-huquqiy mazmun bo‘lmaydi. Faqat qasddan qilingan noqonuniy maqsadga erishish uchun tergov va sud imitatsiya qilinadi.

Mohiyatan, barcha siyosiy jinoyat ishlari — hokimiyatga ega odamlarning hokimiyatga ega bo‘lmagan va ular bilan kelishmovchilikda bo‘lgan insonlardan o‘ch olishga urinishidir.

**Sudya Viktoriya Malyamova Shlosbergning so‘zini bir necha bor bo‘ldi.**

Hech bir davlatni qayta qurish, dunyoni siyosiy qayta tuzish shuncha insonning o‘limiga arzimaydi. Ular uchun hammasi tugadi. Ularning hech qanday kelajagi yo‘q. Ular halok bo‘ldi.

Mening pozitsiyam shundan iboratki, hozir bir vaqtning o‘zida ikkita kelishuvga erishish zarur. Birinchisi — o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv. Lekin hech qanday istisnolarsiz, barcha yo‘nalishlarda siyosiy muzokaralar bo‘lmas ekan, insonlar hayotini saqlab qoladigan sulh bitimi amalda ishlamaydi. Bu chegaralar, hududlar, asirlar almashinuviga taalluqli…

**Sudya:** Davom etavering, marhamat, sizni hech kim cheklamayapti. Faqat kamera oldida chiqish qilishning keragi yo‘q. Siz sudga murojaat qilyapsiz.

— Sudya janoblari, men 2025-yil dekabridan beri kameradaman, menga kamera oldida chiqish qilishning keragi yo‘q.

**Sudya:** Men sizga qaratilgan videokamerani nazarda tutyapman. 2026-yil va tinch yo‘l bilan hal qilish haqidagi gaplarni qo‘ya turaylik. Bu haqda boshqa joyda gapirib berasiz, hozir bu mutlaqo qiziq emas.

— Ijozatingiz bilan davom ettiraman…

Bugungi kundagi dolzarb vazifa faqat bitta — odamlar o‘ldirilishini to‘xtatish va siyosiy muloqotga o‘tish. Bu siyosiy muloqot qancha davom etishi va nima bilan yakunlanishini hozir aytolmaymiz. Biroq bu muloqotning har bir kuni minglab insonlar hayotini saqlab qoladi. Siyosatchilar shu haqda o‘ylashlari kerak. Nazarimda, tarixchilar ham shu haqda o‘ylashlari lozim. Chunki o‘tgan urush qurbonlari endi oramizda yo‘q va ularning hech biri qaytib kelmaydi. Bugun tirik bo‘lgan odamlar esa, agar ushbu kelishuv imzolansa, tirik qolishlari mumkin.

Hozirgi birinchi qadam — hech qanday dastlabki shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash. Shundan so‘ng ko‘plab shartlar bilan siyosiy muzokaralar boshlanadi va bu keyingi bosqich bo‘lib, u zudlik bilan boshlanishi kerak. Ana shundagina bu halokatli qulashni to‘xtatish imkoni paydo bo‘ladi.

Hozir boshqacha shaxmat, ma’zur tuting, qonli shaxmat o‘ynalyapti. Bunda avvalo odamlarni o‘ldirishni to‘xtatish, o‘zaro harbiy bo‘lmagan muloqot uchun sharoit yaratish, jamiyatlar uchun insoniy munosabatlarni tiklash imkoniyatini vujudga keltirish zarur. Jamiyatda insoniy munosabatlar saqlanib qolgan, tinchlik sharoitida esa ular hal qiluvchi omilga aylanadi. Tushunyapsizmi, mamlakatlar oldinga siljishi uchun hal qiluvchi omilga. Dunyo barqaror turishi uchun. Biz siz bilan jamiyatda tinchlik kayfiyatini saqlash haqida qayg‘urishimiz kerak. Hozir bizning asosiy vazifamiz shu. Tinchlikka erishsak — erkinlikni qaytaramiz.

Himoya guvohlarining qanday so‘roq qilingani menda katta taassurot qoldirdi. Lekin ulardan birortasi ham erkin gapira olmadi, hech biri o‘z fikrini to‘liq bayon eta olmadi. “Sizning fikringiz sudni qiziqtirmaydi” degan ibora nafaqat Jinoyat-protsessual kodeksiga zid, balki odamlarga nisbatan hurmatsizlik ham. Pskov shahar sudida odamlarga nisbatan bu qadar hurmatsizlik qayerdan paydo bo‘ldi? Bu hurmatsizlik Rossiya jamiyati uchun nimani anglatishi kerak?

Bunday hurmatsizlik, jumladan, urush va uning fojiasi bevosita jabr yetkazgan odamlarga nisbatan ham namoyon etilganiga e’tibor qaratmaslikning iloji yo‘q. Ota-onasi va singlisi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan Sudjada qolib ketgan hamda biz birgalikda ularni qutqarish ishlari bilan shug‘ullangan Sergey Dmitriyevich Televinov — Sergiy otaga nisbatan. “Kommersant” gazetasining yillar davomida jangovar harakatlar hududida bo‘lgan, hamkasblari urushda halok bo‘lgan jurnalisti, harbiy muxbir Aleksandr Yevgenevich Chernixga nisbatan. Ular orasida men taqdiri haqida yozgan muxbir Nikita SiTsagi ham bor. Shuningdek, bir necha flotda xizmat qilgan zaxiradagi birinchi darajali kapitan Yevgeniy Gennadevich Vasilev ham o‘z fikrini to‘liq bildira olmadi.

O‘z vaqtida, o‘z o‘rnida jonini xatarga qo‘ygan bu insonlarning barchasiga sud tomonidan hurmatsizlik qilindi. Bu Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish emasmi?

Men sud jarayoni ishtirokchilariga, istisnosiz barchaga birdek hurmat ko‘rsatish — tortishuvga asoslangan sud muhokamasining negizi, deb hisoblayman. Bunday hurmat bo‘lmas ekan, hech qanday to‘laqonli sud jarayoni bo‘lishi mumkin emas. Biz siyosiy hokimiyatga ega bo‘lgan hamda menga nisbatan shaxsiy, siyosiy, mafkuraviy va, afsuski, ehtimol, milliy adovat sababli harakat qilayotgan shaxslarning buyurtmasi bilan menga qarshi ochilgan siyosiy jinoyat ishi ichidamiz. Ularning maqsadi — Rossiya fuqarolari va mamlakatimiz manfaatlari yo‘lidagi siyosiy faoliyatimga chek qo‘yish.

Bugun bu ishni millionlab odam kuzatyapti. Sudning bu ish bo‘yicha chiqaradigan hukmiga qarab, odamlar yaqin kelajakda nafaqat Rossiya sud hokimiyati, balki butun Rossiyaning bir mamlakat sifatida qaysi yo‘nalishda harakatlanishi haqida xulosa chiqaradi. Bu Pskov shahar sudining, Pskov viloyat sudining va Pskov viloyatining bir hudud sifatidagi ichki ishi emas. Bu umumrossiya miqyosidagi siyosiy jinoyat ishi. Bu jinoyat ishining oqibatlari uning o‘zi bilan cheklanib qolmaydi. Bu ishda, Rossiya jamiyatining aksariyati ko‘z o‘ngida mening himoyachilarim va men davlat ayblovchisi ustidan yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonib bo‘ldik.

Rossiya jamiyati o‘z hukmini allaqachon chiqargan. Men — noqonuniy tartibda jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, sud hukmi chiqqunga qadar qonunga xilof tarzda ozodlikdan mahrum etilgan va sud hukmi bilan noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etilmoqchi bo‘lgan aybsizman.

Faqat bitta savol qoldi. Sud hukmi jamiyat hukmiga mos keladimi? Bu faqat mening taqdirim va oilamiz hayoti masalasi emas. Bu — sud hokimiyatining obro‘-e’tibori masalasi, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining amal qilishi yoki bekor qilinishi masalasi, bugun Rossiyada inson hayoti qanday qadr-qimmatga ega ekani masalasi.

Barcha hamma narsani tushunib turibdi, jumladan, davlat ayblovi ham, ishonchim komilki, sud ham tushunib turibdi. Lekin tushunishning ortidan harakat bo‘lishi kerak.

Men aybsizman, suddan oqlov hukmini talab qilaman!

Muhtaram sud, Rossiyada yana g‘oliblar zamoni keldi. Rossiya Konstitutsiyasining birinchi moddasi birinchi qismiga muvofiq, Rossiya demokratik federativ huquqiy davlatdir. Hozir bu tamoyildagi har bir so‘z himoyaga muhtoj. Demokratik Federativ Respublikada, Konstitutsiyaning ikkinchi moddasiga ko‘ra, inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini tan olish, ularga rioya etish va ularni himoya qilish — davlatning burchidir. Ushbu qoidalar Rossiya konstitutsiyaviy tuzumining asosini tashkil etgan.

1993-yil dekabrida Konstitutsiya qabul qilinganidan beri salkam 33 yil vaqt o‘tdi. Mamlakatimiz qanday qilib bu ahvolga tushib qoldi? Shu o‘tgan 33 yilning har birida davlat inson huquq va erkinliklarini bekor qiladigan va kamsitadigan harakatlarni sodir etdi. Noyob tarixiy imkoniyatlar darchasiga ega bo‘la turib, Rossiya davlati bolshevizmning tug‘ma dog‘laridan xalos bo‘la olmadi.

**Sudya:** Sudlanuvchi Shlosberg, endi bolsheviklarni eslayapsiz!

— Bolshevizm davom etyapti, sudya janoblari.

**Sudya:** Yo‘q, bolsheviklar haqida [gapirish] kerak emas! Siz bayon qilayotgan holatlarning ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishiga aloqasi yo‘q.

— Sudya janoblari, men o‘z huquq va erkinliklarim haqida gapiryapman.

**Sudya:** Huquq va erkinliklar haqida — boshqa joyda [gapirasiz]. Hozir, marhamat qilib, so‘nggi so‘zingizni ayting.

— O‘ttiz yil ichida Rossiyadagi davlat va jamiyat ozodlikka bo‘lgan umidlardan inson hamda fuqaro huquq va erkinliklarining deyarli butunlay yo‘q qilinishigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Rossiya davlati yana ayblovchi, fuqaro esa yana gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga aylanib qoldi.

**Sudya:** Yana davom etyapsizmi? Keyingi varaqqa o‘tib, boshqa biror narsa haqida o‘qing.

— Mamlakatimiz yana XX asrning keskin yo‘nalishiga qaytdi. Bu yo‘ldagi fojiali yurish millionlab insonlarning azobli o‘limiga, o‘n millionlab odamlarning taqdiri izdan chiqishiga, sanoqsiz va bitmas ruhiy jarohatlarga sabab bo‘lgandi. XXI asrda mamlakatni boshi ortga o‘girilgan holda olg‘a yetaklashga urinishyapti. Biroq davlat qaysi tomonga qarab yursa, mamlakatni ham o‘sha tomonga boshlaydi. Kelajak sari emas, o‘tmishga. Tarixda adashib qolgan bu yo‘lovchi qanchalik uzoqqa borishini hech kim bilmaydi.

2022-yil 24-fevralda mamlakatimizga Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk bor urush davri qaytdi. Bu urush davri istisnosiz barcha Rossiya fuqarolarining hayotini o‘zgartirdi. Bu vaqt mobaynida minglab odamlarning umriga muddatidan avval zomin bo‘lindi. Ertami-kechmi, halok bo‘lganlarning nomlari bilan birga aniq va to‘liq soni e’lon qilinadi va butun mamlakat bu motamnoma ro‘yxatidan dahshatga tushadi.

**Sudya:** Sudlanuvchi, keling, bu yerda bashoratchilik qilmaylik. Ishning mohiyatiga o‘taylik.

Bu ma’lumotlar ommaga oshkor etilgach, kimdir nima sodir bo‘lganini, bu fojianing ko‘lami naqadar kengligini va uning abadiy o‘chmas insoniy izi qanday bo‘lishini ilk bor tushunib yetadi. Harbiy amaliyot boshlanganining to‘qqizinchi kuni, 4-martda, misli ko‘rilmagan tezlikda, birgina ish kuni ichida, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlaridan foydalanish to‘g‘risida bila turib yolg‘on ma’lumotlarni ommaviy tarqatish va Qurolli kuchlardan foydalanishni obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi, e’lon qilindi va kuchga kirdi.

Rasman bu normalar Rossiya armiyasi harbiy xizmatchilarini va jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan boshqa tuzilmalar xodimlarini kamsituvchi baholar va xatti-harakatlardan himoya qilishi kerak edi. Aslida esa, bu yangi normalardan darhol g‘irrom siyosiy kurash olib borish hamda insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini bevosita cheklash maqsadida foydalanila boshlandi. Bu qonunlar aynan shu maqsadda qabul qilinganiga ishora qiluvchi alomatlar ko‘p.

Mana, necha yillardan beri — bu 2022-yil 24-fevralda boshlanmagan — davlat tashviqot qurollari go‘yoki harbiy xizmatchining asosiy huquqi bu o‘lim huquqi, o‘ldirilish huquqidir, degan o‘ta xavfli afsonani tarqatib kelmoqda, go‘yoki bu odamlarning hech biri yashashga haqli emasdek.

Bugun mamlakatimizda harbiy xizmatchining yashash huquqini kim himoya qiladi? Ota-onaning o‘z o‘g‘lini tirik ko‘rish huquqini kim himoya qiladi? Ayolning turmush o‘rtog‘i bilan butun bir oila bo‘lib yashash huquqini kim himoya qiladi? Sevikli ayolning suyukli yori bilan birga bo‘lish huquqini kim himoya qiladi? Harbiy xizmatchining ota bo‘lish, farzandlarining go‘dakligini ham, ulg‘ayganini ham ko‘rish huquqini kim himoya qiladi? Farzandlarning otasi bag‘rida ulg‘ayish huquqini kim himoya qiladi? Harbiy xizmatchi va uning oilasining oddiy insoniy baxtga erishish huquqini kim himoya qiladi?

Bugun Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi shunday qo‘llanmoqdaki, odamlar hayotini asrab qolishni, hamdardlik va siyosiy mas’uliyatni talab qilayotgan shaxs qurolli kuchlarni obro‘sizlantirishda ayblanmoqda. Qon to‘kilishining davom etishini talab qilayotganlar esa ayblov va sud tomonidan go‘yoki manfaatdor bo‘lmagan guvohlar sifatida foydalanilmoqda. Yovuzlik mamlakat hayotidan ezgulikni ana shunday siqib chiqarishga urinyapti.

2022-yilning 4-mart kuni harbiy senzura to‘g‘risidagi qonun uchun ovoz bergan Rossiya Davlat Dumasi deputatlaridan birontasi ham frontga bormadi, jangovar saflardan o‘rin olmadi, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymadi, o‘z ovozi uchun o‘z amali bilan javob bermadi. Hammasi qo‘rqoqlik qildi. Ularning bari Oxotniy Ryaddan (Rossiya Davlat Dumasi binosi shu ko‘chada joylashgan, tahr.) jilmay, o‘zlarini davlat manfaatlari himoyachisi qilib ko‘rsatdi.

**Sudya:** Sudlanuvchi, keling, bu yerda hech kimni ayblamang.

— Lekin davlat manfaatlari bilan niqoblangan qo‘rqoqlik pastkashlikka aylanadi.

**Sudya:** So‘nggi so‘z sizga buning uchun berilmagan.

— Mamlakatimizda har bir insonning yashash huquqini kim himoya qiladi? Bu shunday bir fundamental huquqki, uning kafolatisiz inson va fuqaroning boshqa barcha huquq va erkinliklarini himoya qilish ham, amalga oshirish ham mumkin emas. Ko‘p karra ko‘z yoshlar va qon bilan sug‘orilgan Rossiya Konstitutsiyasi insonning yashash huquqi daxlsiz ekanini va unga nisbatan hech qanday cheklovlar qo‘llanilmasligini tasdiqlaydi. Konstitutsiyaga muvofiq, bu huquq qonunlarning ma’no-mazmunini, davlat hokimiyatining barcha organlari faoliyatini belgilab berishi va odil sudlov orqali ta’minlanishi lozim.

Konstitutsiya Rossiyaning har bir fuqarosiga jismoniy mavjudot sifatida yashash huquqini kafolatlash bilan cheklanmaydi. Rossiya Konstitutsiyasi insonning munosib hayot kechirishi va erkin kamol topishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan davlat siyosati yuritilishini kafolatlaydi. Har bir inson uchun.

Munosib hayot — bu o‘zing, ota-onang, farzandlaring va nevaralaring hayoti uchun qo‘rqmasdan yashash demakdir. Munosib hayot — bu insonning o‘z kelajagini hamda o‘z oilasi va butun jamiyatning keyingi avlodlari taqdirini anglab yetishidir. Inson uchun munosib hayot — bu urushsiz, har lahzada kutilmagan o‘lim xavfidan xoli hayot. Munosib hayot — bu mamlakatdagi fuqaroviy muloqot va fuqaroviy tinchlikdir. Munosib hayotga faqat tinchlik sharoitidagina erishish mumkin. Tinchlik har bir inson hayotining shartidir. Insonning erkin kamol topishi…

**Sudya:** Sudlanuvchi, ishning mohiyati bo‘yicha gapiring, iltimos.

— Men faqat ish bo‘yicha gapiryapman. Men o‘zim haqimda gapiryapman, sudya janoblari. Bu yerda meni sud qilishyapti.

**Sudya:** Siz boshqalar haqida gapiryapsiz.

— Men hamma haqida gapiryapman. O‘zim haqimda ham.

**Sudya:** Hamma haqida gapirishning keragi yo‘q.

— Insonning erkin kamol topishi — bu ozodlikdan mahrum bo‘lishdan qo‘rqmay, bemalol yozish va so‘zlash imkoniyatidir. Insonning erkin kamol topishi — davlatni hamda davlat hokimiyatining istalgan bo‘g‘inini: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini erkin va xavfsiz tanqid qilish huquqidir. Oddiy amaldordan tortib davlat rahbarigacha — har qanday mansabdor shaxsni.

Insonning erkin kamol topishi davlatdan insonga va har bir shaxsning qadr-qimmatiga hurmat ko‘rsatishni talab qiladi. Agar davlat o‘z siyosatining markaziga insonni qo‘ymas ekan, uning erkin kamol topishi imkonsiz. Davlat insonni o‘z siyosatining oliy qadriyati va mazmuniga aylantirishi lozim.

Urush davrida insonning yashash huquqini, tinch va ozod yurtda munosib hayot kechirish huquqini himoya qilish barcha mas’uliyatli siyosatchilarning burchiga aylanadi. Barcha vijdonli fuqarolarning, mamlakatimizda tinch va erkin kelajak zarurligini anglagan har bir kishining burchiga aylanadi.

Har bir inson kelajakka haqli. Yashash huquqi tiklanmas ekan, siyosat o‘z ma’nosini yo‘qotadi.

**Sudya Malyamova Shlosbergdan yana “ko‘rib chiqilayotgan masalaga” qaytishni talab qildi.**

— Mamlakatimizning so‘nggi bir yarim asrlik tarixi — bu ketma-ket urushlar tarixidir. 1853−1856-yillardagi Qrim urushi. 1877−1878-yillardagi Rus-turk urushi. 1904−1905-yillardagi Rus-yapon urushi. 1914−1918-yillardagi Birinchi jahon urushi. 1917−1922-yillardagi Fuqarolar urushi. 1939−1940-yillardagi Sovet-fin urushi. 1941−1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushi. 1979−1989-yillardagi Afg‘onistondagi urush. Birinchi (1994−1996) va ikkinchi (1999−2009) Checheniston urushlari. 2014-yildan beri mahalliy, 2022-yildan beri esa Ukrainada keng ko‘lamli harbiy operatsiya. Bu hali podsho, sovet va Rossiya armiyasi harbiy xizmatchilari goh oshkora, goh yashirin tarzda ishtirok etgan mahalliy harbiy mojarolarni tilga olmaganda.

Hozirga qadar halok bo‘lganlarning to‘liq ro‘yxati tuzilmagan va ko‘plab nomlarni, katta ehtimol bilan, endi tiklab bo‘lmasa kerak. Millionlab odamlarning qayerda halok bo‘lgani va qayerga dafn etilgani haqida hech narsa ma’lum emas. Millionlab qabrlarni endi topib bo‘lmaydi, hech qachon topilmaydi. Shu ma’noda, o‘tmishdagi urushlar davom etmoqda, chunki unda halok bo‘lgan so‘nggi askar dafn etilmaguncha urush tugagan hisoblanmaydi. Urushda halok bo‘lganlar…

**Sudya:** Siz bayon qilgan holatlarning ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishiga aloqasi yo‘q.

— Sudya janoblari, men urushda halok bo‘lganlar haqida gapiryapman.

**Sudya:** Bu haqda gapirishingiz mumkin, lekin bu yerda, sud majlislari zalida emas. Urushda halok bo‘lganlarning ko‘rib chiqilayotgan ishga hech qanday aloqasi yo‘q.

— Sudya janoblari, men bu matnni bor mehrimni berib yozdim. Va unga, mening nazdimda, ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi mohiyatiga mos keladigan narsalarnigina kiritdim. So‘nggi so‘zimni qanday tuzgan bo‘lsam, shunday yakunlashimga imkon berishingizni so‘rayman. Siz esa keyinroq o‘z qaroringizni qabul qilasiz.

Urushlarda qurbon bo‘lganlar — bu o‘z hayotini yashash va keyingi avlodlarga hayot berish imkoni berilmagan insonlar bilan to‘la ulkan bir mamlakat. Va boshdanoq dunyo yuzini ko‘rmagan insonlar hayotidir. Rossiyaning insoniyat tarixidagi hech qanday o‘lchovsiz, chuqur, o‘rni to‘lmas bo‘shliqlardir. Bu dunyoga kelmagan insonlar uchun kimning yuragi achishadi?

Avloddan-avlodga takrorlanib kelayotgan tinimsiz qon to‘kish, qurbonlik qilish an’analarini davom ettirish kimga va nima uchun kerak?

Bugungi kunda mamlakatimizda qabristonlar, jumladan, harbiy qabristonlar ham tug‘ruqxonalar, bolalar bog‘chalari va maktablarga qaraganda ancha tez kengaymoqda. Bugun Rossiya mamlakatda hayotni saqlab qolish sharti sifatida tinchlikka muhtoj.

Ehtimol, kimdir xalqni umuman insoniy va qisman harbiy kuchning tuganmas manbai deb hisoblayotgandir. Manba, albatta, hayotbaxsh, lekin har qanday manba singari xalq ham g‘amxo‘rlik va parvarishga muhtoj. Manbalarning ko‘zini berkitib, ifloslantirib, zaharlab bo‘lmaydi.

**Sudya Malyamova yana uning gapini bo‘ldi.**

Manbalardan noo‘rin foydalanish mumkin emas. Manbalardagi suvning tabiiy oqim yo‘nalishini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xalq harakatining tabiiy yo‘nalishi — hayotdir. Tabiat shunday yaratilgan. Xudo shunday iroda qilgan. Insonning barcha tabiiy instinktlari hayotga qaratilgan. Keng ma’noda davlatdan talab qilinadigan yagona narsa — xalqning yashashi uchun sharoit yaratishdir.

Tabiiy hayot tarzida o‘lim ham tabiiylashadi, zero tabiiy o‘lim — tabiiy hayotning so‘nggi. Insonning yashash huquqini kafolatlamaydigan va ta’minlamaydigan davlat o‘zining bosh maqsadini — inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini tan olish, ularga rioya qilish va ularni himoya qilish vazifasini bajarmayotgan bo‘ladi. Insonning yashash huquqini kafolatlamaydigan va ta’minlamaydigan davlat insonni, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida inkor etadi.

**Sudya:** Sudlanuvchi, o‘lim jazosi haqida gapirmoqchimisiz?

— Bu nutqda gap har doim ham qatl deb atalmaydigan o‘lim haqida ketyapti.

**Sudya:** Sudlanuvchi! So‘nggi so‘zingizni kotib qanday yozishini tasavvur qilyapsizmi o‘zi?

— Sudya janoblari, kotibga matnning to‘liq nusxasini taqdim etishga va’da beraman.

**Sudya:** Bu so‘nggi so‘z emas, qanaqadir monografiya-ku.

— So‘nggi so‘zlar har xil bo‘ladi, sudya janoblari. Davlat…

**Sudya:** Davlat haqida gapirmang.

— Lekin meni davlat sud qilyapti, sudya janoblari. Menga qarshi jinoyat ishini ham davlat qo‘zg‘atgan. Shuning uchun ham men davlat haqida gapiryapman, chunki u bu ishda shunday iz qoldirdiki, kelajak avlod davlat arboblari oldida ulkan ishlar turibdi.

**Sudya:** Sizning jinoyat ishingiz hali ko‘rib chiqilmadi.

— Shuning uchun ham men sizning qarshingizda so‘nggi so‘zim bilan turibman, sudya janoblari.

**Sudya:** Siz tushunchalarning o‘rnini butunlay almashtirib yuboryapsiz.

— Insonning yashash huquqini kafolatlamaydigan va ta’minlamaydigan davlat insonni, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida inkor etadi. Insonning yashash huquqini kafolatlamaydigan va ta’minlamaydigan davlat insonning yashash huquqini himoya qilayotgan odamlarga qarshi sud jarayonlarida ayblovchiga aylanadi. Ayollar ularni qanday kelajak — tinchlik yoki urush — kutayotganini tushunolmay, farzand ko‘rishdan qo‘rqadigan mamlakatda o‘limning himoyachisi va yo‘lboshchisiga aylanadi.

**Prokuror Anna Goryacheva norozi ohangda bosh chayqab, ko‘zlarini yuqoriga qaratadi.**

Mamlakatimizning yangi va eng yangi tarixi, sanoqli o‘n yilliklarni istisno qilganda, urushdan-urushga o‘tish tarixidir: o‘tgan urush snaryadlaridan hali tozalab ulgurilmagan zamin uzra yangi yong‘inlar o‘rmalaydi. Zamin bir urushning yarasiga malham qo‘yib ulgurmasidan, boshqasi boshlanadi.

Bir urushda halok bo‘lganlarning mo‘’jiza sabab dunyoga kelgan farzandlari, nabira va evaralari keyingi urushlarda qurbon bo‘ladi. Hayot aylanasi uzilib, o‘lim girdoblariga aylanadi. Hayot aylanalarini saqlab qolishga uringanlarga qarshi esa o‘limni oqlovchi bahonalar bilan “tikilgan” jinoiy ishlar qo‘zg‘atiladi. Bu qip-qizil iplar, mohiyatan, XX asr jinoyat ishlarining qon va ko‘z yoshi bilan sug‘orilgan muqovalarining bevosita davomidir.

Yigirmanchi asrda mamlakatimizda qatag‘onlar avj olishining eng muhim omillaridan biri kuchishlatar tuzilmalarning amaldagi siyosiy hokimiyat bilan birlashib ketishi bo‘ldi. Kuchishlatar tuzilmalarning siyosiy hokimiyat institutlari bilan birlashishi va bevosita bog‘lanishi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni nafaqat qatag‘onning harakatlantiruvchi mexanizmiga, balki siyosiy, mafkuraviy, sinfiy, ijtimoiy, diniy, milliy adovat va nafrat alomatlari bo‘yicha butun bir tabaqalar qatag‘onga uchragan paytda qatag‘on qilinuvchilarning aniq ismlari va butun boshli ro‘yxatlarini ham belgilab beradigan kuchga aylantirdi.

Qatag‘onlarni tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi tuzilmalar jinoyat huquqi normalarini, bu normalarning (odatda, haddan tashqari keng) talqinini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini o‘zlariga moslab shakllantirdi. Bu amaliyot butun mamlakat bo‘ylab yoyilib, muayyan tergovchilar, prokurorlar va sudyalarning yangi “ixtiro”lari bilan boyib bordi. Siyosiy qatag‘on mashinasi shunday tuzilgan ediki, hatto oddiy bir tergovchi ham inson taqdiri yuzasidan siyosiy qaror qabul qila olardi. Qatag‘on vertikali uning har qanday darajasida mutlaq o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘yish imkoniyati mavjudligiga asoslangan edi. Sud esa ayblov hukmlarini muhrlab beruvchi vositaga aylanib qolgandi.

Qatag‘on mashinasi har qanday sabab bilan, jumladan, atayin qilingan yolg‘on chaquv tufayli ham repressiya girdobiga tushib qolgan har qanday odamning aybdorligi prezumpsiyasiga tayangan holda ishlardi. “Organlar adashmaydi” degan ibora aynan o‘sha paytda paydo bo‘lgan edi. 1953-yilda Stalin vafot etgach, qatag‘on mashinasi to‘xtatilganda, SSSR siyosiy rahbariyatining ilk qarori kuchishlatar idoralarni siyosiy hokimiyatdan mahrum qilish bo‘ldi. Bu o‘zboshimchalikni butunlay to‘xtatmagan bo‘lsa-da, uni sezilarli darajada chekladi. Aynan siyosiy qarorlar tufayli reabilitatsiya jarayoni boshlandi: avval ayblov hukmlarini, jumladan, o‘lim jazosini tayinlagan o‘sha sudlar va sudyalarning o‘zi endi jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlov hukmlarini chiqara boshladi. Faqat endi odamlarga hayotini, sog‘lig‘ini va vaqtini qaytarib bo‘lmasdi.

2021-yildan so‘ng mamlakatimizdagi kuchishlatar tuzilmalarga amalda siyosiy hokimiyat vakolatlari berildi va bu huquqsizlik, qonunsizlik hamda o‘zboshimchalikning keskin kuchayishiga olib keldi. Kuchishlatar tuzilmalarga siyosiy hokimiyat, ya’ni siyosiy qarorlar qabul qilish huquqining berilishi Rossiya sudlarini mustaqillikdan mahrum qildi. Sudlarning mustaqillikdan mahrum etilishi esa sud hokimiyatining oliy hokimiyat sifatidagi mavqeiga putur yetkazadi.

XXI asrda mamlakatimizda yaratilgan repressiv qonunchilik Rossiya huquqni muhofaza qilish va sud tizimi faoliyatining mohiyati, maqsad va vazifalarini buzib ko‘rsatdi. Inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini bevosita kamsitadigan va bekor qiladigan qonunlar, o‘zining asl mazmun-mohiyatiga ko‘ra, davlat tomonidan fuqarolarni huquqdan tashqari ta’qib qilish quroliga aylandi. Huquq va qonun bir-biridan butun postsovet davrida hech qachon kuzatilmagan darajada uzoqlashib ketdi. Huquqqa zid qonun davlatni zang metallni yemirganidan ham tezroq yemiradi.

Tinchlikparvar, zo‘ravonlikka qarshi va insonparvar e’tiqodlari uchun odamlarni ta’qib qilish minglab jinoyat ishlarining predmetiga aylandi. O‘zgacha fikrlashni bostirish va jamiyatda qo‘rquvni qayta uyg‘otish minglab jinoyat ishlarining vazifasi bo‘lib qoldi.

Bir kishini qamashadi-yu, millionlab odamlarning yuragiga qo‘rquv o‘rmalaydi. Huquq-tartibot idoralari harakatlaridan jamiyatda qo‘rquvning yoyilishi odamlarning ushbu tuzilmalarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib yubordi. Odamlar kuch ishlatar tuzilmalar xodimlaridan qo‘rqadigan, ularni o‘z manfaatlari, huquq va erkinliklarining himoyachisi emas, balki ehtimoliy xavf manbai sifatida ko‘radigan bo‘lishdi.

Kuch ishlatar tuzilmalarining vijdonli xodimlari bunday o‘zgarishlarni qay darajada og‘ir qabul qilishini yaxshi bilaman.

Mamlakatda real ijtimoiy xavfli qilmish hisoblangan jinoyat tushunchasining o‘ziyoq buzib ko‘rsatildi. Yangi qonunlarga ko‘ra, o‘zining tinch e’tiqodini erkin ifodalash, inson qadr-qimmatini himoya qilib chiqish, zo‘ravonlikka qarshi norozilik bildirish, yolg‘onga rozi bo‘lmaslik, odamlarga hamdardlik, achinish, marhamat ko‘rsatish jinoyatga aylanib qoldi. Ezgulik ta’qib ostida, illatlar esa rag‘batlantirilib, ulug‘lanmoqda.

Chaqimchilik va ochiqdan-ochiq yolg‘on guvohlik berish eng asosiy dalilga aylandi. Minglab jinoiy ishlar esa odamlarni ta’qib qilish, ularga tuhmat qilish, kasbini taqiqlab, ijtimoiy va siyosiy hayotdan siqib chiqarish quroliga aylantirildi. Davlatning o‘zi o‘ylab topgan “jodugarlar” ovi shaxsiy xusumatga, yaqinlari va qarindoshlariga sadizm darajasida azob berish istagiga aylanib ketdi. Mohiyatan, bu — inson shaxsiyatini yo‘q qilish qurolidir.

Ta’limi va kasbiy tayyorgarligi uchun davlat yuz millionlab rubl sarflagan minglab kuchishlatar tuzilmalar xodimlari ish vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, fikrlar-u so‘zlar, postlar, repostlar, rasmlar, videolar, layk va izohlarni “ovlamoqda”. Muvaffaqiyatli “ov” uchun unvon, lavozim, tashakkurnoma, mukofot va mansabda ko‘tarilish va’da qilingan. Obro‘ga putur yetish xavfi ko‘pincha hayot uchun xavfdan ham dahshatliroq. Lekin xodimlar “odam ovi” qizg‘in pallada bu haqda o‘ylamaslikka urinishadi.

Jabrlanuvchisi ham, huquqiy oqibati ham bo‘lmagan butun bir jinoyatlar to‘dasi paydo bo‘ldi. Davlat o‘zini, ya’ni amaldagi hokimiyatni jabrlanuvchi deb hisoblaydi-yu, uyalganidan bu haqda og‘iz ochmaydi.

Hokimiyatning noto‘g‘ri talqin qilingan obro‘si ana shu yangi qonunlarning himoya obyektiga aylandi. Hokimiyat go‘yo o‘zini o‘zi ag‘darayotgandek. U insonni emas, o‘zini davlatning oliy qadriyati deb tan olmoqda. Bu juda sharmandali hol. Biroq buni faqat azob-uqubat va zo‘ravonlik nima ekanini biladigan insongina his qila oladi.

Yangi qatag‘on qonunlari jangovar harakatlar ishtirokchilaridan qaysi birining hayotini saqlab qolishga yordam berdi? Kimning yaqinlarini asrab qoldi? Kimga sharaf va qadr-qimmatini saqlab qolishga imkon berdi? Yangi qatag‘on qonunlari Rossiya sud tizimiga eng vayronkor zarba berdi.

Sudlar bor — odil sudlov yo‘q. Sud hokimiyatining yemirilishi davlatning o‘zini yo‘q qilish bilan barobardir. Odil sudlovning yo‘qligi — davlatning inson va fuqaro huquq hamda erkinliklarini sud orqali himoya qilishdan voz kechganidan dalolat. Men umid qilardimki, hozirgi ayblovchilarning farzandlari aqlli, halol, mehribon, adolatli va olijanob bo‘lib yetishsin. Ertami-kechmi ular ota-onalaridan hozirgi davrda mamlakatimizda nimalar va nima sababdan sodir bo‘lganini, kim qayerda kim bo‘lib ishlaganini, nimalar qilganini, nimalarga erishganini, jamiyat hayotiga qanday hissa qo‘shganini so‘rashadi. Har bir inson uchun o‘z hayotini oqlay olishi (“opravdaniye”) muhim: oqlanish “haqiqat” (“pravda”) so‘zidan olingan. Zero, faqat haqiqatgina hayotga mazmun bag‘ishlaydi. Bordi-yu, hayotda haqiqat bo‘lmasa, inson oliy mahkama oldida nima deydi?

Yangi qatag‘on qonunchiligi mamlakatimizda siyosiy, mafkuraviy va milliy adovat hamda nafratni kuchaytirib, Rossiya jamiyatini parchalab, fuqaroviy tinchlik kurtaklarini yo‘q qilmoqda. Ayblovchilar zamoni davlat va uning siyosati tarafdorlarini nafaqat hamisha haq qilib, balki davlat siyosatini, jumladan, urush va tinchlik masalalarida ham, yoqlamaydiganlarni kuch bilan bostirish huquqiga ega qilib ko‘rsatmoqda. Davlatga tinch yo‘l bilan norozilik bildirish qonunchilikda ham, huquqni qo‘llash amaliyotida ham jinoiylashtirildi. Fuqaroviy muloqot va bahs-munozaralar o‘rnini Jinoyat kodeksi, tergov idoralari va sudlar egalladi. Davlat siyosati haqligining isboti noroziligini ochiqchasiga bildirganlar uchun ozodlikdan mahrum etish yillari bilan, noroziligi haqida sukut saqlaganlar uchun esa bo‘g‘uvchi qo‘rquv to‘lqinlari bilan o‘lchanmoqda.

Yangi qatag‘on qonunlari Rossiya jamiyatini yana sinfiy jamiyatga aylantirib, uni bir asr ortga qaytarmoqda. Sinfiy jamiyat hamisha hukmron sinf diktaturasiga, davlat hokimiyatini yakka o‘zi egallab olgan va bu hokimiyatni o‘z manfaatlari yo‘lida suiste’mol qiladigan odamlar tabaqasiga tayanadi.

Buyruq beruvchi o‘zidan boshqa hech kimni eshitmaydi. Agar bunday davlatning diqqat markaziga uning siyosatiga qo‘shilmaydigan odam tushib qolsa, davlat bu odamni muloqotdagi hamkor sifatida emas, balki dushman sifatida qabul qiladi va unga maxsus ishlab chiqilgan qonunchilik nishoni ostidan qaraydi.

Mamlakatdagi fuqarolik muloqoti uchun sharoitlarni faqatgina davlat yo‘q qilishi mumkin. Fuqarolik muloqoti — jamiyatning tabiiy holati. Biroq inson huquq va erkinliklari buzilsa, fuqarolik muloqoti imkonsiz bo‘lib qoladi. Davlat qo‘rquv muhitini yaratgan joyda odamlar gapirmaydi. Fuqarolik muloqotisiz esa mamlakatda fuqarolik tinchligiga erishib bo‘lmaydi.

Davlat tomonidan nafrat va adovat kuchayishiga sharoit yaratilishi jamiyat uchun eng xavfli jarayonni — odamlarning insoniy qiyofasini yo‘qotish jarayonini boshlab beradi. Nafrat va adovat insoniylikdan judo qiladi.

Insoniy qiyofasini yo‘qotish odamlarda shafqatsizlik va murosasizlikni uyg‘otadi. O‘z haqiqatini shunchaki kuch bilan emas, balki davlatning repressiv mexanizmlari yordamida isbotlashga tayyorlik paydo bo‘ladi. Gapirish va bahslashish zarurati o‘rnini insonni o‘z fikri va so‘zlari uchun jazolash imkoniyati egallaydi.

Insoniy qiyofasini yo‘qotganlarning tili nafrat tiliga aylanadi. Bunday til fuqarolik muloqotini imkonsiz qiladi. Nafrat tili bilan hamdardlik va marhamatga erishib bo‘lmaydi. Davlat jamiyatning ma’naviy holati uchun to‘la-to‘kis javobgardir. Inson va fuqaro huquqlari hamda erkinliklari siqib chiqarilgan davlat siyosati omborlarida yovuzlik urug‘i eng tez unib chiqadi.

Sinfiy jamiyat qay ahvolga tushib qolishi mumkinligini mamlakatimiz XX asrdagi siyosiy jarayonlar va ularga hamroh bo‘lgan buyurtma mitinglar misolida ko‘rib bo‘lgan. Odamlar boshqa odamlardan ochiqchasiga nafratlangan va buni o‘z fuqarolik burchini bajarish deb bilgan. Davlat insonning siyosiy va axloqiy tubanlashuvini rag‘batlantirgan. U aynan ana shunday nafratdan aynigan kimsalarni o‘ziga tayanch deb bilgan. Aynan shunday odamlarni manipulyatsiya qilishni va boshqarishni istagan.

Millionlab shaxsiy va oilaviy fojialar nafrat va adovat muhitida sodir bo‘ldi. Millionlab taqdirlar bir umrga izdan chiqdi. Davlat o‘zining bor resurslarini nafrat va adovat qo‘rg‘onlarini qurishga sarfladi. Lekin, oxir-oqibat, bundan hech narsa chiqmadi. Insonning tabiiy fitrati yolg‘on va zo‘ravonlikka asoslangan davlatning o‘ziga yot bo‘lgan ko‘rsatmalarini rad etdi. Odamlar psixologik darajada hokimiyatni qo‘llab-quvvatlamay qo‘ydilar. Shundan so‘ng mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy tuzum o‘zgardi.

Biz hozir qayerdamiz? Ortga qaytib bo‘lmas nuqtadan o‘tib bo‘ldikmi? Yoki Rossiya jamiyati ham insoniylikni saqlab qolish, ham o‘z vazifasidan yuz o‘girgan davlat siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun o‘zida kuch topa oladimi?

Qatag‘on tarafdorlari va tashkilotchilari repressiv siyosat abadiy — yoki, harholda, o‘zlarining umri davomida — hukm suradi, deb hisoblaydi. O‘z hayotidan keyin nima bo‘lishi esa, odatda, ularni tashvishga solmaydi. Huquqsizlik, shafqatsizlik va nafrat urug‘ini sochuvchi kimsalar kelajak haqida o‘ylashni yoqtirmaydi, chunki inson kelajak haqida o‘ylaganda o‘zini emas, boshqalarni o‘ylaydi. Shafqatsizlik va nafrat esa hamisha hozirgi zamonga, o‘zlari cheksiz hukmronlik qilayotgandek tuyulgan buguniga mahliyo bo‘ladi.

Ayblovchilar doim tarixga nuqta qo‘yishni istaydi. Lekin tarixning buyuk va hayotbaxsh kuchi shundaki, u hech qachon tugamaydi.

O‘ttiz besh yil ichida Rossiya ruhlanishdan umidsizlikka, umiddan xafsalasi pir bo‘lishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Kutilmagan ozodlikdan his etilgan zavqdan to ozodlikdan qo‘rqishgacha. Bugungi kunimiz ana shu noumidlik, hafsalasi pir bo‘lish va qo‘rquvdan unib chiqdi: bugun insonni oliy qadriyat deb bilganlar ozodlikdan mahrum.

O‘zinikidan boshqa har qanday inson hayotini bir pulga olmaydiganlar esa davlat nomidan ish ko‘rmoqda. Buni ko‘rish va anglash ma’nan og‘ir. Ammo bugun biz ayni shu nuqtadamiz.

Tariximiz shunday kechdi. Bu falokatning — bu haqiqiy milliy fojianing sabablari haqida ko‘p gapirildi va hali yana gapiriladi. Mamlakat bizni bugungi kunga olib kelgan yo‘ldagi har bir qadamni qayta sanab, o‘tgan o‘n yilliklar sahifalarini yilma-yil varaqlashi kerak bo‘ladi. Bu ikki tarafini qamoqxona kameralari va qabr chuqurlari egallagan keskin yo‘nalishni nihoyat o‘zgartirish uchun ham zarur.

Rossiya tinchlik va ozodlik uchun keragidan ortiq to‘lab bo‘ldi. Lekin, aftidan, hali yana to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Oldinda bizni yangi tarixiy imkoniyatlar darchasi kutmoqda. U qachon ochilishini, nur qachon zulmatni chekintirib, tarqatib yuborish uchun yetarlicha kuchga to‘lishini bilmaymiz. Biroq bu muqarrar yuz beradi, chunki tarix qonunlari, xuddi tabiat qonunlari kabi, o‘tkinchi hukmdorlar irodasidan kuchliroq. Tarixda hali hech kim vaqtni aldashga muvaffaq bo‘lgan emas.

Ezgulikdan farqli o‘laroq, yovuzlik uchun abadiyatga yo‘l yo‘q.

Biz bugungi ayblovchilarimizga, yurtimizga tinchlik va ozodlik zamoni kelganida, bir narsani o‘rganishni taklif qilamiz…

**Sudya:** “Biz” deganingiz kim? O‘zingiz haqingizda gapiryapsizmi?

— Men hozirgi ayblovchilarimga bittagina qo‘shiqni — ona o‘z farzandiga baxtli hayot va’da qiladigan allani o‘rganishni taklif qilaman.