Texnologiya

Tesla Xitoydan qariyb 3 mln avtomobilini chaqirib oladi

Tesla Xitoyda qariyb 3 millionga yaqin elektromobilini qaytarib olmoqda, bu mamlakat tarixidagi eng yirik avtomobil chaqirib olish kampaniyalaridan biri hisoblanadi, deb xabar beradi Reuters.

Bu chaqirib olish Xitoyda ishlab chiqarilgan va import qilingan Model 3, Model Y, Model S hamda Model X avtomobillarini qamrab oladi va 25-sentyabrdan boshlanadi.

Xitoy regulyatorining ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi Tesla avtomobillarida salon ichidagi favqulodda mexanik eshik ochgichlari interyer rangiga juda o‘xshash bo‘lgani sababli ularni tezda topish va ishlatish qiyin. Kuchli to‘qnashuv natijasida avtomobilning past kuchlanishli elektr tizimi ishdan chiqqan taqdirda, bu yo‘lovchilarning mashinadan chiqishini yoki qutqaruvchilarning eshikni ochishini qiyinlashtirishi mumkin.

Ushbu muammoni hal qilish uchun Tesla avtomobillarga ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatadi. Bundan tashqari, masofaviy OTA yangilanishi orqali avariyadan keyin oynalarni avtomatik tushirish funksiyasi qo‘shiladi.

Chaqirib olish doirasiga 973 mingdan ortiq Model 3 va 1,95 milliondan ziyod Model Y, shuningdek, qariyb 35,6 ming import qilingan Model 3, 8,3 ming Model X va 2,1 ming Model S kiradi.

**Yana 2,74 million Tesla avtomobilida boshqa muammo aniqlangan**

Bundan tashqari, Xitoyda ishlab chiqarilgan 2,74 million dona Model 3 va Model Y avtomobillarida haydovchining e’tiborini nazorat qilish tizimi yetarli emasligi aniqlangan.

Regulyatorga ko‘ra, avtomobil yordamchi boshqaruv rejimiga o‘tganda mavjud tizim haydovchi yo‘ldan ko‘zini uzganini yetarlicha samarali aniqlamaydi. Bu haydovchi o‘z vaqtida boshqaruvga aralashmasa, to‘qnashuv xavfini oshirishi mumkin.

Tesla ushbu avtomobillarning dasturiy ta’minotini ham masofadan yangilaydi. Yangilanish ruldagi bosim nazoratiga qo‘shimcha ravishda salon kamerasi orqali haydovchining e’tiborini kuzatishni kuchaytiradi. Ko‘pchilik avtomobil egalari servis markaziga borishi shart bo‘lmaydi.

**Xitoyda jami 4,3 million avtomobil chaqirib olinmoqda**

Tesla bilan birga Xiaomi, Leapmotor, Xpeng, Geely va yana bir nechta ishlab chiqaruvchilar ham favqulodda holatda eshiklarni ochish bilan bog‘liq xavflar sabab avtomobillarini chaqirib olmoqda. Jami kampaniya qariyb 4,3 million avtomobilni qamrab olgan va Xitoy tarixidagi eng yirik avtomobil chaqirib olish holati hisoblanadi.

Muammo elektron yoki yashirin eshik tutqichlari bilan bog‘liq bir nechta avariyalardan so‘ng jiddiy e’tiborga tushdi. Xitoy OAV 2025-yilda Xiaomi SU7 avtomobili halokatga uchrab yonib ketganida tashqaridagi odamlar eshiklarni ocha olmagani sabab haydovchini qutqarishning imkoni bo‘lmaganini xabar qilgandi.

Xitoy 2027-yildan yashirin eshik tutqichlarini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bunday dizaynni ommalashtirgan kompaniyalardan biri Tesla bo‘lib, keyinchalik uni ko‘plab Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilari ham qo‘llay boshlagan.

**Tesla avval ham Xitoydan millionlab avtomobilini chaqirib olgan**

2024-yil yanvarida Tesla haydovchiga yordam beruvchi tizimdagi muammo sabab Xitoydagi 1,6 milliondan ortiq elektromobilini chaqirib olgan edi. Nosozlik to‘qnashuv xavfini oshirishi mumkinligi aytilgan va uni dasturiy yangilanish orqali bartaraf etish rejalashtirilgan.

O‘sha yilning avgustida kompaniya Xitoyda sotilgan yana 1,68 million avtomobilini yukxona eshigi bilan bog‘liq nosozlik sabab chaqirib olgan. Muammo old yukxona qopqog‘i to‘liq yopilmay, harakat vaqtida ochilib ketishi mumkinligi bilan bog‘liq edi.