Mahalliy

“Texnopark Artel boshqaruviga berilmagan” — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

Texnopark MCHJ Artel boshqaruviga berilmagan, uning 100% ulushi Toshkent shahri hokimligiga tegishli, deya ma’lum qildi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov. Uning so‘zlariga ko‘ra, korporativ qarorlar uchun kelishuv hujjatlari shu paytgacha hokimlik tomonidan taqdim etib kelingan.

“Texnopark Artel boshqaruviga berilmagan” — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sohibjon Murodov Toshkentdagi Texnopark MCHJ yaqinda Artel kompaniyalar guruhi boshqaruviga topshirilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. U bu fikrlarni 8-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirdi, deya xabar beradi Gazeta muxbiri.

Idora rahbarining aytishicha, korxonaning 100 foizlik davlat ulushi to‘liq Toshkent shahri hokimligiga tegishli bo‘lib, u rasman hech qaysi xususiy kompaniya boshqaruviga berilmagan.

“Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ayrim davlat aktivlari bo‘yicha muassislik va aksiyadorlik vakolatlari maxsus qarorlar asosida alohida organlarga topshiriladi. Masalan, dehqon bozorlaridagi davlat ulushi mahalliy hokimliklarga, yirik davlat banklari va strategik korxonalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, IT sohasidagi ayrim aktivlar esa Raqamli texnologiyalar vazirligiga biriktirilgan.

“Texnopark bevosita Toshkent shahri hokimligi tomonidan tashkil etilgan. Shu sababli uning 100 foiz ulushdori hokimlik hisoblanadi va bugungi kunda u boshqaruvga berilmagan. Menga taqdim etilgan hujjatlar va mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, boshqaruvni Toshkent shahri hokimligi amalga oshirmoqda”, — dedi DABA rahbari.

Sohibjon Murodovning qo‘shimcha qilishicha, maxsus vakil sifatida hokimlik yoki vazirliklar korporativ qarorlar qabul qilishdan oldin agentlik bilan kelishishi kerak. Shu kelishuv amaliyoti doirasida so‘nggi sakkiz oy davomida Texnopark MCHJ bo‘yicha hujjatlar aynan Toshkent shahri hokimligi tomonidan taqdim etib kelingan.

“Shunaqangi savollar bo‘lmasligi uchun aytaman, rasmiy hujjat bilan u boshqaruvga berilmagan. Balkim hamkorlikda ishlagan bo‘lishi mumkin, men uni bilmayman”, — deya ta’kidladi u.

DABA rahbari, shuningdek, hozir Texnopark faoliyatini moliyaviy sog‘lomlashtirish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va eskirgan yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Ushbu reja bir yarim oy ichida jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Bundan tashqari, Sohibjon Murodov turli davlat idoralari va hokimliklar o‘rtasida tarqoq holda turgan davlat ulushlarini bir joyga jamlash ishlari olib borilayotganini ham qo‘shimcha qildi. Maqsad kelajakda mulkchilik va boshqaruv shakli bo‘yicha tushunmovchiliklar hamda ortiqcha savollarning oldini olish, shuningdek, jamoatchilikka shaffof ma’lumot taqdim etishdan iborat.

“Shunaqangi savollarning oldini olish va biz jamoatchilikka to‘g‘ri javob berishimiz uchun, ma’lumotlar qo‘limizda bo‘lishi uchun biz ulushlarni jamlayapmiz hozir. Ya’ni, shunaqangi tarqoq bo‘lib turgan aktivlardagi davlat ulushlarini DABA muassis vazifasini bajarishi nuqtai nazaridan o‘tkazyapmiz”, — dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori.